Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qamashilik tomorqachining hovlisida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi
16:37 / 2020-11-16

Shuningdek, ishtirokchilar tomorqachi hovlisida 70 tup tok, anor va boshqa ekinlar parvarishlanib, yaxshigina daromad olinayotganining guvohi bo‘lishdi.

Qamashi tumanidagi Chim qishlog‘ida tomorqasidan yaxshigina daromad olayotgan sohibkorlar juda ko‘p. Ulardan biri – Qurbon bobo Choriyev 30 sotix tomorqasi va yo‘l chetidagi 30 sotix yerni o‘zlashtirib, har yili 60 million so‘mdan ziyod daromad olayotgani nafaqat tumandagi, balki viloyatdagi tomorqachilarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Yaqinda tomorqachilikda maktab yaratgan Qurbon bobo Choriyev xonadonida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, olimlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tomorqachilar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Seminarda Qurbon boboning o‘g‘li Bahrom Choriyev 2 sotix issiqxonasida limon yetishtirish bilan birga bahor paytida limon daraxti shoxlaridan ko‘chat yetishtirayotgani haqida so‘zlab berdi.  

2 sotix issiqxonasida kartoshka ekib, mo‘l daromad olayotgani Qashqadaryoda yangilik sifatida baholandi. Sosna va boshqa ignabargli daraxt ko‘chatlarini yetishtirish tajribasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, ishtirokchilar tomorqachi hovlisida 70 tup tok, anor va boshqa ekinlar parvarishlanib, yaxshigina daromad olinayotganining guvohi bo‘lishdi.

- Bu tomorqachi tajribasini boshqa xonadonlarga ham keng yoyish kerak, - dedi A. Haitov. – Har bir mahalla fuqarolar yig‘inida 5 tadan tajriba uchun xonadonni tayyorlash lozim. Shunday qilinsa, boshqa xonadonlar ham ulardan namuna oladi, tomorqachilikka ishtiyoqi ortadi. 

Eng asosiy jihat shundaki, qaysi hududga, qaysi ekin yaxshi o‘sishiga qarab ishni tashkil qilish kerak. Masalan, Chim qishlog‘ida suv muammosi mavjudligi uchun har bir xonadonga 20 tupdan tok ekilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Qashqadaryoda yer ko‘p. 

Undan samarali foydalanish uchun bu yerda Vodiy tajribasini joriy etayapmiz. Endilikda viloyatda har bir qarich yerdan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yamiz. Bu albatta, kambag‘allikni qisqartirishda, «temir daftar», «ayollar daftari» va «yoshlar daftari»da qayd etilgan fuqarolarni daromadini oshirishda muhim qadam bo‘ladi.

Ishtirokchilar tumandagi boshqa mahallalardagi tomorqachilar faoliyati bilan ham tanishib, tajriba almashishdi.

OʼzLiDeP Qashqadaryo viloyat

Kengashi matbuot xizmati