Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalbimizga abadul-abad dafn etilgan qatag‘onning mazlumalari
13:54 / 2026-03-09

O‘tgan asrning mash’um siyosiy qatag‘on davri millatimizning qanchadan-qancha ziyolilarini, davlat va jamoat arboblarini, xalqi, yurti uchun fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizni o‘z domiga tortib, aybsiz aybdor qilib qo‘ydi. Shu asnoda XX asrning 20-50 yillari xalqimiz tarixida nihoyatda murakkab va fojeali davr sifatida tarixga muhrlandi.

Shu yillarda sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan siyosiy qatag‘onlar nafaqat erkak ziyolilarni, balki jamiyatning eng himoyasiz qatlamlaridan biri bo‘lmish xotin-qizlarni ham o‘z domiga tortgani achinarli. Ular “xalq dushmanining oila a’zosi” yoki “xalq dushmanining turmush o‘rtog‘i” degan o‘ta be’mani ayblovlar ila ta’qib ostiga olinib, ijtimoiy hayotdan chetlashtirildi, surgun qilindi va qatl etildi.

Mazkur mash’um davr tarixini o‘rganish, tadqiq etish va kelajak avlodlarga asl haqiqatlarni yetkazish tarixchi olimlar zimmasidagi mas’uliyatli vazifa hamda burchdir. Bu borada mamlakatimizda bir qator qarorlar qabul qilinib, amaliy sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda, tarixchilarimiz tomonidan izlanishlar olib borilmoqda.  

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Aziza Ahrorova tomonidan “O‘zbekistonda xotin-qizlarning qatag‘on qilinishi (XX asrning 20-50 yillari misolida)” nomli monografiya yaratildi. Ushbu monografiya millatimizning qorong‘i, ayni damda sharafli davrlaridan guvohlik beruvchi muhim tadqiqot bo‘ldi.  

Tariximizning eng og‘ir, ammo muhim sahifalaridan birini yorituvchi ushbu tadqiqot asarining taqdimot marosimida soha mutaxassislari, tarixchi olimlar so‘zga chiqib, asarda tilga olingan davr va uning qurbonlari bo‘lgan xotin-qiz vatandoshlarimizning qahramonliklari haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.  

– Mazkur asarni o‘qish orqali qatag‘on yillarida o‘z hayotini, erkinligini va qadr-qimmatini munosib tarzda himoya qilgan, manfur tuzumning yalang‘och qilichiga bo‘yin egmasdan o‘limni sharaf bilan qarshi olgan Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Matluba Muhamedova, Xadicha Aliyeva, Kimyoxon Ashurova va yana ko‘plab metin irodali xotin-qizlarimizning jasoratiga guvoh bo‘lamiz, – dedi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Muslimbek Alijonov. – Garchi biz bugun bu ulug‘ onalarimizning qabrlari qayerda ekanini bilmasakda, lekin bir narsani juda yaxshi bilamiz – biz ularni o‘z qalbimizga abadul-abad unutilmaydigan qilib qayta dafn etganmiz.  

Abdurauf Fitrat o‘z vaqtida shunday degan edi: “O‘tmishini esdan chiqargan millat uni albatta, yana takrorlashga mahkumdir”.  

Tarixni o‘rganish bu faqat o‘tmishga boqishgina emas, balki kelajak oldidagi ulkan mas’uliyatni his qilish hamdir. Muallif ushbu tadqiqoti bilan ana shu mas’uliyatni yana bir bor bizning yodimizga solishga harakat qilgan, – dedi tarixchi olim.  

Darhaqiqat, o‘tmishimizning har bir davrini ilmiy jihatdan o‘rganish tarix haqiqatlari bo‘y ko‘rsatishiga xizmat qiladi. Bunda tarixchi olim va olimalarimizning qimmatli mehnati, igna bilan quduq qazishga teng bo‘lgan mashaqqatli ilmiy izlanishlari dolzarb ahamiyat kasb etadi.  

O‘zbekistonda xotin-qizlarning qatag‘on qilinishiga oid ushbu asar ham tarixchilarga qo‘llanma va yoshlarimiz uchun tarixiy manba bo‘lish barobarida, tariximizning o‘ta ayanchli sahifalaridan xabardor qiladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA