Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qanday hollarda xotin-qizlarga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov talab etilmaydi?
13:30 / 2022-07-31

Jamiyatda siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi hamda taraqqiyoti ayollarga, oilaga bo‘lgan munosabat bilan bog‘liq. Sababi millatning o‘ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, shubhasiz, oilaning, oilada esa ayolning alohida o‘rni bor.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim muassasalarida tahsil olish istagidagi xotin-qizlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, yurtimizda xotin-qizlarning erkaklar bilan barcha sohada tengligini ta’minlashga, ularni ulug‘lash va qadrlashga, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy huquq tizimi yaratildi.

Prezidentimizning shu yil 18 iyuldagi “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ularning ijtimoiy-siyosiy hayotida yangi bir davr, yangi bir bosqichni boshlab beradi, desak mubolag‘a emas.

Mazkur qaror matni bilan tanishar ekanman, u keyingi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan eng muhim hujjatlardan biri ekaniga amin bo‘ldim. Zero, hujjatda qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 martdagi tegishli farmoniga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda ta’lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat byudjetidan mablag‘ ajratishning yangi tizimi joriy etilmoqda.

Ayniqsa, tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratishi, ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytarilishi ming-minglab qizlarning ayni dilidagi gap bo‘ldi. Bu ko‘p yillar davomida ta’lim olish istagida yurgan xotin-qizlarning orzularini ro‘yobga chiqarish uchun muhim qaror bo‘ldi.

E’tiborli tomoni, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkalarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, ularni tijorat banklariga to‘lash orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarori bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tijorat banklarining so‘rovlariga asosan kelgusida 14 foiz stavkada ta’lim krediti ajratish uchun ularga 10 foiz stavkada depozit mablag‘lari joylashtiriladi.

Jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun tijorat banklariga zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida Jamg‘armaga 1 ta Maktabgacha ta’lim vazirligi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan va 1 ta Moliya vazirligining umumiy shtat birliklari doirasida jami 2 ta shtat birligi ajratiladi.

O‘zbekistonda xotin-qizlarga oid davlat siyosatining hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgani quvonarli. Mana shu ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli bugungi kunda ayollarning barcha soha va tarmoqlardagi o‘rni va ta’siri yanada ortib boryapti.

Umuman olganda, bugungi kunda xotin-qizlarimiz siyosiy jarayonlarda nafaqat faol ishtirokchi, balki jamiyatimizning katta kuchiga aylanib bormoqda. Mazkur qaror va unda belgilangan vazifalarning so‘zsiz ijrosi shubhasiz, nozik xilqat vakillarining jamiyatdagi rolini yanada oshirish, ularni har bir sohada erkaklar bilan birga samarali faoliyat yuritishlariga xizmat qiladi.

Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati