Ayni kunda Andijon viloyatida 13 ming 305 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘li mavjud. Shundan 2 ming 422 kilometri umumiy foydalanishdagi avtomobil, 10 ming 883 kilometri ichki yo‘llardir. Mavjud yo‘llarning 2 ming 70 kilometri ta’mirtalab bo‘lib, shundan 530 kilometrini umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llari, 1 ming 540 kilometrini ichki yo‘llar tashkil etadi.
– Viloyatimizda turli toifadagi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirzohid Nurmatov. – Joriy 2025 yil davomida 598,5 milliard so‘m miqdorida yo‘lishlari bajarish hisobiga 1 ming 265 kilometr avtomobil yo‘lini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash rejalashtirilgan.
Ana shu yo‘nalishda olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning 1-choragida 81,5 kilometr yo‘l ta’mirlandi. Ta’mirlash ishlari uchun 44,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Jumladan, ana shu davr mobaynida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 18,6 milliard so‘m, sanoat zonalari yo‘llarini barpo etish bo‘yicha 2,7 milliard so‘m, umumiy foydalanishdagi yo‘llarni texnik soz holatda saqlash bo‘yicha 8,3 milliard so‘m miqdoridagi yo‘l qurish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
[gallery-22652]
Bundan tashqari, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 14,9 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 71 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash, shuningdek, hududlarda 10,5 kilometr uzunlikdagi tuproq yo‘llarga shag‘al yotqizish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunga kelib, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasi doirasida qator tumanlarda sement-beton qoplamali yo‘llar qurilishi boshlanadi.
Shu bilan birga “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida viloyatdagi 139 kilometr uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylariga manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekish bo‘yicha ham ishlar reja asosida olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, joriy yilda viloyatda avtomobil va ichki yo‘llarni ta’mirlash, holatini yaxshilash bo‘yicha belgilangan barcha ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari