Qandli diabet — xalq orasida “saxar” deb aytiladigan kasallik tanada uglevod va suv almashinuvining buzilishi oqibatida yuzaga keladi.
Bugungi kunda ushbu xastalikka chalinganlar soni ko‘payib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qandli diabet kasalligi tobora yosharib bormoqda. Hozirda yer yuzi aholisining qariyb 7 foizi ushbu darddan aziyat chekyapti. Bu esa, o‘z navbatida, kasallikning oldini olish dolzarbligini ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, diabetni keltirib chiqaruvchi omillar orasida nosog‘lom turmush tarzi asosiy o‘rinni egallaydi. Bu borada fuqarolarning bilimlarini oshirish maqsadida 14 noyabr — Xalqaro diabetga qarshi kurashish kuni sifatida belgilangan.
Ayni kunlarda O‘zbekiston “Adolat” SDP Andijon viloyat kengashi tomonidan “Diabetning oldini olamiz” shiori ostida aksiya o‘tkazilmoqda. Bundan maqsad ushbu kasallik haqida jamoatchilikning tibbiy madaniyatini oshirish, kasallikning kelib chiqish sabablarini tushuntirish, oldini olish va eng asosiysi aholini sog‘lom hayot kechirishga chaqirishdan iborat.

Andijon shahrida tashkil etilgan tadbirga “Navbahor” va “Do‘stlik” MFY aholisi, shu hududdagi 31-maktab jamoasi taklif etildi. Dastlab ishtirokchilar uchun sog‘lom hayot bilan diabetdan saqlanishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Shifokorlar kasallikdan saqlanish, diabetga chalinganda o‘z vaqtida davolanish lozimligi, nosog‘lom hayot kasallikni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri ekanligi to‘g‘risida tushuncha berildi. Shu bois, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish lozimligi, bu inson salomatligi uchun foydali ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Akademik To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon filiali rahbarining o‘rinbosari Iqboljon Ibrohimov aholining tibbiy madaniyatini oshirish, aholi orasida bu kabi targ‘ibot tadbirlarini ko‘proq o‘tkazish lozimligini alohida ta’kidladi. Aholi salomatligini mustahkamlashga birgina tibbiyot xodimlarining kuchi bilan erishib bo‘lmasligini qayd etib, partiyaning ushbu tashabbusini keng qo‘llab-quvvatladi.
Tadbir davomida 300dan ortiq ishtirokchilarning 85 nafarida qon tahlili o‘tkazildi. Ular orasida 2 nafarida kasallik aniqlandi, 55 nafarida kasallikka moyillik kuzatildi. Ularni sog‘lomlashtirish ishlari olib boriladigan bo‘ldi.
Shuningdek, aksiya doirasida boshqa kasalliklarning ham oldini olish maqsadida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Bunda tug‘ish yoshidagi ayollarga alohida e’tibor qaratildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA