Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qamoq jazosi – noinsofni diyonatli insonga aylantira oladimi?
11:01 / 2020-04-17

– Odamlarni tomorqasida allaqachon kartoshka-pomidori gullab, bodiringgi tugib, sabzi-piyozi yashnab yotibdi.


– Odamlarni tomorqasida allaqachon kartoshka-pomidori gullab, bodiringgi tugib, sabzi-piyozi yashnab yotibdi. Sizni 10 sotix yeringiz esa, eshikni tagidan suv oqib tursada qaqrab, choʻllab yotibdi. Siz ham odam boʻlib, hech boʻlmasa shu yerni chopib, bunday koʻchat-poʻchat eksangiz boʻlmaydimi? Uyda na goʻsht, na moy, na tuz qoldi. Turing mana bu pulni olib, koʻcha boshiga chiqing, yarmarka kelibdi. Ikki-ikki kilodan kartoshka, sabzi, piyoz, gurunch, un, moy bilan 1 quti tuz olib keling. Bolalar kechadan beri tuz tatigani yoʻq, – deya xotini Vasiboy Xaltayevni (maqoladagi geografik atamalar va personajlarning ismi-shariflari oʻzgartirilgan) koʻrpa-yostigʻini olib otdi. Vasiboy yaxshilab musht tushirmoqchiydiyu, “pul” soʻzini eshitib, mushtni buralatib soʻkishga almashtirib qoʻyaqoldi.

Tuman hokimligi tomonidan arzonlashtirilgan narxdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdo yarmarkasiga 20-30 metr qolganida, “Vasiboy, hoʻ-oʻ Vasiboy” degan tanish ovoz eshitildi. Qayrilib qarasa, 5-6 uy naridagi qoʻshnisi qurib olgan qoʻlbola doʻkon derazasida qadrdon ulfati Shukur shira, irjayib ichkariga taklif qilyapti. “Koʻcha boshidagi yarmarkaga borib, uyga ul-bul olay, darrov qaytaman”, dedi Vasiboy.

– E-e, u yerda Pirmat uchastkavoy, 2 metr 2 metrdan yerga mel bilan chizib, oʻsha chizigʻidan chiqqani qoʻymay, savdo ham qildirmay haydayapti. 3 soatda ham navbating kelmaydi, kir manovi 100 tani urib ol, keyin boraverasan, oʻsha yarmarkangga, qochib ketayotgani yoʻqku, – deya migʻirladi. Doʻkon eshigiga yaqinlashgandi, eshigiga qora rangda oq qogʻozga qingʻir-qiyshiq qilib “karantin” degan yozuvga, otni kallasidek osib qoʻyilgan qulfni koʻrib, hayron boʻldi. Doʻsti derazani urib, “aylanib oʻtib, orqa tarafidan kir” ishorasini qildi. Kirsa, kechagi ulfatlari, Shukur shira bilan Oʻktam tirriq, boʻshagan bir yashikni ustiga bitta yarimtani qoʻyib, kilki bilan “zakuska” qilib oʻtiribdi.

– Qani quy, doʻstimiz shoir Vasi kayfiyga shtarfnoy qilib, davlat chegarasigacha quy, sheʼring qanaqa edi, ha, yigit boʻlsang mustaqil, ertalabdan yuzta qil, bu soʻzlarni maʼnisini chaq, Oʻktamboy, davlat chegarasigacha quy, – dedi Shukur shira, Oʻktam tirriqqa piyolani ichki labidagi chiziqni koʻrsatib. Vasiboy piyoladagi aroqni paqqos sipqordi. “Oh!” deya yengini chuqur hidladi-da, “Posli pervaya nezakusit” deya “taq” etkazib piyolani yashikka qoʻydi.

– Birinchisi bilan ikkinchisini orasidan qil oʻtmasin, deyishgan mashoyiqlar, – dedi-da, shishadagi qolgan aroqni Oʻktam tirriq teng uchga boʻldi.

Qadah soʻzi “shoir” Vasiy Kayfiyga berildi. “Kelinglar, shu qadahni aroq zovoʻd buzulmasligi, doʻstligimiz uzulmasligi uchun olamiz!” – dedi Vasiboy kayfiy. Oxirigacha ichishdi.

– Men doʻstimiz shoir Kayfiyni toʻrtta xislatiga doim qoyil qolaman, birinchisi har bir qadahni sheʼriy qilib aytishi, ikkinchisi aroqni xuddi asal ichgandek ichib, basharasi burushmay, yana “o-ox” deyishi, uchinchisi, ichgandan keyin, posli pervaya, posli i fatraya i posle tiritiya ne zakusit, deb zakuska qilmasligi, – dedi Shukur shira uchta barmogʻini yuqoriga koʻtarib.

– Xoʻsh-xoʻsh, toʻrtinchisichi, toʻrtinchisichi? – soʻradi Oʻkam tirriq doʻstiga yuzlanib.

– A-vot, toʻrtinchisini sen avval quy, keyin aytaman, – dedi Shukur shira qoʻlidagi boʻsh piyolani yashikka qoʻyib. Tirriq boʻsh shishani qoʻliga olib, piyolaga silkitti, “Qolbadi” dedi yelkalarini qisib.

– Oʻ-oʻ boy, 1 ta bir litrlik olib kel, meni hisobimdan, – dedi Vasiboy muylovlarini silab. Aroq keldi, quyildi.

– Vot, toʻrtinchisi, mana shu koʻrib turganingdek, saxiyligi, topganini doʻstlar bilan baham koʻrishi, – dedi Shukur shira...

... “Oʻzim axmoqman, kelib-kelib shu alkashni qoʻliga pul tutib, koʻchaga chiqaramanmi? Soat 3 boʻlayapti, shu paytgacha kim biladi, qaysi goʻrda, kim qaysi alkashlar bilan bergan pulimga ichib, kechagidek rasvosi chiqib yurgandir?” deganicha Vasiboyning xotini oʻziga-oʻzi hovlini oʻrtasida gʻudurlab, kecha eri mast boʻlib kelib, qayd qilgan choyshabu, koʻrpa-koʻrpachalarni yuvayotganida darvozasi taqqilab qoldi. “Hozir-hozir, mana boryapman”, deya ayol magʻzava aralash hoʻl qoʻllarini etagiga artgancha darvozani ochdi. Hech kim koʻrinmagach, jahil bilan “H-e, senlarni .... shu...” deya qargʻangancha eshikni yopmoqchi edi, darvozasini tagiga, suyab qoʻyilgan 4-5 ta qora yelim xaltalarga koʻzi tushdi.

Hayratlangancha, xaltalarni ochdi. 1,5-2 kiloday kartoshka, xuddi shunchadan sabzi, piyoz, gurunch, shakar, un, makaron, mosh, 2 litr oʻsimlik yogʻi, 1 kiloday goʻsht, 1 qutidan choy va tuz, hatto, gugurtgacha chiroyli qilib taxlab solib qoʻyilibdi. “Voy oʻlmasam, men qurgʻur, binoyidek erimni qargʻab yotibman-a. Barakatopkur dadasiga toʻrtta narsa aytsam, shuncha qilib bervaribdi. Buncha narsaga pulni qayerdan oldiykan? Oʻzi qayerda qolgan boʻlsa? Ha, oʻlsin, bozorligʻi keldiku, oʻziyam kelib qolar” deganicha, koʻchani u yoq-buyoqiga bir-bir qaradi, hech kim koʻrinmadi. Eri “berib yuborgan” bozorliqni koʻtarib ichkariga kirib ketdi...

...Yoʻl ustidagi qoʻlbola doʻkonda uch ulfatning tili kalimaga kelmay, qaysi biri nima deyayotganini oʻzlari ham tushunmay gʻujjillashib qolganini koʻrgan doʻkonchi, “Yarmarka ham tugab, hamma uy uyiga kirib ketdi. Ha demay uchastkavoy bilan mahallakom, yana tuman hokimining oʻrinbosari kelib qolsa, menga ham, sizlarga ham yaxshi boʻlmaydi, akalar, endi uy-uylaringizga bora qolinglar” deya uch ulfatni suyab, tayab koʻchaga kuzatdi.

Vasiboyning koʻchma savdo yarmarkasiga chiqqani yodiga tushib qoldi chogʻi, chayqala-chayqala koʻcha boshiga qarab ketdi.

Yarmarka tugab, koʻchaga qoʻyilgan boʻsh stolning uch tarafida Sirdaryo tumani Ziyokor mahalla fuqarolar yigʻini raisi, uchastka inspektori, tuman hokimligi vakili uchalasi oʻz-oʻzlarining qogʻozlariga qarab, nimalarnidir hisob-kitob qilashayotgan ekan. Vasiboy oʻzini bir silkalab olib, shasht bilan qadam tashlab bordida, stolga “qars” etkazib musht tushirib, “Xoʻsh, hokim buva shu kambagʻallarga tarqat, deb berdirvorgan narsalarni pullab, endi foydasini boʻlishayapsanlarmi? – dedi Vasiboy bir uchastka, bir mahalla raisi, bir hokimiyat vakiliga gʻazabnok nigohini qadab.

– Vasiboy, siz karantin qoidalariga xilof ravishda tibbiy himoya niqobini taqmay, yana mast holda koʻchada yurganingiz yetmagandek, kelib odamlarga tuhmat ham qilishga uyalmaysizmi? Savdo yarmarkasiga na siz, na kelin kelmaganiga, pullari yoʻqdirda, deb biz homiylarning 8 xil oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va masjidda qurbonliqqa soʻyilgan 1 kilo hoʻkiz goʻshtini sizinikiga berdirib yuborib oʻtiribmiz. Siz boʻlsangiz, pulingiz yoningizga sigʻmaganidan boʻkib ichib yuribsiz? Uyat emasmi? – dedi mahalla raisi figʻoni-falakka koʻtarilib. Vasiboy oʻz koʻksiga shappillatib urganicha, raisga qarab, “Ha, men shunqa-a-a, si-sizning n-n-nazariz-z-zda toʻh-toʻh-toʻhmat-matchiman, al-al-alkashman, e-e doʻ-oʻ-oʻmbuva-va, kerak boʻl-boʻlsa, me-me-men..,” deya tushinar-tushinmas qilib gʻoʻdirladi. Mahalla uchastka inspektori uni sekin tirsagidan tutdi-da, oʻziga qaratib, “Xaltayev, hoziroq uyingizga boring, aks holda niqobsiz va mast holda karantin qoidalarini buzib koʻchada yurganingiz uchun jarimaga tortaman”, dedi uchastka inspektori. Oʻzidan boʻyi pastroq, ozgʻin yosh, militsiya formasidagi yigitga qarab, “Sen hali meni qamaydigan zoʻr boʻldingmi, he-e, shu senga forma kiygizganni...” deya bir silkib, qoʻlini chiqarib olib, bir musht bilan yiqitmoqchi edi, boʻlmadi. Yigit unga nisbatan ancha kichikroq boʻlsa ham, juda chayir ekan. Bir harakat bilan Vasiboyni qoʻlini orqasiga qayirib, tumshugʻini yerga tekkudik qilib, choʻkkalatib qoʻydi. Vasiboy qoʻlidan hech narsa kelmayotganini bilsada, ogʻziga kelgan soʻzlar bilan kurakda turmaydigan soʻzlar bilan haqorat qilardi...

...Ushbu holat yuzasidan Sirdaryo tumani Ziyokor MFYda yashovchi, 2 nafar farzandning otasi fuqaro Vasiboy Xaltayeevga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtK ning 183, 194, 54 moddalariga koʻra toʻplangan hujjatlarga asosan Maʼmuriy ishlar boʻyicha tumanlararo sud tomonidan maʼmuriy chora va 5 sutka qamoq jazosi tayinlandi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Vasiboy Xaltayevga oʻxshaganlar, qayerdan, qachon paydo boʻldi? Nahot biz sezmadik, nahot biz koʻrmadik? El boshiga ish tushgan bir vaqtda bunday kimsalarni kim deb atash mumkin?

Ha, bori haqqim-bor haqqim, yoʻgʻ haqimni ham berasan, deyishni bilamiz. Xayr-saxovat qilingan mahsulotni tortib, “Bu “falon” kilo ekan, qoʻshnimniki “pismadon” kilo chiqibdi, nega menga kam?”, deya yuzsizlarcha koʻtarib kelishni bilamiz, nega endi oʻzimizning fuqarolik burchimizni, bizdan talab qilingan, bor-yoʻgʻi uyda oʻtirish, bemaqsad, niqobsiz koʻchaga chiqmaslik talablarini bajarmaymiz?

Xoʻsh, shu 5 sutka oʻtirib chiqqan Vasiboy Xaltayev, yana shunday qilmasligiga kim kafolat beradi? Shular emasmi, kasallikni kundan-kunga koʻpayishiga sabab boʻlayotgan? 35-40 yil ichida odam boʻlmagan, 5 sutkada darrov insof, uyatu diyonatni tushunib, keyin karantin qoidalariga rioya qilarmikan?

Uyida oʻtiraolmaydigan, davlatning amaldagi qonun-qoidalarini hurmat qilmaydigan, hukumat vakillarini mensimaydigan kimsalarga bundan-da qatʼiyroq choralar koʻrilmas ekan, koronavirusni tarqalishini, karantinni choʻzilib ketmasligini oldini olishimiz juda qiyin boʻladi.

Uyda qolib, tarmogʻimiz orqali shu maqolani oʻqigan boʻlsangiz Siz nima deysiz aziz oʻquvchi?