Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qancha xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanmoqda?
20:02 / 2021-06-03

bugungi kunda xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi o‘rni va ishtirokini kengaytirish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda ilm-fan sohasiga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham xotin-qizlar masalasiga alohida to‘xtalib, «davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir», degan edi. 

Shuningdek, Murojaatnomada oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazish, a’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etish tashabbusi ilgari surilgandi.

Bugun o‘zbek ayoli nafaqat oila bekasi, hunarmand yoxud kasanachi, balki davlat idoralarida mas’ul vakil, rahbar, ilm-fan bilan mashg‘ul olima, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarda deputat va hokazo vazifalarni o‘z zimmasiga olib kelayotgan tinib-tinchimas vakilalardir.

Mamlakat taraqqiyotining zamini ilm-fan va innovatsiyalar ekanligi hech kimga sir emas. Bu yo‘nalishda ham o‘zbek xotin-qizlari ancha faol. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2 ming 456 nafar xotin-qiz ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega ayollar soni 271, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega ayollar soni 1 ming 411 nafarni tashkil etadi.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkazilib, 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshirilishi, ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qo‘shimcha 240 milliard so‘m ajratilishi alohida ta’kidlangan edi. 

Shuningdek, ilg‘or xalqaro amaliyot asosida dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli bo‘lgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga o‘tkazilishi qayd etilgandi.

Ilm-fan sohasidagi o‘zgarish va yangilanishlar, olimlik uchun bel bog‘lagan fidoyilarga yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida so‘nggi yillarda turli ilmiy darajalarga erishayotgan vakillar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Ular orasida xotin-qizlarning salmog‘i ham ortayotgani quvonarli hol. Zero, oila, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ladigan ayollarning ilm-fan bilan ham hamnafas bo‘lishi kelajak avlodlarning intellektual salohiyatli inson bo‘lib tarbiyalanishi, voyaga yetishida ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Bu boradagi raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2020-2021 yillarda oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini muvofiqlashtiruvchi Yagona elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tgan, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jami 2 ming 456 nafar xotin-qizning 1 ming 185 nafari tayanch doktoranturada, 80 nafari doktoranturada, 964 nafari PhD mustaqil izlanuvchilikda faoliyat olib bormoqda. Qolaversa, 110 nafar ayol DSc mustaqil izlanuvchi sifatida qayd etilgan, 117 nafar xotin-qiz stajyor-tadqiqotchilikka jalb qilingan.

2019-2021 yillar mobaynida xotin-qizlarning innovatsion ishlanmalari va startap loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha murojaatlarning 13 tasini moliyalashtirish uchun Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan 12 milliard 140 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. 

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2020 yilda e’lon qilingan «Olima ayollar grantlari» amaliy va innovatsion loyihalar tanloviga xotin-qizlar tomonidan umumiy qiymati 1,7 trillion so‘m bo‘lgan jami 111 ta ilmiy loyiha taqdim etilgan. Dastlabki texnik ekspertiza natijalariga ko‘ra, 40 ta loyihaga ijobiy xulosa berilgan hamda umumiy hajmi 10 milliard 450 million so‘mlik 9 ta loyiha moliyalashtirilgan.

Darhaqiqat, mamlakatimizda ziyolilar, ilm-fan fidoyilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini rivojlantirish, davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va faolligini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yaqin kelajakda o‘z mevasini ko‘rsatishi shubhasiz. Ilm bilan hamnafas oilaning, ilm-fan bilan mashg‘ul onaning, albatta, farzand kamoloti va ertasiga bo‘lgan ta’siri o‘z so‘zini aytadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA