Suv tanqisligi ortib borayotgan ayni paytda mavjud suv zaxiralaridan unumli foydalanish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish dolzarb masalaga aylangan.
Respublikada sug‘oriladigan yer maydoni 4,3 mln. gektarni tashkil etib, mavjud suv resurslarining o‘rtacha 90 foizi qishloq xo‘jaligida, qolgan 10 foizi esa kommunal-maishiy, sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida foydalanilmoqda.

Bugungi kunda jami 2,6 mln. gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. 2025 yilda 101 ming gektarda tomchilatib, 29 ming gektarda yomg‘irlatib hamda 13,6 ming gektarda diskret sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan va 444 ming gektar maydonda lazerli tekislash ishlari olib borilgan. Natijada 2 mlrd. kub metr suv iqtisod qilinishiga erishilgan.

Joriy yilda paxta maydonlarida tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 189,8 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Bu haqda parlament quyi palatasining bugungi majlisida aytib o‘tildi. Unda suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyevga yuborilgan suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejaydigan sug‘orish uslublari va texnologiyalarini joriy etish hamda magistral va ichki kanallarni betonlashtirish ishlarining borishi to‘g‘risidagi parlament so‘roviga kelgan javob ko‘rib chiqildi.
Vazir javobida keltirilishicha, suv tejovchi sug‘orish texnologiyasi jihozlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning soni 60 tani tashkil etib, mahalliylashtirish darajasi 80 foizga, yillik ishlab chiqarish quvvati esa 250-300 ming gektarga yetkazilgan. Bu esa butlovchi qismlarning tannarxini xorijdan tashish xarajatlarini tejash hisobiga 15-20 foizgacha pasaytirish yoki gektariga 5-7 mln. so‘mga arzonlashtirish, import o‘rnini bosuvchi sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ichki bozor to‘liq ta’minlanib, qo‘shni davlatlarga eksport qilish imkonini bermoqda.
Qonunchilikka ko‘ra, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlar uchun suv solig‘idan 30 foiz imtiyoz qo‘llanilishi, ushbu yer maydonlari 5 yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinishi dehqon va fermerlarga tushuntirilmoqda.
Parlament so‘roviga javobda mamlakatimizdagi mavjud 173,5 ming km. sug‘orish tarmoqlari tizimida olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tilgan. Ma’lum qilinganidek, 2025 yilda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 95 ta loyiha doirasida 518,7 km. kanallar betonlashtirilgan, 25,3 km. lotok o‘rnatilgan, 49,1 km. yopiq sug‘orish tarmoqlari qurilgan va rekonstruksiya qilingan. Klaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan ham 18 ming km. ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilgan.
Vazir javobida suvni tejash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar holati batafsil bayon etilgani aytilib, parlament so‘roviga javob ma’lumot uchun qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA