Qanday inson “halollik vaksinasi” bilan “emlangan” hisoblanadi?
Korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy toʻsiqlardan biridir.
Korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy toʻsiqlardan biridir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida haqli ravishda taʼkidlab oʻtganlaridek: “Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga oʻtishimiz kerak”.
Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etib oʻtgan fikr-mulohazalarining amaliy ifodasi sifatida sohani tartibga soluvchi qator qonun hujjatlari qabul qilindi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
farmoni qabul qilinib, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining yangilangan tarkibi va Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiyasi tasdiqlandi.
Shuningdek, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida joriy yilning 29-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qayd etilgan normativ-huquqiy hujjatlarga asosan, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul boʻlgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblangan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunuvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Qayd etilgan huquqiy islohotlardan kelib chiqib taʼkidlash lozimki, jamiyatimizning barcha aʼzolari bilan bir qatorda davlat xizmatchilari tomonidan oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishlarini oldini olish maqsadida ularda halollik xususiyatini shakllanganligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Professor M.Pardayevning fikricha, “halollik vaksinasi” tarkibiga inson qalbidagi imon, boshidagi aql, qalbida joylashgan vijdon hamda ularning birgalikda hamjihatlikda harakati tufayli, yoniga ilmni olib, hasad va jahlni hayday olish qobiliyatining shakllanganligi kiradi. Farzandlarimizni imon-eʼtiqodli, oqibatli, aqlli, ilmli, vijdonli qilib tarbiyalasagina, halollikka erishadigan “halollik vaksinasi” bilan emlagan boʻlamiz.
Aytish joizki, halollikning oʻzi mamlakat taraqqiyotiga gʻov boʻlib kelayotgan eshiklarni ochib, insonlarning vijdonini uygʻotib, qalblarini tozalaydi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bu haqda haqli ravishda taʼkidlab oʻtganlaridek: “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz”.
Zero, halollik mavjud boʻlgan tizimda rivojlanish bilan birgalikda davlat xizmatchilarining faoliyati ham samarali va natijali boʻladi. Bunda eng muhim jihat, shaffof va ochiq ruhdagi sogʻlom muhitni taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Davlat tizimida faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilari vijdonan va halollik bilan faoliyat yuritishmasa, tizim inqirozga yuz tutishi muqarrar.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, jamiyat hayotida korrupsiya deb atalmish illat oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaganidek, “halollik vaksinasi” ham birdaniga shakllanmaydi albatta. Bunda, insonning bolaligidan ongu-shuuri va qalbida huquqbuzarliklarga qarshi immunitetni shakllantirilishi hamda oilada vijdon va halollik tarbiyasi tizimli amalga oshirilishi, oʻz navbatida odamlarning kelgusida korrupsiyaga yoʻl qoʻymasliklari taʼminlanishiga erishiladi.
Dildora Bozorova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat-protsessual huquqi va
kriminalistika kafedrasi mudiri