Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qamashi tumanida viloyat hokimi rahbarligida amaliy seminar o‘tkazildi
16:34 / 2026-02-09

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida viloyat hokimi Murotjon Azimov rahbarligida “Mahallalarni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Unda tuman va shahar hokimlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Seminar doirasida ishtirokchilar Odoqjonbo‘z mahallasida tadbirkor Sherzod Mahmatmurodov tomonidan 19 gektar maydonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan tanishdi. Maydonlarda brokkoli karam, kartoshka, piyoz va sarimsoq, pomidor, tarvuz, qovun hamda bulg‘or qalampiri kabi eksportbop mahsulotlar parvarishlanmoqda. Hozirda 16 gektar yerda ochiq usulda kartoshka va sarimsoq yetishtirilib, joriy mavsumda 2 ming tonna kartoshka va 200 tonna sarimsoq hosili olish rejalashtirilgan.

Seminar avvalida “Yashil makon” loyihasi doirasida dala chetlariga daraxt ko‘chatlari ekilib, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishtirokchilar yetishtirilayotgan mahsulotlarning agrotexnologiyasi, o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shuningdek, Odoqjonbo‘z mahallasida istiqomat qiluvchi Nizomiddin Tursunov xonadonidagi namunaviy tomorqa tajribasi ham ko‘zdan kechirildi. Umumiy 29 sotix yer maydonidan samarali foydalanayotgan mazkur xonadonda 21 sotix maydonda plyonka ostida kartoshka, 4 sotixda zamonaviy issiqxonada sabzi yetishtirilmoqda. Tomorqada yomg‘ir suvini to‘plash uchun maxsus havza tashkil qilinib, sug‘orish ishlarida undan samarali foydalanilayotgani suv tejamkorligini ta’minlamoqda. Shu bilan birga, xonadonda chorva va parrandachilik yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha daromad manbalari yaratilgan.

Seminarning keyingi qismi Yakkabog‘ tumanida davom ettirilib, ishtirokchilar “Kumush kuz fayzi” MCHJ tomonidan tashkil etilgan zamonaviy chorvachilik kompleksi faoliyati bilan tanishdi. Loyihaning aholini ish bilan ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Oqtosh mahallasida qurilayotgan zamonaviy istirohat bog‘i va Yoshlar markazi qurilishi ham ko‘zdan kechirildi.

Ta’kidlanganidek, seminar davomida namoyish etilgan ilg‘or tajribalarni viloyatning boshqa hududlarida ham joriy etish orqali qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, aholi bandligi va daromadlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri