Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar natijalariga ko‘ra, bugungi kunda aholining sog‘lig‘i, huquq va manfaatlarini, shuningdek davlat va jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida muayyan bozorlarda faoliyat yuritish uchun 67 ta tadbirkorlik sub’ekti va davlat tashkilotlarida 81 ta faoliyat turlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Eksklyuziv huquq aslida nima? Bu huquq qanday holatlarda tadbirkorlik sub’ektlari va davlat tashkilotlariga beriladi yoki bekor qilinadi?
Savollarga Raqobat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmonov javob berdi:
—Eksklyuziv huquq - bu xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va davlat tashkilotlariga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish) yoki sotish yoxud sotib olish, shuningdek, yagona operatorlik xizmatlarini ko‘rsatish uchun taqdim etilgan mutlaq huquq hisoblanadi.
O‘tgan davr mobaynida Prezidentimizning tegishli qarorlari bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida 24 ta tadbirkorlik sub’ektlari va davlat tashkilotlariga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 28 fevraldagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ro‘yxati shakllantirildi va e’lon qilindi.
O‘z navbatida, Raqobat qo‘mitasi eksklyuziv huquqlarni aniqlash bo‘yicha tahlillarni tizimli ravishda davom ettiradi.
Natijalar bo‘yicha mazkur eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
O‘zA muxbiri N.Rahmonova yozib oldi