Qanday hollarda YPX xodimi haydovchilik guvohnomasini olib qoʻyishi mumkin?
Dolzarb savolga tezkor javob
Mazkur savolga Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara Oʻrinboyeva javob berdi:
-Agar qonunchilikda sodir etilgan huquqbuzarlik uchun transportni boshqarish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazo qoʻllash belgilangan boʻlsa, haydovchilik guvohnomasini YPX xodimi olib qoʻyishi mumkin. Boshqa hollarda haydovchilik guvohnomasini olib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyilganda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga, shuningdek haydovchilik guvohnomasining taloniga tegishli yozuv kiritiladi va talon haydovchiga qaytarib beriladi.
Masalan: xavfsizlik kamari taqmaganlik uchun haydovchilik guvohnomasini olib qoʻyish mumkin emas.
Mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun esa haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyiladi chunki, bunday huquqbuzarlik uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi belgilangan.
Fuqarolarga eslatib oʻtish kerakki, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish chorasi faqat sud tomonidan qoʻllaniladi.
Shuningdek, yurtimizda karantin eʼlon qilinganligi sababli, fuqarolar oʻzining shaxsiy avtotransport vositalarida kunning belgilangan vaqtidagina maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishi mumkin.
Qolgan vaqtlarda esa Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazlaridan berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)larga ega boʻlgan holda hamda avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarning roʻyxatida belgilangan asoslar boʻyicha avtotransport vositasida harakatlanish mumkin.
Maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar roʻyxatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqori Kengesi va VazirlarMahkamasi Kengashi raislari va ularning oʻrinbosarlari, hokimlar va ularning oʻrinbosarlarining faqat xizmat avtotransport vositalari keltirilgan. Lekin, hokimiyat xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalari ushbu roʻyxatda keltirilmagan.