Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qanday ta’lim muassasalari direktorlaridan menejerlik kurslarida o‘qish talab etilmaydi?
14:47 / 2024-01-16

A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan umumta’lim maktablar direktorlari lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini berish tizimi joriy etilmoqda. Menejerlik kurslariga o‘qish uchun nomzodlar kamida bakalavr darajasiga hamda maktab direktorlari uchun belgilangan malaka talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.

Xo‘sh,  menejerlik sertifikatiga ega bo‘lish talabi qanday ta’lim muassasalari direktori lavozimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi?  

Maxsus savol yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova quyidagilarni gapirib berdi:  

– Mutaxassis ma’lumotiga ko‘ra, Prezident maktablari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablar,jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bo‘lgan  bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablarning direktorlari uchun menejerlik sertifikatiga ega bo‘lish talabi tatbiq etilmaydi.    

Joriy yilning 16 yanvaridan boshlab menejerlik kursida ta’lim olish uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlandi.  Buning uchun nomzodlardan maxsus portal (manager.uzedu.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tib, kurslarda ishtirok etish uchun ariza yuborishlari talab etiladi.   Menejerlik kurslari 2024 yil 1 fevraldan boshlanadi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA