Joriy yil o‘tgan davrida MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari 2 trillion 912 milliard 818 million so‘mlik 170 ming 396 ta ijro hujjatlari yuzasidan majburiy ijro harakatlarini olib borib, 1 trillion 790 milliard 330 million 500 ming so‘mlik 84 ming 914 ta hujjat ijrosini ta’minladi.
Bu haqda MIB viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlarining 2022 yil dastlabki olti oyida amalga oshirgan ishlari hamda aliment undiruvlari bilan bog‘liq ijro harakatlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, hisobot davrida davlat foydasiga undiruvlar bo‘yicha 29 ming 439 ta ijro hujjati tugatilib, davlatga yetkazilgan zararni qoplash, soliq qarzdorligi, davlat boji, jinoiy va ma’muriy jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq 223 milliard 951 million so‘m undirildi.
Viloyatda aliment va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undiruvi bilan bog‘liq 26 ming 5 ta ijro hujjati bo‘yicha majburiy ijro harakatlari olib borildi. Aliment to‘lovlarini oldindan to‘lab bergani, farzandlarining 18 yoshga to‘lgani, taraflar o‘zaro yarashgani sababli 3 ming 703 ta ijro hujjati tamomlandi. 1 ming 33 aliment to‘lovchi davlat ijrochilarining sa’y-harakatlari bilan yoki oila vakillarining o‘zaro yarashganligi uchun ularga aloqador ijro hujjatlari muddatidan oldin ish yurituvidan tugatildi.
Aliment undiruviga doir ijro hujjatlari ijrosiga yangicha yondashuv tamoyillari asosida olti oyda 23 milliard 976 million 300 ming so‘m aliment puli undiruvchilar nomiga ochilgan bank plastik kartalari orqali to‘lanishi ta’minlandi. Ayni paytda 22 ming 302 ta aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida boshqarmaning qidiruv bo‘limi olib borgan tadbirlar chog‘ida 774 nafar qarzdordan 352 nafari topilib, qariyb 90 million so‘m qarz undirilishi ta’minlandi. Ularning 348 nafari aliment qarzdorlaridir. Qidiruvda bo‘lgan 206 ta avtotransport vositasining 73 tasi topilib, ular bo‘yicha qarzdorlardan 4 milliard 106,1 million so‘m, shu jumladan, 667,4 million so‘m soliq qarzlari undirildi. Aliment to‘lashdan bosh tortgan 26 nafar qarzdor jinoiy javobgarlikka tortildi. Vohada 15 ming 768 nafar qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chetga chiqish huquqi vaqtincha cheklangan.
– Yilning o‘tgan davrida ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlardan xatlangan 50 milliard 715 million 600 ming so‘mlik mol-mulk “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali auksion savdolariga chiqarildi, – deydi MIB viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Hamid Tog‘ayev. – Qarzdorlarning avtotransport vositalari, ko‘chmas mulk ob’ektlari va boshqa xatlangan mulklari tegishli tartibda sotilib, qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, jinoyat natijasida yetkazilgan zarar, jinoiy va ma’muriy jarimalar, davlat boji hamda Vazirlar Mahkamasining 200-qarori ta’siri tushuvchi undiruvlar bilan bog‘liq 56 milliard 126 million so‘mlik ijro hujjatlarining ijrosi ish yurituvdan tamomlanib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalariga 14 milliard 910 million 700 ming so‘m yo‘naltirildi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min Mamatraimov, O‘zA