Ular mehnatdan boshqasini bilmaydigan oddiy ayollar. Kamtar, kamgap, kamsuqum. Ko‘cha-ko‘ylarni orasta holatga keltirish, chor-atrofni obodonlashtirish, gul-gulzorga aylantirish – ularning asosiy ishi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati yurtimizning ana shunday oddiy ayol-qizlari ko‘nglini ko‘tarish, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish borasida bir qator loyihalarni hayotga joriy etmoqda.
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayolga ehtirom!” loyihasi amalga oshirilayotgani buning yana bir yorqin namunasidir. Mazkur loyiha xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, ijtimoiy faolligini oshirish hamda fidokorona mehnatini qadrlash maqsadida o‘tkazildi.

Loyiha Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida Yakkasaroy tuman obodonlashtirish boshqarmasida samarali mehnat qilib kelayotgan 300 nafar xotin-qiz uchun samimiy uchrashuv tashkil etildi.

Erta tongdan shahar ko‘chalarini obod va sarishta saqlash, atrof-muhitni toza tutish yo‘lida astoydil xizmat qilayotgan ushbu ayollarning mashaqqatli va sharafli mehnati alohida e’tirof etildi.
—Ayollarni qancha hurmat qilib, e’zozlasak ham baribir kam, – dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, shoir Bobur Bobomurod. – Chunki ayol hayotimizning fayzi, xonadonlarimizning mehr-oqibati va jamiyatimizning tayanchi. Onalarimizning duosi, opa-singillarimizning samimiyligi hayotimizni yanada go‘zal va mazmunli qiladi. Bugun bayram munosabati bilan obodonlashtirish sohasida mehnat qilayotgan fidoyi ayollarimizni biroz bo‘lsa-da quvontirish, ularga e’tibor va ehtirom ko‘rsatish niyatida she’rlar o‘qib, qo‘shiqlar aytib, bayram bilan samimiy muborakbod etdik. Ularning mashaqqatli mehnati, shaharlarimiz va mahallalarimizni ozoda va chiroyli saqlashdagi hissasi beqiyos. Ayollarimizga qancha ehtirom ko‘rsatsak ham arziydi. Ularning yuzidagi tabassum, qalbidagi mehr va sabr-bardoshi har birimiz uchun ibrat. Bayram bahonasida ularga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildirib, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va ishlarida ulkan zafarlar tilaymiz.

Uchrashuv davomida so‘zga chiqqanlar ayol jamiyat tayanchi, oila farovonligi va ma’naviy muhitning asosiy ustuni ekanini ta’kidlab, ularning sabr-toqati, matonati va mehr-muhabbati har qanday yuksalishning poydevori bo‘lib xizmat qilishini e’tirof etdi.
Bayram munosabati bilan ayollarga samimiy tilaklar bildirildi, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram munosabati bilan obodonlashtirish boshqarmasi xotin-qizlariga 21-mart – Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan konsert dasturiga taklifnomalar berildi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri