Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qamoqxonalarda saqlanayotgan shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
14:55 / 2024-05-08

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) nafaqat huquqlari buzilayotgan shaxslarni himoya qilish, balki harakatlanish erkinligi cheklangan joylar, ya’ni qamoqxonalarda saqlanayotgan mahkumlarning sharoitlarini ham muntazam o‘rganib, zaruriy choralar ko‘rmoqda.

Ombudsmanning joylardagi mintaqaviy vakillari ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratayotir.   

Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakil tashabbusi bilan viloyatdagi 4-, 5-, 11- va 12-sonli jazoni ijro etish koloniyalarida saqlanuvchi uch mingdan ortiq mahkum uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.  

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ko‘magida koloniyalarga terapevt, kardiolog, ginekolog, oftalmolog, nevropatolog, endokrinolog, jarrohlik yo‘nalishlari mutaxassislari jalb etildi. Shuningdek, mahkumlar ultratovush, rentgen hamda EKG tekshiruvlaridan ham o‘tkazildi.  

Tibbiy ko‘rik jarayonida 385 nafar mahkum dispanser nazoratiga olingan bo‘lsa, 506 nafarining ambulator sharoitda davolanishi belgilandi. 111 nafar mahkumga esa 23-sonli mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada davolanish uchun yo‘llanma berildi.  

Tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan kunda mazkur muassasalardagi  mahkumlarning yashash, ovqatlanish, yuvinish, uzoq muddatli uchrashuv xonalari, tibbiyot bo‘limi hamda mahkumlarning mehnat sharoitlari ham o‘rganildi.  

Mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlar olib borilib,  ularning murojaatlari qabul qilindi. Koloniyalarda o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, undagi ariza va murojaatlar ham qabul qilindi.  

 

N.Abduraimova,

O‘zA