English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalblar va chehralarga ko‘chgan bayram shukuhi
17:10 / 2022-03-22

Navro‘z – yurtimizning go‘zal, shodu-xurramlik ayyomi, ezgulik, nafosat timsoli, pok tuyg‘ular, ulug‘ niyatlar tantanasi. Shu bois ham Navro‘zi olamni barcha birdek intizorlik bilan kutadi, katta xursandchilik bilan shodiyona qiladi. Navro‘z bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi ungan ko‘katlardan tansiq taomlar pishirilgan, ba’zi ekinlarni ekish boshlangan.

Bu yil ham yurtimizda Navro‘z ayyomi katta tantana bilan nishonlanmoqda. Mahalla va guzarlarda, istirohat bog‘larida, tuman va viloyat markazlarida, poytaxtimizning barcha hududlarida milliy bayramimiz o‘ziga xos tarzda, sayil ko‘rinishida bayram qilinyapti.

Poytaxtimiz markazidagi Navro‘z bog‘i. O‘zgacha ko‘rinishda, milliy-o‘zbekona qurilish-bunyodkorlik an’analari asosida barpo etilgan bu ko‘rkam bog‘ ham yurtdoshlarimiz bilan gavjum. Konsert-tomoshalar, turli ko‘rgazmalar, milliy taomlarimiz bo‘lgan sumalak, halim, osh va somsalarni shu yerning o‘zida tayyorlab, mehmonlarga taqdim etilayotgani barchaga bayramona ko‘tarinkilik bag‘ishlayapti.

Biz ham oilamiz bilan Navro‘z bog‘idagi bayram sayliga borar ekanmiz, ko‘rkam va go‘zal bog‘ uzra taralayotgan kuy-qo‘shiqdan, yurtdoshlarimiz chehrasidagi quvonchdan, bayram tarovatidan behad ruhlandik. Jurnalistligim “tutib” qolib, bu bayramona shukuhdan, tarovatli muhitdan “quruq” qaytgim kelmadi – quvonchli chehralar bilan suhbatga kirishib ketdim.

Zarifa Murodova, Samarqand shahri:

—  Navro‘z ayyomini har yili o‘zgacha intiqlik bilan kutamiz. Bu yil bayramni Toshkent shahrida nishonlash maqsadida oilamiz bilan keldik. Navro‘z bog‘iga birinchi marta tashrif buyurishimiz. Ilgari hech kelmagan edik. Bu yerga kelib, bog‘dagi bayramona manzarani ko‘rib, poytaxtga oshiqqanimiz bekor emas ekan, kelib to‘g‘ri qilipmiz, deya ko‘nglimdan o‘tkazyapman. Chunki bu bog‘da o‘zgacha bir muhitga tushgandek bo‘ldik. Navro‘z Samarqand shahrida ham har yili o‘zgacha ko‘rinishda nishonlanadi. Ammo bu gal azim kentdagi bayram tantanalarining ishtirokchisi bo‘lganimizdan juda xursandmiz.

Gulsara Orziqulova, Navoiy viloyati:

—  O‘g‘lim bilan kelinim Toshkentda yashaydi, ishlaydi. Bu yil Navro‘zni shu yerda nishonlaymiz, deb qo‘yarda-qo‘ymay chaqirib olishdi. Kelib juda xursand bo‘lyapmiz. Nevaralarim bilan bayram sayillarini tomosha qilib yuripmiz. Bayramga katta tayyorgarlik ko‘rilibdi. Milliy qo‘g‘irchoqlar, dorbozlarning tomoshalaridan, konsert dasturlaridan quvonib, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Bog‘ bo‘ylab barpo etilgan sharqona, o‘zbekona xonadonlarni, ko‘cha va mahallalarni ko‘rib, tariximizga sayohat qilgandek his qilyapman o‘zimni. Hammasi juda chiroyli. Har bir kunimiz bayram bo‘lsin. Yurtimizga, ravnaqimizga, tinlik-osoyishtaligimizga ko‘z tegmasin, ilohim!

Dilso‘z Zoirova, Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi:

— Navro‘z milliy qadriyatlarimizni, urf-odat va an’analarimizni tarannum etuvchi haqiqiy xalq bayramidir. Uning o‘ziga xos tarixi Ona xalqimiz tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur kabi bobolarimi o‘z asarlarida Navro‘zi olam tarixi, uning mohiyati haqida yozib qoldirganlar.

Bu azaliy bayram har yili yurtimizda katta shodiyona bilan nishonlanadi. Bayram bahonasida ketma-ket dam olish kuni berilgani men kabi minglab davlat xizmatchilarini yanada quvontirmoqda. Bayram kunlaridan foydalanib, farzandlarim bilan Navro‘z bog‘iga keldik. Bu yerdagi bayramona kayfiyat, milliy o‘ziga xos muhit har bir insonga ma’naviy hordiq ulashyapti.  Ayniqsa, farzandlarimizning quvonchi cheksiz.

PS: Ha, yurtimizning har bir go‘shasida go‘zallik, yasharish, uyg‘onish ayyomi Navro‘zi olam yurtdoshlarimizning cheksiz quvonchiyu xotirjamligi asosida katta tantana qilinmoqda. Ushbu shodlikdan ko‘ngillari osmon qadar yuksalayotgan momolarimiz, bobolarimiz Vatanimizning tinchligi, osoyishtaligiga shukrona aytib, qo‘llarini duoga ochmoqda. Quvonchdan hayqirayotgan, xurramlik, hurlik varraklarini ko‘klarga uchirayotgan beg‘ubor bolajonlar esa osoyishta Vatanning bag‘rida beg‘am, behadik o‘ynab-kulmoqda. Bu ajib manzaralarni kuzatar ekansiz, har kuning Navro‘z bo‘lsin, degan ibora bejiz aytilmasligiga dildan amin bo‘lasiz.

Muhtarama Komilova, O‘zA