Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalbi daryo ayol
15:53 / 2024-10-11

Zamonamiz qahramonlari

Ko‘zlari ko‘m-ko‘k, sochlari tillo rang, yuzlari lo‘ppi, oppoqqina Anna endigina 10 yoshga to‘lganida onasining bevaqt o‘limidan qattiq tushkunlikka tushadi. Uyda bir o‘zi qolgan vaqtlarida xayollari uni turli tomonlarga boshlab ketardi. O‘z uyidan halovat topmagan qizaloq maktabi tomon oshiqardi. Maktabda esa uni yoshligidan birga o‘sib-ulg‘aygan, opa-singildek bo‘lib qolgan dugonalari Kseniya va Alina kutardi. Ular bilan birga bo‘lganida g‘am-tashvishlari unutilardi.

Kunlarning birida Anna dugonasi Kseniyaning uyiga mehmonga bordi. Shunda uning otasi yo‘qligini, onasi esa o‘ta mehribon, pazanda, samimiy ayol ekanligini ko‘rib, o‘z onasining mehrini his qilgandek bo‘ldi.  

Ikkala dugona kelishib, ota-onalarini birlashtirishga– yagona oila bo‘lishga undadi.  

Ayol deganda, eng avvalo, ko‘z oldimizga mehribon ona, sarishtalik uy bekasi, qolaversa, o‘z kasbini mukammal egallab, turmushning turli sinovlarini sabr-bardosh bilan yengayotgan sadoqatli inson keladi. Markaziy kon boshqarmasi “Muruntog‘” shaxtasi ichki transport uchastkasi mas’ul xizmatchisi (stvolchi) Anastasiya Blogadaryova ham ana shunday ayollardan biridir.  

Anastasiya qizaloqlarning taklifiga ko‘ra, Viktor Viktorovichga turmushga chiqdi va uning qizi Annaga ona bo‘ldi. Anastasiya o‘zining qizi Kseniya bilan Annaga mehr qo‘llarini cho‘zdi.  

– Biz Viktor bilan turmush qurganimizga mana besh yildan ortiq vaqt o‘tdi. Oilamiz tinch, qizlarimiz bir-birini hurmat qiladi, e’zozlaydi. O‘tgan yili bizning oilamizga yana bir qiz qo‘shildi. Buning ham o‘z tarixi bor, – deydi o‘z taqdiridan mamnun qahramonimiz. – Bir kuni ikkala qizim maktabdan xomush qaytdi. Sababini so‘rasam, yaqin bir dugonasining tushkun ahvoli ularni tashvishga solgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, qizlarimning yaqin dugonasi bo‘lgan Alina ismli qizaloqning onasi og‘ir betobligi sababli uni bolalar uyiga topshirishayotgan ekan. Biz Alinaning taqdiriga ham befarq bo‘lmadik. Inson hayotidagi eng beg‘ubor va baxtli damlar – bu bolalik. Oilada tinchini topolmagan bolalarning bolaligi yo‘qolgani achinarli. Lekin tinch va farovon yurtda ota-ona mehriga zor ulg‘ayayotgan bolalarning aybi nimada? Viktor ham kombinat sohasida ishlaydi. Ikkalamizning ham tayinli ishimiz bor, ro‘zg‘orimiz to‘kin. Oylik maoshlarimiz bemalol oilamizga yetadi. Shularni o‘ylab, yana bir qizni o‘zimizning vasiylikka olishga qaror qildik. Uchala qizimiz ham tengdosh. Ularni bir-biridan ajratmagan holda mehr-muhabbat ko‘rsatishga harakat qilaman. Axir men ular uchun onaman. Ona mehriga zor qizlarning ko‘ngliga qanday ozor berishim mumkin.  

Anastasiyaning mehri daryo ayol ekanligini uning faqat aytayotgan so‘zlaridan emas, balki mehr nuri balqib turgan gulgun chehrasi-yu, suhbatimiz davomida necha bor ko‘zlariga yosh aylanganidan ham bilish mumkin. Yoshligida oilasida yolg‘iz farzand bo‘lib voyaga yetgan qahramonimiz katta oilalarga havas qilgan.  

– Otam Anatoliy Chumak Rossiya Federatsiyasi Leningrad shahridan, onam esa Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatidan. Ikkalasi O‘zbekistonga, ya’ni Zarafshon shahriga ishga kelgan va 1986 yilda turmush qurishgan. Otam butun umr oshpaz, onam esa bolalar shifokori bo‘lib ishlagan. Oilada yolg‘iz farzand bo‘lganman. Opa-singil, aka-ukalarim ko‘p bo‘lishini xohlardim. Otam menga doim mazali taomlar, pishiriqlar, turli ichimliklar tayyorlab berardi. Ayniqsa, dadam tayyorlagan shirin kulcha va borshlarning ta’mi o‘zgacha edi. Dadam biror nima uyda pishirayotgan vaqtida doimo yonida turib o‘rganishga harakat qilardim. Shu sababli pishirgan taomlarimni qizlarim va turmush o‘rtog‘im doimo maqtab iste’mol qilishadi, – deydi Anastasiya.  

2006 yilda Zarafshon tibbiyot kollejini tugatgandan so‘ng, Markaziy kon boshqarmasi 3-tibbiy sanitariya qismida laborant bo‘lib ilk ish faoliyatini boshlagan qahramonimiz 2012 yildan boshlab “Muruntog‘” shaxtasining Ma’muriy-maishiy kombinati ishlab chiqarish hammomi ishchisi, undan so‘ng farrosh bo‘lib ishlagan.  2017 yildan boshlab esa mas’ul xizmatchi (stvolchi) bo‘lib ishlab kelmoqda. Anastasiya Anatolevnaning kon boshqarmasi tizimida faoliyat olib borayotganiga ham mana o‘n sakkiz yildan ortiq vaqt o‘tibdi.

– Axir, dunyoda oson ishning o‘zi yo‘q, har bir yumushning og‘iri, mashaqqati bor, – deydi Anastasiya. – “Muruntog‘” shaxtasida ishlash insondan katta matonat talab qiladi. Yillar davomida ko‘p qiyinchiliklar ko‘rdim. Stvolchidan birinchi talab etiladigan narsa bu – sezgirlik. Har bir chalingan ogohlantiruvchi signallarni bee’tibor qoldirmaslik talab etiladi. Ishchi-xodimlar va yuklarni 600 metr chuqurlikka tushirish hamda chiqarish katta jasorat talab etadi. Berilayotgan signallarga qarab liftlarning to‘xtash joylarini aniqlab olamiz. Ertalab smena qabul qilganimizdan so‘ng ishchilarni shaxtaga tushirishdan oldin ularning har biriga jeton beriladi. Ish vaqti tugagandan so‘ng ishchilar pastdan yuqoriga chiqariladi va berilgan jetonlar qaytarib olinadi. Agar jetonlar soni kam bo‘lsa, kimdir pastda qolgani aniqlanadi va tezda chorasi ko‘riladi. Har bir kasbning o‘ziga yarasha qiyinchiligi, mas’uliyati bo‘ladi. Shunga qaramasdan, qanoat qilib, ishimni sevib, astoydil mehnat qilaman. Bugungi kunda shaxtamizda oyliklar yaxshi, eng muhimi, maoshimizni o‘z vaqtida olamiz. Jamoamiz turli millat vakillaridan iborat bo‘lib, yosh mutaxassis kadrlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning ishlashi va dam olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Yosh kadrlarga doim shunday deb nasihat beraman: astoydil mehnat qilsangiz, shunda daromadning o‘zi keladi.  

Tinib-tinchimas Anastasiya asosiy ishidan bo‘sh vaqtlarida bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha kechki kurslarda ham ta’lim olgan. U bir nechta ishni uddalab keta oladigan qo‘ligul ayollardan. Shunga qaramay, hech qachon shaxtadan ketishni, boshqa joyda ishlashni xayoliga keltirmadi. Doim “daraxt bir joyda ko‘karadi”, degan naqlga amal qiladi. Hozir ham ba’zan ish ko‘pligidan tushlik qilishga vaqti bo‘lmaydi. Qurilmaga qarab turish asnosida ovqatlanadigan vaqtlari ham bo‘ladi. Konda issiq pechkalar oldida turib og‘ir ish qiladigan, katta-katta yuklarni ko‘taradigan ayollarni ko‘radi. Qahramonimizning aytishicha, hech birlari ishidan nolimaydi. Aksincha, zavq bilan ishlaydi. Uzoq yillar davomida bir oiladek bo‘lib ketgan shaxtadagi ayollar o‘zaro sirdosh. Qiyin kunlarda doim bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, kuch va dalda beradi.  

Har bir insonning o‘z hayot yo‘li, taqdiri  bo‘ladi. Qahramonimiz Anastasiya ham o‘ziga yarasha hayot yo‘li, ahil oilasi va mashaqqatli bo‘lsa-da tanlagan ishi borligi uchun ham hamisha o‘zini baxtiyor his etadi.  

Aziza Irisova,

“NKMK” AJ Markaziy kon boshqarmasi

axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi muxbiri.

O‘zA