Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qalqon” — yoshlar uchun mas’uliyat maktabi
14:35 / 2026-02-11

Jizzax viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan “Qalqon” jamoatchilik guruhlari ishini yanada takomillashtirish maqsadida Sambhram universitetida “Vatan himoyachisi — kelajak qalqoni” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Mazkur tashabbus yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etayotganining amaliy ifodasidir. Davlatimiz rahbarining yoshlar siyosati samaradorligini oshirish, ular bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan belgilab bergan vazifalari doirasida oliy ta’lim muassasalarida “Qalqon” jamoatchilik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, shuningdek, “Oliy ta’lim muassasasi beshligi”ni shakllantirish bo‘yicha qator idora va tashkilotlarning hamkorlikdagi qarori qabul qilingani bu boradagi sa’y-harakatlarning huquqiy asosini mustahkamladi.

Tadbirda yoshlarga Vatanga muhabbat va sadoqat tushunchalarining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. So‘zga chiqqanlar yurt tinchligi va barqaror taraqqiyotini ta’minlashda har bir fuqaroning o‘rni va mas’uliyati borligini ta’kidladi. Hayotiy misollar orqali Vatanga xizmat qilish nafaqat sharaf, balki yuksak ishonch va burch ekani alohida qayd etildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. “Qalqon” guruhlari faoliyatini rivojlantirish, yil davomida amalga oshiriladigan loyihalar, shuningdek, guruhda faol ishtirok etgan bitiruvchilar uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qilish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

[gallery-27589]

Shu bilan birga, muddatli harbiy xizmatni o‘tab, qo‘mondonlik tavsiyasiga ega bo‘lgan hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun kontrakt mablag‘ining 35 foizini Yoshlar ittifoqi tomonidan qoplab berish tartibi yuzasidan ham tushuntirishlar berildi. Bu esa yoshlarning bilim olishga intilishini rag‘batlantirish barobarida harbiy xizmat nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda 200 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy madaniyati va fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.   

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari