Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Sirdaryo viloyatiga safari davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Guliston davlat universiteti Boshlang‘ich tashkilotining “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi — yoshlar bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda universitetdagi ijtimoiy-faoliyat ishlarini yanada rivojlantirish edi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Guliston davlat universitetining Boshlang‘ich tashkiloti Harbiy vatanparvarlik loyihalari yo‘nalish koordinatori, universitet “Qalqon” jamoatchilik guruhi sardori Jasur Sulaymonov vazirga guruhning faoliyati, amalga oshirilgan ijtimoiy va ma’naviy tadbirlari hamda yoshlar bilan olib borilgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.
— “Biz “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari sifatida yoshlarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun ko‘plab loyihalarni amalga oshirdik. Vazir bilan muloqot biz uchun muhim tajriba bo‘ldi. Uning maslahat va tavsiyalari guruh faoliyatini yanada samarali va kengroq yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Biz yoshlar orasida vatanparvarlik, sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy faollikni targ‘ib qilishda davom etamiz, — dedi biz bilan suhbatda Jasur Sulaymonov.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov universitetda tashkil etilgan “Qalqon” guruhi faoliyatini yuqori baholadi va bunday tashabbuslarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘z taklif va fikrlarini bildirdilar, shu jumladan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, volontyorlik harakatlarini kengaytirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarini taqdim etishdi. Vazir yoshlarning fikrlari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, ularning ijodiy va loyihalar bo‘yicha faoliyatlarini yanada kengaytirishga doir vazifalarni belgilab berdi.

Uchrashuv yakunida vazir yoshlar bilan muloqotning muhimligi va bunday tashabbuslarning universitet hayotidagi o‘rnini alohida ta’kidladi hamda guruh a’zolariga ijtimoiy va ma’naviy tashabbuslarini rivojlantirishda barcha zarur sharoitlar yaratilganini bildirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri