English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalblarni birlashtirgan festival
16:24 / 2025-08-19

Jizzax viloyatining Zomin tumanida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Umummilliy birdamlik” festivali va gala-konsert tadbirlari nafaqat bayramona tantana, balki millatlar va qalblar birligining yorqin namoyishiga aylandi.

Duoba mahallasida tashkil etilgan ijtimoiy-ma’rifiy festival esa  har tomonlama unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Turli millat va elatlar vakillari o‘z milliy liboslari, mazali taomlari, raqslari va musiqaviy namoyishlari bilan qatnashib, yurtimizdagi madaniy xilma-xillik va birdamlik qanday chuqur ildiz otganini namoyon etishdi.  

Ushbu festival Zomin tuman hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Mahallalar uyushmasi, Madaniyat bo‘limi, Mahalla yettiligi hamda “Barkamol avlod” bolalar maktabi singari bir qator muassasa va tashkilotlarning hamkorligida tashkil etildi.  

Zomin tuman markaziy o‘yingohida tashkil etilgan gala-konsert esa bayramga tom ma’noda madaniy shukuh baxsh etdi.  

Tantanalar davomida turli millat vakillarining bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, bir-birlariga ezgu tilaklar bildirishi, yurt tinchligi va millatlararo totuvlik borasidagi umumiy qarashlar atrofida birlashishi bayramning chinakam ma’naviy yuksakligini namoyon etdi.

Bunday tadbirlar nafaqat bayram kayfiyatini olib keladi, balki qalblarni yaqinlashtiradi, millatlar o‘rtasidagi ishonchni chuqurlashtiradi, kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari