Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalbida quyoshi bor inson
21:40 / 2019-08-28

Manzil sari oshiqqan yoʻlovchi qorongʻi kechada yoʻl topolmay qiynalganida uzoqdan miltillab koʻringan chiroq shuʼlasi koʻngliga taskin berib, yana olgʻa yurishga undaydi.


Oʻzbekiston qahramonlari

Manzil sari oshiqqan yoʻlovchi qorongʻi kechada yoʻl topolmay qiynalganida uzoqdan miltillab koʻringan chiroq shuʼlasi koʻngliga taskin berib, yana olgʻa yurishga undaydi. Yoʻl notekis, manzil esa hali olis. Ming bitta sinovlarga duch kelishi, qoqilib yiqilishi, holdan toyib, qadam bosishi azob boʻlsa ham shu birgina chiroq shuʼlasi tomon yuraveradi, yuraveradi. Oʻsha bir tutam nur yoʻlovchining oyoqlariga mador, qalbiga quvvat bagʻishlaydi. Sen toʻgʻri yoʻldan odimlayapsan, sabr qilsang, manzilga yetasan, degandek miltillab oʻziga chorlayveradi.

Asli bu koʻhna hayotda har bir inson yoʻlovchi. Oddiy bir yoʻlovchi. Koʻnglida ne muddaosi bor, tanish-notanish manzillarni izlab, baʼzan ishonch, baʼzida xavotir bilan olgʻa yuradi. Lekin shunday damlarda unga yoʻl koʻrsatib, madad berib turadigan, mushkul yoʻllarni xayrli tomonlarga buradigan, kezi kelganda koʻzlariga nur beradigan oqibatli insonlar borki, ularni uchratganda beixtiyor “Qalbida quyoshi bor ekan”, deb yuborganingizni bilmay qolasiz.

Shunday insonlar haqida oʻylaganimda, yuzidan mudom nur taralib turadigan, noziktaʼb, zukko, har bir soʻzni oʻz oʻrnida dona-dona ishlatadigan, necha-necha olim-u ziyolilarning ustozi, samarqandlik bagʻrikeng, maʼrifatparvar inson Hasan Normurodov koʻz oldimda gavdalanadi.

Ikkinchi jahon urushi boshlangan, butun dunyo notinch chayqalib turgan ogʻir kunlarda – 1939-yil 16-noyabr kuni quyosh Qoratov yelkasiga yonboshlagan paytlarda, Zarafshon daryosining soʻl sohilida, Kattaqoʻrgʻon tumanining Kichik koʻrpa qishlogʻida, kayvoni inson Normurod ota boshchiligidagi halol mehnat orqasidan kun kechiradigan oddiy dehqon oilasida Hasan va Zuhra egizaklar dunyoga keldi.

Kichkintoylarini qoʻliga olib, bagʻri farzandga, koʻngli quvonchga toʻlib oʻtirgan Normurod ota toʻsatdan hujum qilgan yurak xuruji oqibatida jon taslim qildi. Voajabo, hayotning hukmi bilan hali kichkina chillasi chiqmagan yigirma kunlik chaqaloqlar otadan mahrum boʻldi. Bu sinov kuzning achchiq qiroviga oʻxshab ularning boshiga juda erta tushdi. Volidai muhtaramasi Misqol aya olti farzand: uch oʻgʻil, uch qizni bagʻriga bosgancha yolgʻiz qoldi. Otadan soʻng bir necha kun yashab Zuhra ham dunyodan oʻtdi.

Koʻp oʻtmay ikkinchi jahon urushi hamma qatori kattaqoʻrgʻonliklarning ham tinchini buzdi. Oʻshanda Hasan endigina tetapoya boʻlib qolgan paytlar edi. Sovuq urush izgʻirinlari hamma qatori Misqol onaning xonadonini ham chetlab oʻtmadi.

Taʼbir joiz boʻlsa, u davrlar hozirgidek toʻkin-sochinlik, farovonlik davri emas edi. Ocharchilik davri. Kun boʻyi bir tishlam nonga zor boʻlgan odamlar qancha. Shunga qaramasdan oqibat bor. Bir qishloqda kimdir bitta yangi kiyim yoki poyabzal olsa, butun qishloq almashib kiyadi, bir kosa ovqatning atrofida toʻrt-besh bola uymalashib, bir qoshiqda navbatma-navbat ovqat yeydi. Kimdir yolgʻiz oʻgʻlini urushga kuzatadi. Yana kimdir eridan “qora xat” olib, dodini figʻonga keltiradi. Kimdir non oʻrnida kunjara isteʼmol qilsa, yana kimdir ovqat oʻrnida oʻt-oʻlan yeydi. Bir tomondan ogʻir qora mehnat-u ocharchilik, ikkinchi tomondan urush oqibatlari Hasan Normurodovni oʻz tandirida pishirdi. U ana shunday qiyinchiliklarda oyoqqa turib, toʻqqiz-oʻn yoshlarida akalari yonida mehnatga kirdi. Nafaqat uy ishlariga, dala ishlariga ham yordam bera boshladi.

Yoʻqchilikda ulgʻaygan, qiyinchiliklarning jabrini tortgan, hayotning qadrini, tirikchilik tashvishlarini erta anglab yetgan Hasan Normurodov boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan kezlaridan adabiy kitoblar oʻqishga kirishdi. Bir burda non topish amrimahol boʻlgan zamonda, kitob anqoning urugʻi boʻlgani shubhasiz. Intilganga tole yor, deganlar haq ekan. Maktab kutubxonasidagi kitoblar yetmagandek, ulgʻaygan sayin Kattaqoʻrgʻon shahar kutubxonasining faol aʼzosiga aylandi. Maktabni, soʻngra Kattaqoʻrgʻon pedagogika bilim yurtini aʼlo baholar bilan tamomlab, 17 yoshida oʻqituvchilik qila boshladi.

Shunga qadar ota oʻrnini bildirmaslikka harakat qilib, barcha masʼuliyatni yelkasiga olib, uch oʻgʻil, ikki qizni oq yuvib, oq tarab kelgan volidai muhtaramasi Misqol aya 1957-yil kuzida ogʻir kasallikka chalindi. Kech kuzakka kelib, ahvoli yomonlashdi. Ona oqila ayol edi. Birinchi qor yoqqan kecha farzandlarini yoniga chaqirdi.

– Ochiloy, Ergash, Hamdam, endi katta boʻlib qoldingiz, kasb-koringiz bor, sizlardan koʻnglim toʻq, – dedi ona boshini yostiqdan sal koʻtarib. – Hasan texnikumni bitirib, maktabda ishlayapti. Hali yosh. Oliy maʼlumot olishi kerak. Unga yordam beringlar. Oʻqishga kiraman desa, qoʻllab-quvvatlash kerak. Shunda, rahmatli ota-bobolaringizning ruhlari shod boʻladi. Yoddan chiqarmanglar, ota-bobolaring och qolsa ham, yetishmovchilik boʻlsa ham non ustida talashmagan, aksincha, bir mayizni qirq boʻlib yeyishgan, inoq boʻlishgan. Sizlar ham bitta maqsadda, obroʻli boʻlish va uni saqlash maqsadida yashanglar. Birlashinglar bolalarim, qoʻlni qoʻlga berib, bir-biringni qoʻllaringdan tortib, yordam beringlar...

Misqol ayaning olamdan oʻtishi farzandlar uchun katta yoʻqotish boʻldi. Ham ota, ham ona oʻrnini bosib kelgan volidai muhtaramasidan ayrilish dogʻi farzandlar qalbida saqlanib qoldi.

Oradan koʻp oʻtmay Hasan majburiy harbiy xizmatga chaqirildi. Mehribon opasi va akalari topgan-tutgani bilan siylashib, uni harbiy xizmatga kuzatib qolishdi.

1958-yil bahori. Poyezd sakkiz kecha-yu kunduz deganda Ukrainaga yetib bordi. Harbiy qism vakillari tomonidan kutib olingan eshelon yuzlab soldatlar bilan vokzalga kirib keldi. Poyezddan yuk xaltasini yelkasiga ortganicha sakrab tushayotgan oʻzbek yigitlari orasida Hasan Normurodov ham bor edi. Oʻsha kuni kechga yaqin harbiy xizmatga chaqirilganlar maxsus harbiy qismning 3-rota kazarmasiga joylashtirildi va kechki ovqatdan keyin hammomga olib borildi.

Hamma qatori hammomdan harbiy formada kazarmaga qaytgan Hasan Normurodov koʻrkamligi tufaylimi yoki har holda oʻqituvchi boʻlib ishlab, birmuncha tajriba orttirganligi sabablimi, harqalay rota komandirining eʼtiborini tortdi.

– Normurodov Hasan, qatordan chiqing, – dedi saf tortib turgan soldatlarga qarab rota komandiri Vasiliy Petrov. – Shtabga, shtab boshligʻi Aleksandr Sergeyev kabinetiga boring va natijasi haqida axborot bering.

Shaxdam qadamlar bilan qatordan otilib chiqqan Hasan Normurodov bir zumda Aleksandr Sergeyev xonasiga kirib bordi.

– Ruxsat eting, oʻrtoq komandir.

– Kiring, – dedi komandir boshini qimirlatib.

– Oddiy soldat Hasan Normurodov buyrugʻingizga binoan yetib keldi, – degancha oʻng qoʻlini koʻtarib boshiga tekkazdi va shu zahoti bosh kiyimini qoʻliga oldi.

– Oʻtiring, qanday keldingiz, yoʻlda qanday voqealar sodir boʻldi, shular haqida mana bu qogʻozga tushuntirish xati yozing, – dedi komandir jiddiy ohangda.

Bunday sovuq munosabatdan hayron boʻlgan Hasan Normurodov imo bilan koʻrsatilgan oʻrindiqqa oʻtirib, komandir uzatgan qogʻozga Samarqanddan yetib kelish tarixini bayon etdi.

Uni kuzatib turgan komandir oʻrnidan turib, qogʻozga koʻz yugurtirdi.

– Rus tilini yaxshi bilarkansan, husnixating ham chiroyli ekan, bugundan boshlab shtabda ishlaysan, – dedi mayin tabassum bilan oddiy askar Hasan Normurodovga yuzlanib. – Maxfiy hujjatlar bilan ishlaysan. Mening yordamchim boʻlasan. Tushundingmi?

– Xoʻp boʻladi oʻrtoq mayor. Ketishga ruxsat bering...

Armiya Hasan Normurodov uchun qiyin boshlanmadi. Ammo, endigina boshqa tilli mamlakatdan borib, bir yoʻla hujjatlar bilan rus tilida ish yuritish oson emas edi. Shunday boʻlsa-da, u bu ishni uddaladi. Oʻsha kundan boshlab rus tilini mukammal oʻrganishga kirishdi. Kuni bilan shtabda ishladi, kechki ovqatdan keyin yarim tungacha kazarmaning maʼnaviyat xonasiga kirib, rus tilini oʻrgana boshladi. Uning qoʻllari yozuv taxtasiga aylandi. Tunlari qoʻllarini ustiga, kaftiga toʻldirib yozdi, kun boʻyi shu yozuvlarni ish jarayonida qoʻlladi. Chap qoʻli tarjimon-lugʻat vazifasini bajarsa, oʻng qoʻli kelishiklar haqida maʼlumot berib turardi. Koʻp oʻtmay barcha qiyinchiliklarni ortda qoldirdi.

Shunday qilib, har kuni ertalabki nonushtadan keyin hamma soldatlar oʻz vazifalarini ado etishga ketishadi, Hasan Normurodov esa idoraga, shtab boshligʻining xonasi yonida joylashgan, barcha qulayliklarga ega, bir qismi boshqalar kirmasligi uchun toʻsib qoʻyilgan maxsus xizmat xonasiga kirib, ish yuritadi. Har bir xizmatchi va soldat uchun maxfiy xizmat varaqalarini toʻldirib boradi.

– 1959-yili harbiy xizmatni oʻtab yurgan kezlarim Ukrainada turib Oʻzbekistonga oid xabarlarni shtab kutubxonasiga keladigan gazetalardan oʻqib-bilib olardim, – deydi Hasan Normurodov. – Kunlarning birida gazetada Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy komitetining plenumi boʻlib, unda tashkiliy masala koʻrilganligi haqidagi maqolaga koʻzim tushdi, Plenumda sobiq birinchi sekretar Sobir Kamolov oʻrniga Sharof Rashidov Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy komitetining birinchi sekretari etib saylanganligidan xabardor boʻldim. Unga qadar Sharof Rashidovni yozuvchi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, shuningdek, Oʻzbekiston Oliy Kengashi Prezidiumining raisi sifatida ommaviy axborot vositalari orqali bilardim. Bu xabarni eshitib, oʻzimda yoʻq xursand boʻlganman. Nega-ki, Sharof Rashidovning yaxshi xususiyatlari, fazilatlari haqida koʻp eshitgandim. Asarlarini oʻqigandim. Ayniqsa, “Gʻoliblar” qissasini oʻqib, unga nisbatan bolalikdan mehrim oshgan edi. Koʻp oʻtmay harbiy qismda millatlararo doʻstlik masalasida yigʻilish boʻldi va men unda oʻzbekligimdan gʻururlanib, Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati haqida rus tilida maʼruza qilgandim...

Oddiy askar Hasan Normurodov harbiy qismda tez tanildi. Bir necha bor qism rahbarlarining mukofotlariga sazovor boʻldi. Uning tartib intizomi, tashkilotchiligi, mehnatsevarligi, ayniqsa, kitobsevarligi koʻpchilikda qiziqish uygʻotdi. Harbiy qism kutubxonasi maʼmuriyati tomonidan eng koʻp kitob oʻqigan kitobxon sifatida eʼtirof etildi. Harbiy qism komandiri uni eng zukko kitobxon-askar sifatida mukofotlab, tugʻilib oʻsgan yurtiga minnatdorchilik xati yoʻlladi va bu xat 1960-yil “Lenin yoʻli” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida chop etildi. Xatda “Serjant Hasan Normurodov kitob va gazeta oʻqish, mazmun-mohiyatini tushuntirib berishda safdoshlariga oʻrnak. Undagi shijoat va joʻshqinlikka havas qilamiz” degan soʻzlar bitilgan edi.

1961-yil. Bahor. Uch yillik harbiy xizmatni namunali oʻtab, oddiy askarlikdan leytenant unvoniga qadar koʻtarilib Kattaqoʻrgʻonga qaytdi. Uch yil mobaynida rus tilini mukammal oʻrgangan, harbiy va siyosiy jihatdan chuqur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan, yuzlab kitoblarni mutola qilgan, “Musofir boʻlmaguncha musulmon boʻlmaysan” deganlaridek, musofirchilikni ham boshidan oʻtkazgan va shu bilan birga oʻzga mamlakatlar xalqlarining hayoti va sharoitlarini yaqindan oʻrgangan Hasan Normurodov oʻsha yili Samarqand davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetiga oʻqishga kirdi. Ochigʻi, uning bilimi, nutqining ravonligi, husnixati, koʻplab milliy va xorijiy badiiy adabiyotlarni, sheʼrlarni bilishi va teran mushohada qilishi imtihon komissiyasi aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi, universitet rahbariyatining eʼtiborini tortdi.

Shu zaylda u Samarqand davlat universitetiga talaba sifatida qadam qoʻydi. Talabalik yillari domlalarning, tengdosh-talaba doʻstlarining nazariga tushdi. Oʻzining yurish-turishi, muomalasi, odobi va ustozlarga nisbatan hurmati bilan koʻpchilikka namuna koʻrsata boshladi. Kim oʻqish yoki yozishdan yordam soʻrasa “yoʻq” demadi. Seminar darslarida domlaning boshqalardan soʻrashiga vaqt qoldirmaydigan darajada minbardan tushmadi... Fanlarni chuqur oʻzlashtirib, har bir kursni aʼlo baholar bilan yakuniga yetkazib bordi. Bitiruv kursida diplom ishini kattaqoʻrgʻonlik mumtoz shoirlar ijodiga bagʻishladi. Mazkur diplom ishi imtihon hayʼati tomonidan aʼlo baholandi va bitiruvchi talaba aspiranturaga tavsiya qilindi. Ammo, u moddiy ahvolini oʻylab, ilmiy ish qilishdan voz kechdi.

Oʻz faoliyatini Kattaqoʻrgʻon shahridagi 3-oʻrta maktabda oʻqituvchilikdan boshlagan Hasan Normurodov tez orada Kattaqoʻrgʻon shahrida iqtidorli va tashabbuskor oʻqituvchi sifatida tanila boshladi. Akademik Vohid Abdulla, taniqli olimlar Ulugʻ Tursunov, Boturxon Valixoʻjayev, Xudoyberdi Doniyorov, Orifjon Ikromov, Hamdam Berdiyorov, Nuriddin Shukurov, Saydulla Mirzayev kabi ustozlarining saboqlarini olgan talantli oʻqituvchi maktabda dars bera boshlagandanoq el ogʻziga tushdi. Negaki, yosh muallimda fikr yoki gʻoyani odamlarga loʻnda, chiroyli, tushunarli yetkaza olish qobiliyati bor edi. Eng muhimi u tengdoshlarinigina emas, koʻplab hamkasblarini ham oʻz soʻziga ishontira olardi. Yosh oʻqituvchining ochiq darslariga tashrif buyurgan hamkasblarida, ota-onalarda uning darslarga ijodiy yondashuvi katta taassurot qoldira boshladi. Qisqa vaqt ichida oʻquvchilarning jonkuyar va mehribon ustoziga aylandi.

10.JPG

U oʻqituvchilik oddiy kasb emasligini, qachonki oʻqituvchi oʻz faoliyati yoʻlida katta mehnat va jasorat qilish kerakligini his etsa, bu kasb eng ulugʻ, eng sharafli va obroʻli kasb ekanligini qisqa fursat ichida atrofidagilarga koʻrsata bildi.

“Mehnat qilgan elda aziz” deganlaridek, Hasan Normurodov oʻz mehnati bilan kattaqoʻrgʻonliklarning eʼtiborini, hurmatini qozona boshladi. U 1963-yilning oʻzida Kattaqoʻrgʻon shahar Yoshlar qoʻmitasi yoʻriqchisi lavozimiga qabul qilindi. Yosh va tirishqoq, harakatchan xodim koʻp oʻtmay boʻlim mudiri lavozimiga koʻtarildi.

Yigirma kunlik chaqaloqligida mehribon otasi – padari buzrukvoridan ayrilib qolgan, oʻshandan boshlab yigirma besh yil oraligʻida oʻtkazgan kunlarning, boshidan kechirgan voqea-yu hodisalarning: ayriliq, yetishmovchilik, qora mehnat singari hayotning achchiq sinovlarini bardosh bilan yengib kelgan Hasan Normurodov 1965-yil siyosiy maydonga chiqib keldi.

Oʻsha davrning yakka hukmron partiyasi shahar qoʻmitasining tashkiliy boʻlimi mudiri lavozimiga oʻtirdi. Shundan keyin uning lavozimlarga koʻtarilishi tezlashib bordi. Kechagi oʻqituvchi bugunning ilgʻor rahbarlaridan biriga aylandi. Samarqand viloyati partiya qoʻmitasi inspektori, Jomboy tumani partiya qoʻmitasi ikkinchi sekretari, Samarqand viloyati partiya qoʻmitasi boʻlim mudiri lavozimlariga dadillik bilan chiqib bordi. Albatta, u davrlarda ham bunday lavozimlarda ishlash uchun alohida: intizom, har bir ishda shaxsiy namuna, halollik, poklik, toʻgʻrilik, tozalik, madaniyat... kabi talablar bor edi. Bu xislat va fazilatlarning barchasini oʻzida mujassam etgan Hasan Normurodov 1978-yilda Oʻzbekiston kompartiyasi Samarqand viloyati qoʻmitasining mafkuraviy sekretari kursisiga oʻtirdi va shu orada ishdan ajralmagan holda Moskva shahrida KPSS markaziy Komiteti huzuridagi Ijtimoiy fanlar akademiyasini imtiyozli diplom bilan tugatdi.

– Uzoq yillar davomida fidoyi inson Hasan Norbekovich bilan baqamti ishlaganimdan faxrlanaman, – deydi mehnat faxriysi Mansur Abduraimov. – U Samarqand viloyati partiya qoʻmitasi sekretari boʻlib ishlagan kezlarda men “Bolshevik” (hozirgi Pastdargʻom tumanining bir qismi) tumani partiya tashkilotining birinchi sekretari boʻlib ishlaganman. U viloyatimizning eng isteʼdodli, ishbilarmon rahbarlaridan biri edi. Mafkuraviy ishlar boʻyicha viloyat rahbari sifatida bizga koʻp yordam bergan. Suhbatlaridan, tajribalaridan, imkoniyatlaridan keng foydalanganmiz. Odamlar qalbiga yoʻl topish, fikrni tushunarli ifodalash, kerakli gapni kerakli joyda aytishda undan ibrat olsa arziydi. U ajoyib notiq, obroʻli kayvoni, mehribon doʻst sifatida qalbimizdan chuqur joy olgan. Uning insoniylik va rahbarlik fazilatlariga havas qilamiz. Shu sababli, sakson yoshni qarshilagan bir paytda ham Hasan aka xalqning hurmat-eʼzozida.

Darhaqiqat, sobiq kompartiyaning mafkuraviy ishlar boʻyicha viloyat rahbari boʻlish oson ish emas edi. Hasan Normurodov bu ishni mohirlik bilan bajardi. Maʼlumki, Samarqand viloyati aholi soni jihatidan ham, maydoni jihatidan ham, boshqa jihatlardan ham mamlakatda oʻz oʻrniga ega boʻlgan viloyat. Uning har bir goʻshasi, har bir qarich yer maydoni, choʻpon-choʻligʻiyu dehqoni, ziyolisi-yu zargari, barcha-barchasi Hasan Normurodovning eʼtiborida boʻldi. Asosiy eʼtiborni aholining siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirishga, xalqning kayfiyatini koʻtarishga, odamlar bilan yaqin munosabatda boʻlishga qaratdi. Oʻsha kezlarda viloyat kompartiyasining bosh nashri sifatida chop etiladigan “Lenin yoʻli” (hozirgi “Zarafshon“)gazetasining har bir korxona-yu muassasaga: mehnat jamoasiga, ishchiga, xizmatchiga; har bir dala maydoniga: dehqonga, suvchiga, chorvadorga; har bir xonadonga: oʻqituvchiga, uy bekasiga, oʻquvchiga yetkazish choralarini koʻrdi. Viloyat gazetasida oddiy dehqon yoki choʻponga bagʻishlangan maqolalar soni ortib bordi. Odamlarni kayfiyatini koʻtarish, ularga ichki ruh berish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida qaradi. Va bu kabi saʼy-harakatlari bilan viloyatning ham iqtisodiy, ham ijtimoiy rivojlanishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshdi. Mana shunday katta tajriba bilan 1985-1988-yillarda Oʻzbekiston Kompartiyasi Narpay tumani qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimida faoliyat yuritdi.

– Narpay tumani partiya tashkilotining birinchi kotibi Hasan Normurodov haqida koʻp yaxshi fikrlarni eshitib yurardimu, ammo u bilan 1987-yilga kelib yuzma-yuz koʻrishish imkoniga ega boʻldim, – deydi mehnat faxriysi Akrom Rahmatov. – Bu vaqtda Oqtosh shahridagi 4-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlardim. Maktab boshlangʻich partiya tashkilotining tavsiyasi bilan hujjatlarim KPSS safiga qabul qilish uchun taqdim qilingan edi. Oʻshanda 11 kishilik byuro yigʻilishida Hasan Norbekovich hujjatlarimni koʻrib, bizga asosan sut sogʻuvchi, pilla boquvchi, quruvchi, traktorchi, suvchilarning hujjatlari taqdim qilingan, oʻqituvchini ham tavsiya qilsa boʻlar ekan-ku, deb hujjatlarimni koʻzdan kechira boshladi va menga yuzlanib, “Partiyaning jamiyatni qayta qurish siyosatini qanday tushunasiz”, deya savol berdi. Men Oʻzkompartiya Markaziy komitetining 16-Plenumi qarorlari va “Jamiyatni qayta qurish strategiyasi” haqida gapirib berdim. Oʻshanda byuro raisi yigʻilganlarga qarab: “Koʻrdingizlarmi, bizda shunday ilmli, partiya siyosatini yaxshi tushunadigan yoshlar bor, biz ularni izlab topishimiz, tarbiyalab borishimiz kerak. Aks holda ertaga bizning oʻrnimizga kim keladi, bizning ishimizni kim davom ettiradi? Oʻrtoqlar, kadrlar masalasi muhim masala, bu masalaga hammamiz va har doim bosh qotirishimiz kerak, ayniqsa, yosh kadrlarni qoʻllab-quvvatlash vaqti keldi, ular siz bilan bizning oʻrnimizga kelishi kerak” degan gaplarni aytdi. Uning yoshlarga boʻlgan eʼtibori, gʻamxoʻrligi natijasida oʻttiz yilga yaqin rahbarlik (maktab direktori, tuman va shahar xalq taʼlimi boʻlimi mudiri, tuman hokimining oʻrinbosari) lavozimlarida ishladim.

– Hasan Norbekovich viloyatdagi eng katta tumanlardan biri boʻlgan Narpay tumaniga rahbarlik qilgan kezlarini yaxshi eslayman, – deydi mehnat faxriysi Neʼmat Obilov. – Men oʻshanda “Qishloqxoʻjalikkimyo” birlashmasi raisi edim. U tez orada tumanda hurmat qozondi. Xalq bilan muloqotga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy hayotni ravnaq toptirish masalalariga kirishdi. Uning ovozidagi mayinlik, soʻzidagi shira, ayni vaqtda salobat bilan yurish, taʼsirchan va sinovchan qarash orqali tuman boshqaruv idoralari rahbarlarini va mutaxassislarni oʻziga rom qilib qoʻydi. Muloyimlik va ayni vaqtda har tomonlama namuna koʻrsatish prinsipi oʻz natijasini berdi va u bu bilan narpayliklarning suyanchigʻiga aylandi. Tumanda paxta va paxta sanoati, poliz va bogʻdorchilik, gʻalla, chorva va boshqa xomashyo bazasi faoliyati aynan mafkuraviy yondashuvlar evaziga rivojlandi. Aholini kamsitish, qoʻrqitish bilan emas, ruhiyatini, kayfiyatini koʻtarish, oʻz vaqtida ragʻbatlantirish orqali tumanda barcha yoʻnalishlar boʻyicha ish sifati va samaradorligi oshirildi. Taʼlim-tarbiya va sport yoʻnalishlari tuman rahbarining birinchi navbatdagi ishiga aylandi. Men buni tuman partiya qoʻmitasida boʻlim mudiri lavozimida ishlagan davrimda aniq his etdim.

Ha, bu birgina Neʼmat Obilovning fikri emas, butun narpayliklarning fikri. Kezi kelganda aytish joizki, 1994 – 1997-yillarda Narpay tumanlararo sudining raisi boʻlib ishladim. Oʻshandan buyon narpaylik, oqtoshlik odamlar bilan koʻp suhbatlashishimga toʻgʻri kelgan. Qaysi davrada boʻlmaylik, albatta, Hasan Normurodovni yaxshi xislatlari bilan, xususan halol va pok, koʻzi toʻq rahbar sifatida tilga olishadi. “Bir kun tuz yegan joyga qirq kun salomni Hasan akadan oʻrgandik”, “Hali-hamon Narpaydan, narpayliklardan uzilib ketmagan, toʻy-maʼrakadan xabardor”, “Katta-yu kichikka, boy va kambagʻalga birdek rahbarni Hasan Normurodov timsolida koʻrganmiz”, kabi gaplarni koʻp eshitaman. Zamonamiz qahramoni oʻzining kamtarligi, samimiyligi, odamoxunligi va oqibati bilan Narpay xalqining koʻnglini zabt eta olgan rahbar edi, desak hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi.

1988-yildan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi ijroiya qoʻmitasi xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi lavozimida ish boshlagan Hasan Normurodov oʻz kasbiy faoliyatiga qaytganidan xursand edi. Mamlakat taqdirini hal qiluvchi kuch – taʼlim-tarbiya ekanligini yaxshi bilgan qahramonimiz ishni maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini va ularning moddiy-texnik ahvolini oʻrganishdan boshladi. 1989-yil Islom Karimovning mamlakat rahbari sifatida ish boshlashi, oʻsha yilning oʻzida Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi va boshqa jiddiy oʻzgarishlar boshqarma boshligʻini toʻlqinlantirib, ilhomlantirib yubordi. Pirovardida, u Oʻzbekistonning oʻz taʼlim-tarbiya tizimi boʻlishi kerak va unda har bir oʻquvchi adolatli ravishda, hech kimdan kam boʻlmagan holatda, teng sharoitda oʻqishi kerak, degan maqsad bilan harakat qildi. Har bir fan oʻqituvchisi, pedagogik kengashlar oldiga darslarni oldindan puxta tayyorgarlik koʻrgan holda koʻrgazmali qurollar yordamida, interfaol uslubda oʻtish masalasini qatʼiy belgilab qoʻydi. Oʻqituvchilar malakasini oshirish, ularni eng soʻnggi pedagogik-metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash, ochiq darslarni koʻpaytirish, maktab va sinf ota-onalar kengashlari faoliyatini tubdan yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

– Hasan Normurodov Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi boʻlgan davrlar viloyatda xalq taʼlimi rivojlanish bosqichiga chiqqan edi, – deydi mehnat faxriysi Akrom Rahmatov. – Hamma ish tartibli, rejali hamda oʻz vaqtida amalga oshirilardi. Masalan, tuman (shahar) xalq taʼlimi mudirlari bilan oyida bir marta yigʻilish oʻtkazardi. Yigʻilishni belgilangan vaqtdan bir minut ham kechiktirmasdan boshlab, belgilangan vaqtda tugatardi. Bir qarashdan insonning ichki dunyosini bilib oladigan, nihoyatda sinchkov, xotirasi kuchli, har bir masalani biladigan va tahlil qiladigan noyob isteʼdodli rahbarimiz hammamiz uchun namuna edi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Majlisni sanʼat bilan boshqarardi. Qosh-qovoq solish, doʻq urish, baqirish, soʻkinish kabi illatlarga begona boʻlgan Hasan Normurodov yaxshi kayfiyat, ochiq yuz bilan yigʻilish oʻtkazardi. Yigʻilishda masalani ichiga kirib, uni tagiga yetganligi oydek ravshan boʻlib turardi. Xatoga yoʻl qoʻygan mahalliy rahbarlarning soʻzlarini diqqat bilan tinglab, “Bunday xato va kamchiliklar sizga umuman yarashmabdi. Axir siz juda qobiliyatli, zukko rahbarsiz-ku, ishongim kelmaydi”, degan soʻzlar bilan eʼtiroz bildirib qoʻyardi, xolos. Bunday jozibali munosabat qoʻl ostidagi rahbarlarni kuyib-yonib ishlashga ruhlantirardi.

Maʼlumki, igna bilan quduq qazish singari ogʻir kasb egalari – fan, taʼlim fidoyilari har doim himoyaga, koʻmakka, qoʻllab-quvvatlashga muhtoj. Hasan Normurodovning 1995-yili xalq taʼlimi va fan xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyati qoʻmitasi raisi lavozimida ish boshlashi soha xodimlarini quvontirib yubordi. Isteʼdodli, tadbirli va ayni vaqtda gʻamxoʻr, mehribon rahbar soha vakillarini qoʻllab-quvvatlash uchun jon-dildan kirishdi.

Samarqandga borsam, mahalliy gazetalar bilan qiziqib qolaman. Kunlarning birida Hasan Normurodov haqidagi maqolaga koʻzim tushdi. Unda, jumladan, shunday satrlar bor edi:

– Hayotda isteʼdod degan muqaddas tushuncha bor, – deya soʻz boshlagan xalq taʼlimi xodimi Abduhalim Meliyev. – Kurrai zaminda minglab, millionlab odamlar yashasa-da, har kimga ham nasib etmas bir noyob neʼmat bor – bu isteʼdod. Oʻylayman-ki, Samarqand qadim-qadimdan dunyo xalqlarining diqqat markazida boʻlib kelgan. Bu yerda ilm fanning rivojlanganligi, dehqonchilik madaniyati, bogʻdorchilik rivoji-yu qurilish va obodonchilikdagi oʻziga xoslik barchani hayratga solgan va bundan keyin ham solaveradi. Bugun ham bu anʼana taʼsirchanligi, kuchi va mazmunini yoʻqotgan emas. Hasan Norbekovichga boqib taʼsirlanaman: isteʼdodli odamlar koʻp, juda ham koʻp. Ammo, Samarqandda mingta boʻlishsa gar ular, bittasi ustoz Hasan Normurodov, – deya baralla ayta olaman:

Shunday yaralgandir dunyo azaldan,

Har kimga ham nasib etmas isteʼdod.

Samarqandda mingta boʻlishsa ular,

Bittasi, Siz, ustoz – Hasan Normurod.

– Hasan Normurodov bilan uzoq yillardan buyon yonma-yon mehnat qilib kelyapmiz, – deydi shogirdi Mahmud Boboyorov. – Ustozning har bir bosgan izi ibrat, namuna. Qayerda ishlagan boʻlmasin, yaxshi iz qoldirgan, yaxshi nom qoldirgan. Har bir ishga sidqidildan yondashish, topshiriqqa masʼuliyat bilan qarash, natijadorlik, sifat va samaradorlik uchun kurashish, bugungi ishni ertaga qoldirmaslik kabi odatlari biz uchun juda katta namuna, juda katta maktab. Samarqand viloyati taʼlim tizimini koʻtarib berganligini, sohaga iqtidorli, talantli kadrlarni olib kirganligini, natijadorlikka erishganligini, keyinchalik kasaba uyushmasi raisi sifatida soha xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlaganligini, ularni mehnat qilish va dam olish sharoitlarini butunlay yangicha tizimga olib chiqqanligini guvohimiz. Qayerda, qaysi lavozimda ishlagan boʻlmasin, yoshu qariga bir xil samimiy munosabat, oqibat koʻrsatish, soʻz va ish birligi, yuksak huquqiy madaniyat bilan ish tutish kabi fazilatlari koʻpchilikni hayratlantiradi. Toʻgʻrisini aytsam, u bilmaydigan ishning, tushunmaydigan yoki aralashmaydigan masalaning oʻzi yoʻq. Viloyatimizning jonli arxivi. Biz kimni yoki nimani axtarsak, Hasan Normurodov orqali topamiz, biz nimadan qiynalsak, uning maslahatlariga tayanamiz.

Shu oʻrinda aytish joizki, uzluksiz rahbarlik lavozimlarida ishlashning oʻzi boʻlmaydi. “Mansabga chiqib olish oson, ammo uni saqlab qolish qiyin”, degan gap bejiz aytilmagan. Mansab yukini koʻtarish, masʼuliyatini his etib yashash hammaning ham qoʻlidan keladigan ish emas, aslida. Hasan Normurodov ana shu yukni vijdon bilan, halollik va poklik bilan, samimiyat va sadoqat bilan koʻtardi. Yaxshilikni hayot yoʻlining bosh shioriga, kamtarlikni ish quroliga aylantirdi. Odamlarga mehribonlik bilan muomalada boʻldi. Har bir inson bilan tabassum ostida muloqotga kirishdi. Eng muhimi, 17 yoshida boshlagan oʻqituvchilik kasbini unutmadi. Har bir ishga pedagog nuqtayi nazaridan yondashdi. Agar mendan pedagog qanday xislatlarga ega boʻlishi kerak, deb soʻrashsa, albatta, Samarqandga borib Hasan Normurodovni koʻring, degan boʻlardim.

U tevarak-atrofidagi odamlardan faqat yaxshilik izlashga, ularning goʻzal, insoniy fazilatlarini aniqlashga va qadrlashga, oʻksik qalblarga malham boʻlishga odatlangan. Viloyatda turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʻrsatganida, ayniqsa, xalq taʼlimini boshqargan kezlarida ana shunday mohir pedagogligi qoʻl keldi va pirovardida koʻpchilikning samimiy hurmat-eʼtiboriga musharraf boʻldi.

– Vazifa, martaba insonning oʻziga bino qoʻyib kibru havoga berilishi uchun emas, aksincha, ezgu amallari bilan oʻzgalar qalbida yaxshilik chamanzorlarini bino etish uchun berilgan imkoniyat, – deydi Hasan Normurodov. – Qaysi bir rahbar shu qoidaga amal qilib ish koʻrsa, doimo xalqning nazarida boʻladi. Ota-onasiga, taʼlim-tarbiya bergan ustozlariga rahmat keltiradi. Men ham holmi qudrat mehnat qilib, hazrat Alisher Navoiy aytganidek xalq ichidaman, xalqnikiman, xalq bilan birgaman...

Odamiy ersang, demagil odami

Onikim, yoʻq halq gʻamidin gʻami.

Oʻz tinchini, farogʻatini oʻylamagan, oʻz manfaatlaridan oʻzgalar manfaatini ustun qoʻygan, butun umrini jamoat ishlariga, jamoatchilikka bagʻishlagan, xalq gʻami va tashvishlarini oʻziniki deb bilgan bu olihimmat inson shundan keyin ham jamiyat ishlaridan uzilib qolgan emas. U 2003-yildan boshlab “Nuroniy” jamgʻarmasi Samarqand viloyati kengashiga raislik qilib kelmoqda.

– Yer yuzining sayqali boʻlgan azim Samarqandda yashab va ishlab tafakkurshunos-muallim, zukko donishmand, serqirra rahbar boʻlib yetishgan Hasan Normurodovni har koʻrganimda yuzida chaqnab turgan komillik nuridan koʻzlarim qamashadi, – deydi taniqli huquqshunos, Samarqand viloyati sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri, Samarqand viloyati hokimi va boshqa masʼul vazifalarda ishlagan, birinchi darajali davlat adliya maslahatchisi Alisher Mardiyev. – Ayniqsa, uning koʻplab sifatlari menda juda katta qiziqish uygʻotgan. Ularni sanaydigan boʻlsak bir-biriga ulanib ketaveradi. Avvalo, Hasan Norbekovichni oʻta madaniyatli shaxs va yuksak maʼnaviyatli zamondosh sifatida yaxshi bilaman. U odamlar bilan muomala va munosabatda juda madaniyatli. Hech kimning koʻnglini ogʻritmaydi. Har bir odamning hurmatini joyiga qoʻyib muomala qila biladi. Har bir qadamini oʻylab bosadi, yetti oʻlchab, bir kesadi. Qaysi lavozimda boʻlishidan qatʼi nazar, oʻsha lavozimning hurmatini joyiga qoʻyib, davlatga ham, hokimiyatga ham, xalqqa ham sadoqat bilan xizmat qilib kelmoqda. Oʻz vazifasiga va berilgan har qanday topshiriqqa masʼuliyat bilan yondashishini nafaqat men, butun jamoatchilik yaxshi biladi. Shu sababli ham Hasan Norbekovich keng jamoatchilikning eʼtiborini, hurmatini qozongan. Kezi kelganida taʼkidlash joizki, Hasan Normurodovning bolaligi urush yillari va urushdan keyingi ocharchilik, qahatchilik, inson sabr-toqati hamda mehr-oqibati sinovdan oʻtgan ogʻir yillarga toʻgʻri kelgan. Oʻsha davr va uning qiyinchiliklari ham Hasan Normurodov uchun katta maktab vazifasini oʻtagan, deb oʻylayman. Qiyinchiliklarni koʻrgan bu avlod vakillari halol, mehnatkash, tiriklikning, yaxshilikning qadriga yetadigan mehr-oqibatli odamlardir. Hasan akadagi hayotga muhabbat, ota-onaga, mahallaga, ona yurtga sadoqat, shu Vatan uchun halol va sidqidildan mehnat qilish tushunchasi tahsinga loyiq. Qolaversa, u kishi tugʻilib oʻsgan oiladagi muhit va berilgan tarbiya hozirga qadar ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Eng muhimi, ota-bobolaridan oʻtgan tarbiya, shijoat, mehnatsevarlik belgilari soʻngan emas. Aksincha, avj olib, zamondoshlarining mehribon doʻstiga, nuroniylarning, nogiron va yordamga muhtoj insonlarning gʻamxoʻr otasiga aylangan. U kishi hayotining saksoninchi bahorini qarshilash arafasida ham Yurt ravnaqi, Vatan taraqqiyoti, Xalq farovonligi yoʻlida samarali mehnat qilib kelmoqda, yonib-yonib, har bir ishidan zavqlanib yashamoqda.

Darhaqiqat, Hasan Normurodov har bir muvaffaqiyatga erishganida bolaligida oʻtib ketgan ota-onasini eslab turadi. Ha, Normurod otadan oʻtgan xislatlari talaygina. Ayniqsa, kayvonichilik. Chunki, Normurod ota ham yaxshigina oqsoqol-kayvoni edilar-da. Qishloq aholisi, yon-veridagi odamlar, qarindoshlar hayotiy falsafasi chuqur boʻlgan otaxonni oʻzlarining maslahatchisi deb tan olishgan. Oqsoqol qishloqdagi obodonlashtirishdan tortib toʻy-maʼrakalargacha boshqargan. Har bir kishining qobiliyati va isteʼdodiga qarab ish buyurgan. Hamma vaqt toʻgʻri fikrni qadrlagan va quvvatlagan. Buni bilgan koʻplab kattaqoʻrgʻonliklar Normurod ota bilan bamaslahat ish tutgan. Bugun ana shunday otameros xislatlari namoyon boʻlgan Hasan Normurodov samarqandliklarning sevimli otaxoniga, faxrli kayvonisiga aylangan.

U bugungi kunda Samarqand viloyatidagi 255 ming nafardan ortiq mehnat faxriysi – nuroniylarga bosh-qosh. Uning butun vujudini Vatanga muhabbat, ajdodlarga hurmat, vazifaga masʼuliyat egallab olgan. Ana shu masʼuliyat unga bitmas-tugunmas kuch-quvvat, yoshlarga xos gʻayrat-shijoat baxsh etmoqda.

– Oramizda shunday insonlar borki, ular haqida gapirish, ular haqida yozish, ularning qilgan keng qamrovli ishlarini eʼtirof etish, eng muhimi, ular bilan zamondosh va davradosh boʻlib, yelkama-yelka turib mehnat qilish nafaqat baxt, balki saodat hamdir, – deydi Poʻlat Abdurahmonov. – Hasan Normurodov ana shunday faxr-iftixorga munosib inson. Undagi yuksak bilim va saviya, kuchli xotira, mehnatkashlik, sabr-toqatlilik, insoniylik, xalqparvarlik, kishilarning ezgu fazilatlarini hamisha ijobiy baholash, yaxshilik uchun yashash, boshlab yuborilgan xayrli ishlarni oxirigacha yetkazish, eng muhimi, hammaga birdek maqbul keladigan loyihalarni amalga oshirish barchaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Men salkam 50 yil mobaynida Hasan Normurodov bilan hamfikr boʻlib, davlat idoralarida yelkama-yelka xizmat qilganimdan faxrlanaman. U kishi 1970-yilda viloyatning gʻoyaviy-mafkuraviy masalalari boʻyicha yetakchisi boʻlib tayinlanganidan beri xalq maʼnaviyati va maʼrifati uchun xizmat qilib kelmoqda. Bir muddat Samarqand viloyatining Narpay tumanida birinchi rahbar vazifasida ishladi. Qayda boʻlmasin, qaysi idorada, qanday lavozimda faoliyat yuritmasin hamisha halol boʻlib, sidqidildan mehnat qildi. Hamkasblariga mehribon boʻlib, ulardan yordamini ayamaydigan sevimli ustoz va yetakchi boʻlib yashadi. Men u kishi bilan bir vaqtda viloyatda qurilish ishlari boʻyicha rahbar boʻlib ishladim, turli lavozimlarda faoliyat yuritdim. 1984-1989-yillarda Toshkent viloyati ijroiya qoʻmitasi raisi boʻldim. Biroq hamisha Hasan Normurodov bilan hamfikr boʻlganman. Mustaqillikning dastlabki yillarida 8 yil Samarqand viloyati hokimi vazifasida ishladim. Bu paytda Hasan Normurodov viloyat xalq taʼlimi boʻlimi rahbari, keyinchalik xalq taʼlimi xodimlari kasaba uyushmasini boshqardi. Viloyatning nafaqat iqtisodiy, balki, maʼnaviy, madaniy salohiyatini yuksaltirishda, eng koʻp sayyohlar tashrif buyuradigan, hamisha dunyo eʼtiborida boʻlgan Samarqand shahrining obodligi, koʻrkamligi va jozibasi uchun kurashishda Hasan Normurodovning xizmatlari katta. Hasan Normurodov bugun respublika “Nuroniy” jamgʻarmasining viloyat boʻlimi raisi sifatida ham ibratli ishlarni amalga oshirmoqda. Bu viloyatimiz nuroniylari uchun berilayotgan imkoniyatlar va qilinayotgan amaliy ishlarda ham koʻrinib turibdi. Keksalarni eʼzozlash, ardoqlash, ularning boy mehnat tajribasini munosib baholash, yoshlarga ibrat namunasi qilib koʻrsatish, ularning hayotdan rizoligi va mamnuniyatini oshirish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Hasan Normurodov nafaqat ibrat olishga arzigulik rahbar, balki tajribali tashkilotchi, kuchli notiq hamdir. Men mehnat faoliyatim davomida u kishining notiqlik sanʼatiga, zukkoligiga va ziyrakligiga qoyil qolganman. U kishidagi fikrlarning teranligi, har bir nutqining dolzarbligi, jamiyatning barcha sohalari boʻyicha oʻziga xos bilimga ega ekanligi, tajribasi yuqoriligi tahsinga loyiq. Buning sabablarini esa Hasan Normurodovning doim oʻqish va izlanishdagi kitobxon ekanligidan, mehnatdan qochmasligidan, insonlarga faqat va faqat yaxshilik sogʻinadigan qalbi daryoligidan deb bilaman. Bunday saodat hammaga ham nasib etavermaydi. Oramizda, safimizda Hasan Norbekovich kabi insonlarning borligi, nafaqat bizning, balki, kelajak avlodning ham baxtidir.

Ha, Poʻlat Majidovich eʼtirof etganidek, tinib-tinchimas bu fidoyi inson hali hamon viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etib kelmoqda, uzoq yillardan beri viloyat kengashining deputati sifatida yosh deputatlarga namuna boʻlib, ibratli ishlarni amalga oshirmoqda. Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha viloyat saylov komissiyasining raisi, keyingi besh yil oraligʻida Prezident saylovlarida ikki marta ishonchli vakil sifatida ishtirok etib, samarqandliklarning qalbidan yana bir bor joy oldi. Xususan, 2015-yilda oʻtkazilgan Prezidentlik saylovida Respublika Prezidentligiga nomzod Islom Karimovning, 2016-yilgi Prezidentlik saylovida Respublika Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Ishonchli vakili boʻlishdek yuksak va sharafli masʼuliyatga ega boʻlib, nomzodlar ishonchini toʻliq oqladi.

U har doim jamiyatning ustunlari adolat poydevoridan qad rostlasagina mustahkam boʻlishini qayta-qayta taʼkidlaydi. Shu bois yuz berayotgan ijtimoiy jarayonlarga teran nazar bilan qarab adolat mezonlarining qaror topishida astoydil koʻmakdosh boʻlmoqda. Koʻpni koʻrgan, koʻpchilik bilan tillasha oladigan adolatparvar inson bugun viloyatda ijtimoiy masalalarni hal etishga daxldor koʻplab komissiyalar aʼzosi etib saylangani ham bejiz emas. Bu komissiyalarning har biri davlat organlari bilan bevosita hamkorlikda ishlab, umumxalq manfaati uchun eng toʻgʻri qarorlar qabul qilish bilan birga jamoatchilikning ijtimoiy jarayonlarga nisbatan faol ishtirokini taʼminlashga ham xizmat qilmoqda.

U Samarqandda amalga oshirilayotgan davlat islohotlariga nodavlat tashkilotining ulushini qoʻshayotgan, daxldorlik hissi bilan mehnat qilayotgan jamoat arbobi. Har bir bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlarining, yuksalishlarining tom maʼnodagi ishtirokchisi. U koʻhna va muazzam shaharning tarixiy qiyofasini saqlab qolgan holda uni yanada obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, koʻcha-xiyobonlarini kengaytirish, turarjoylarini zamonaviylashtirish uchun hissa qoʻshib kelayotgan insonlardan biri. Samarqandni besh-oʻn yil muqaddam koʻrib ketgan sayyoh bugun tashrif buyurganida uning goʻzalligi, betakrorligi qarshisida takror hayratga tushishi tayin. Chunki Samarqand — bu koʻhna va moʻjizakor shahar, uni qadrlagan har bir keksayu yoshning, quruvchi-yu muhandisning, meʼmorning koʻz nuri, qalb qoʻri bilan qayta sayqal topmoqda. Qahramonimizning ana shu ulugʻvor ishlarda ham munosib hissasi bor.

Hozirga qadar ham maʼnaviy-maʼrifiy hayot uning jonu dili, u bilan ilm-u fan, madaniyat va sanʼat sohasida suhbat qursangiz uning quvvai hofizasi naqadar balandligiga, mustahkamligiga tan berasiz. Hayotdan ilhomlanish, kelajakka intilish, voizlik, fozillik va komillik hamisha ham odamni ulugʻlar, yetuklikka chorlar ekan. Yetuklik yoʻlida sobitqadamlik bilan borayotgan qahramonimiz bugungi kunda 80 yoshni qarshilab turgan boʻlsa-da, hamon joʻshqin, hamon ishchan.

– Hasan akani sheʼr yozmagan shoir deyishadi, – deydi taniqli jurnalist-shoir Farmon Toshev. – Otaxon nafaqat filolog, ayni vaqtda faylasuf ham. Mumtoz va hozirgi oʻzbek adabiyotining zukko bilimdoni. Kattaqoʻrgʻonlik Zavqiy, Noqis, Miriy, Samariddin Sirojiddinov kabi benazir insonlarning izdoshi. Shu sababli taniqli ijodkorlar ham u kishining oldida hushyor turishadi. Gazetashunoslikning ham koʻp sirlaridan xabardor, bizni doim qoʻllab-quvvatlaydi, yordam beradi. Kezi kelganda xatomizni ham koʻrsatib qoʻyadi... Hasan Normurodovni hammamiz kayvoni inson deb hurmat qilamiz. Kayvonilik degani, u yoki bu davrani ochib berish, davralarning toʻrida oʻtirishgina emas. Kayvonilik, bu – har bir yumushda masʼuliyatni zimmaga olish, birovga maslahat bera oladigan maʼnaviy obroʻga ega boʻlish, odamlarni oʻz ortidan ergashtira olish demakdir. U ana shunday inson. Ochigʻi oʻzini, oʻz tinchini oʻylagan inson emas. Tinib-tinchimaydi. Haligacha viloyatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar ishtirokchisi. Eng chekka qishloqlargacha borishdan, odamlarni tinglashdan, ularga yordam berishdan erinmaydi, charchamaydi...

Ha, bu maʼrifatparvar inson bilmagan masala, qiziqmagan sohaning oʻzi yoʻq. “Yuz yil yashasang, yuz yil oʻqi” shiorini mahkam ushlab olgan. Boʻsh vaqti boʻldimi, kitob mutola qilishga, gazeta-jurnal oʻqishga kirishadi. Alisher Navoiy gʻazallarini yoddan aytib, xotirasini mustahkamlaydi. Kitobdan olgan bilimlarini odamlarga ulashadi. Uning ibratli xislatlaridan yana biri – odamlarga yaxshilik qilish, yaxshi gapirish, yaxshi amallari bilan oʻrnak koʻrsatishdir. Ayniqsa, insonlar qalbiga yoʻl topishni, har qanday oddiy insonni ham juda salohiyatli, ulugʻvor qilib koʻklarga koʻtarib, adashgan odamni esa toʻgʻri yoʻlga solib qoʻyishning hadisini olgan...

Ochigʻi, ayrim keksalar nafaqaga chiqib, endi qarilik gashtini suraman, deb choyxonada oʻtirgan bir paytda Hasan Normurodov hali-hanuz gʻayrat-shijoatda, el-yurtga ibratli ishlari bilan band. Uning rahbarligida jamgʻarmaning Samarqand viloyati ijtimoiy maʼnaviy hayotidagi taʼsiri, ayniqsa, yoshlarni tarbiyalash, ularni milliy qadriyatlarimizni eʼzozlashga, jonajon Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishga, xalq farovonligi yoʻlidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga chaqirish, uch avlod vakillarini birlashtirish, kezi kelganda yetaklash borasidagi ezgu ishlari tahsinga loyiq, bardavom.

Oqsoqol boshchiligida nuroniylar mamlakat rahbarining har bir oila uchun munosib turmush sharoitini muhayyo etish yoʻlida olib borayotgan xalqparvar siyosatini maʼqullagan holda koʻplab tashabbuslarga bosh-qosh boʻlishmoqda. Birgina misol. Davlatimiz rahbarining saʼy-harakatlari bilan bundan ikki yil muqaddam “Obod qishloq” dasturi asosida Samarqand viloyati Nurobod tumanining Jom qishlogʻida, xususan, Jom va Girdiqoʻrgʻon mahallalarida zamonaviy mahalla markazlari, “Nuroniylar maskani” va choyxona, ikkita maktabgacha taʼlim muassasasi qurildi. Hududdagi madaniyat va aholi dam olish markazi atrofida zamonaviy bogʻlar, xotira maydoni, yozgi amfiteatr, muzey va boshqa inshootlar bunyod etildi. Jom bozori zamonaviy arxitektura talablari boʻyicha rekonstruksiya qilindi. Qishloq hududidagi 5,4 kilometr yoʻlga asfalt yotqizildi, 22 kilometr ichki yoʻllarga qum-shagʻal toʻkilib, tekislandi. Qishloq hududidagi taʼlim va tibbiyot muassasalari ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida ikkita artezian qudugʻi qazilib, suv minoralari oʻrnatildi. Mavjud suv tarmoqlari taʼmirlanib, 500 metr masofaga yangi quvur tashlandi. Eski, yaroqsiz simyogʻochlar yangisiga almashtirildi va yangi tarmoqlar tortildi, zamonaviy, kichik transformator qoʻyildi, maishiy gaz ballonlari tarqatildi.

Bu kabi ulkan bunyodkorlik ishlari ajoyib yakun topgani, eski, xaroba uylar oʻrnida zamonaviy yashash uylari, istirohat bogʻi, servis xizmat maskanlari qad rostlagani, oʻnqir-choʻnqir yoʻllar tekislanib asfaltlashtirilgani, elektr taʼminoti izchil yoʻlga qoʻyilgani har qanday odamda faxr-iftixor, havas uygʻotadi. Ana shu bunyodkorlikning ilk kunlaridan boshlab samarqandlik nuroniylar oqsoqol boshchiligida Jomda quruvchi-yu meʼmorlar bilan yonma-yon yurib, ezgu ishlarning samarali yakuniga yetishi uchun oʻzlarining qimmatli maslahatlari, yoʻl-yoʻriqlari bilan madadkor boʻlishdi. Oʻnlab oilalarning ahvolidan xabar olishib, ularni ish bilan taʼminlash, tibbiy davolash, tomorqa xoʻjaligini yoʻlga qoʻyishlariga yordam berishdi. Bunday misollarni uzoq davom ettirish mumkin.

– Shu yilning oʻzida Samarqand viloyati boʻyicha qoʻshimcha ravishda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida 711 ta arzon uy-joylar, shaharlarda 840 ta xonadonli 20 ta koʻp qavatli uylar, 233 ta bogʻcha, oʻnlab mehmonxonalar quriladi, borlari taʼmirlanadi, – deydi qahramonimiz. – Kam taʼminlangan oilalar, nogironlar, uzoq vaqt uy ololmay, navbatda turgan aholiga uy-joylar beriladi. Harbiylar uchun uy qurilishi koʻpaytiriladi. Yoʻllarimiz kengaytirilib, koʻpriklar bunyod etiladi. 2018-yil dasturiga qoʻshimcha ravishda shahar va tumanlardagi 87,1 kilometr ichki xoʻjalik yoʻllari taʼmirlanadi. Yoʻlovchilarga qulay sharoit yaratish maqsadida Kattaqoʻrgʻon shahri, Pastdargʻom, Paxtachi, Oqdaryo, Payariq, Narpay, Nurobod, Urgut tumanlarida 11 ta yangi yoʻlovchi tashish yoʻnalishlari tashkil etilib, 86 ta avtobus xarid qilinadi. Bu vazifalarni bajarishga allaqachon kirishildi. Muhimi, aholi bunday ezgu ishlarni bajarishda faol ishtirok etmoqda. Demoqchimanki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning har bir tashrifi nafaqat viloyatimizning gullab-yashnashiga, balki maʼnaviyatimiz rivojiga keng yoʻl ochmoqda. Bunday yuksak tuygʻular bugun viloyatimizda yashayotgan har bir fuqaroning qalbida joʻsh urmoqda, ularni yangi marralar sari ruhlantirmoqda. Bunday ezgu ishlar roʻyobida biz, keksa avlod vakillari ham aslo chetda turmaymiz.

Ha, unga nisbatan bunday eʼtiroflarni juda koʻp eshitish, xalq orasidagi hurmati va mavqeini odamlar orasidagi gaplardan, fikrlardan anglab olish qiyin emas.

– Hasan Normurodov bilan suhbatlashsam, bilimlar dengiziga shoʻngʻib ketgandek boʻlaman – deydi shogirdi Muhiba Bobobekova. – Darhaqiqat, ustoz bilan suhbatlashgan inson qaytadan tugʻilib, qaytadan yashab, yana va yana oʻqigisi keladi. Ayniqsa, taʼlim-tarbiyasidagi masʼuliyat, taʼlimning jamiyat rivojidagi ahamiyati, bolaning qalbiga yoʻl topish, hayotga qiziqtirish orqali darsga, kitobga qiziqtirish, unda vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishda oʻqituvchining oʻrni toʻgʻrisidagi qarashlari, oʻqituvchi madaniyati va mahoratiga doir fikr-mulohazalari har doim bizlar uchun katta maktab.

– Hasan Normurodov deganda koʻz oʻngimizda Samarqandda amalga oshirilayotgan islohotlar-u, ularda faxriylarning ishtiroki, nuroniylarning shijoati koʻz oʻngimizda gavdalanadi, – deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Usmonov. – Samarqand viloyati “Nuroniy” jamgʻarmasi barcha ishlarda qolgan hududlarga hamisha namuna boʻlib kelmoqda. Rahbarning salohiyati, tashkilotchiligi va masʼuliyati viloyatdagi ishlarning natijadorligidan dalolat. Bevosita uning tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Bir nuroniy oʻn oilaga maʼnaviy homiy”, “Yoshlar maʼnaviyatiga nuroniylar maʼrifati”, “Qishloq taraqqiyotiga nuroniylar maʼnaviyati” kabi tadbirlari nafaqat natijasi bilan, hatto nomi bilan ham eʼtiborga molik. Ayniqsa, Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida tashkil etilgan “Nuroniy” studiyasi, “Zarafshon” gazetasida joriy etilgan “Eʼzoz” sahifasi “Nuroniy” jamgʻarmasining yorqin koʻzgusidir, deb baholasak toʻgʻri boʻladi.

Xalqning sevimli farzandi oilaviy masalalarda ham barchaga namuna. Zuhra aya bilan oila qurib, toʻrt farzand – ikki oʻgʻil ikki qizni voyaga yetkazdi. Oiladagi munosabatlar oʻzaro hurmat, vafo va sadoqat bilan sugʻorilgan. Turmush oʻrtogʻi marhuma Zuhra ayaning naqadar oqila, dono va farishtali ayol boʻlganligini uning farzandlaridan bilib olish qiyin emas. Farzandlarning otaga boʻlgan gʻamxoʻrligi, hurmati, mehr-muhabbati darajasini hech narsa bilan qiyoslab-oʻlchab boʻlmaydi. Oiladagi muhitni, ozodalik va madaniyatni koʻrgan kishining lol qolmasdan iloji yoʻq. “Qani edi, har bir oʻzbek oilasi ana shunday namunali oila boʻlsa”, degisi keladi.

Kimlardir atrofiga bir qarab olib “Kimsan, Hasan Normurodov – ellik besh yillik rahbar, ostonasi tillodan toʻrt qavatli shohona uylarda yashasa kerak”, deb ham oʻylar. Lekin bundaylar adashadi. Oltmish uch yillik mehnat faoliyatining ellik besh yilini rahbarlik lavozimlarida halol va pok oʻtkazayotgan qahramonimiz atigi bir sotix yer maydonida joylashgan bir qavatli oddiygina uyda, Samarqand shahridagi Terakzor mahallasida, Maxtumquli koʻchasi, 45A xonadonda yashaydi.

Darvoqe, qahramonimiz oʻzining samarali mehnati va erishayotgan yutuqlari bilan mamlakatimizning mustaqilligini mustahkamlash hamda iqtisodiy qudratini oshirishga, shaxsiy ibrati bilan xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qoʻshgan ulkan hissasi, mehnatsevarligi, vatanparvarligi, jamoat ishlaridagi faolligi bilan umumxalq izzat-hurmatiga sazovor boʻlgani uchun mamlakatimizning bir necha davlat mukofotlariga munosib topilgan.

Yaqinda Hasan Normurodov huzurida boʻldim. Ancha davom etgan suhbatimiz juda qiziqarli oʻtdi. Oʻshanda, yana bir bor amin boʻldim-ki, suhbatdoshim toʻlib-toshib oqadigan joʻshqin daryoga oʻxshaydi. U oʻziga xos ravishda sevinib-toʻlqinlanib, bugungi islohotlar rivoji va ahamiyati haqida gapirdi. Davlatimiz rahbarining keksa avlod vakillariga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrliklaridan nafaqat samarqandlik nuroniylar, mamlakatimiz oqsoqollari ham juda mamnunligini alohida taʼkidladi. Bugungi kunda pensionerlarga ishlash uchun yaratilayotgan sharoitlardan, berilayotgan imkoniyatlardan, eng muhimi, eʼtiborlardan quvonib, shukuronalar aytdi. Oʻshanda suhbatdoshimizning Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevga boʻlgan gʻoyibona mehr-muhabbati, sadoqatini yana bir karra his etdim.

Ha, hayotning issiq-sovugʻini tatigan, injiqliklarini oʻziga mahkam boʻysundirgan, achchiq haqiqatlarini chidam bilan yengib, bardosh va matonat bilan olgʻa borayotgan, sakson yoshlik umrining qariyb yetmish yilini joʻshqin mehnat, yurtiga, xalqiga halol xizmat qilish bilan oʻtkazayotgan xalq maorifi aʼlochisi, isteʼdodli rahbar, Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik”, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” kabi nufuzli ordenlari sohibi, sadoqatli va oqibatli zamondosh, Turon fanlar akademiyasining faxriy akademigi, tabarruk va donishmand ustoz, qalbida quyoshi bor inson Hasan Normurodovning har bir ishi maʼrifat, bosib oʻtgan yoʻli ibratli kitob, umr manzillari hayot maktabidir. Ana shu maktabning chirogʻi ham, qahramonimizning qalb quyoshi ham hech qachon soʻnmasin...

6.JPG

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-avgustdagi farmoniga binoan, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini yuksaltirish, Vatanimiz obodligi, turmushimiz farovonligini taʼminlash borasidagi ulkan xizmatlari, soʻnggi yillarda yurtimizda jadallik bilan olib borilayotgan tub islohotlar jarayonidagi tashabbuskorligi va fidoyiligi, davlat va xalq manfaatlarini roʻyobga chiqarish yoʻlidagi fidokorona mehnati, ishlab chiqarish va ijtimoiy-maʼnaviy sohalardagi koʻp yillik samarali va ibratli faoliyati, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qoʻshgan katta hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun uch nafar yurtdoshimizga – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilib, oliy nishon – “Oltin yulduz“ medali topshiriladigan boʻldi. Ular orasida Hasan Normurodov ham bor.

Ustozni ushbu yuksak mukofot bilan tabriklab, bundan keyingi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilaymiz.


Abdukamol RAHMONOV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar

uyushmasi aʼzosi.