Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qalqon” jamoatchilik guruhi: jasorat va mahorat sinovida
15:04 / 2025-12-24

Jizzax shahrida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi munosabati bilan keng qamrovli tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Jizzax garnizonidagi harbiy qism, Milliy gvardiya boshqarmasi, faxriylar hamda harbiy prokuratura hamkorligida Qozon federal universiteti Jizzax filialida tashkil etilgan tadbir “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali hamda “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari o‘rtasida “Xavfsizliging qalqoniman, Ona Vatan” shioridagi “Temurbeklar” harbiy-sport musobaqalarini o‘z ichiga oldi.

Tadbirning ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi. Shundan so‘ng, harbiy orkestr ijrosidagi vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi elementlari, faxriy qorovul chiqishlari hamda qurol-aslaha ko‘rgazmalari yoshlarda Vatanga muhabbat, harbiy kasbga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlagani shubhasiz.

[gallery-26878]

Festival doirasida “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari nizomga muvofiq olti shart bo‘yicha bellashdilar. Xususan, kamondan otish, AK-74 avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha estafeta, “Mohir mergan”, arqon tortish, tosh ko‘tarish hamda test-sinov shartlari ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va bilim salohiyatini namoyon etdi.

Qiziqarli va shiddatli kechgan musobaqalar yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rinni mezbon — Qozon federal universiteti Jizzax filialining “Qalqon” jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Jizzax davlat pedagogika universitetining “Jasorat”, uchinchi o‘rin esa O‘zbekiston milliy universiteti Jizzax filialining “Temur izdoshlari” jamoalariga nasib etdi.

G‘olib va sovrindor jamoalar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari