Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro M.D. ikki bosh qo‘y xaridi uchun A.X.ga to‘rt dona 100 AQSH dollarlik kupyura beradi.
Kupyuralarning qalbakiligini keyin bilib qolgan fuqaro tegishli organlarga murojaat qilgan. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bu holat tasdig‘ini topgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Departament fuqarolarni qalbakiligini bilmagani holda qalbaki valyuta qimmatliklarini olib, uni keyinchalik o‘tkazgan shaxsning qilmishi ham jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishini ma’lum qildi.
O‘zaro hisob-kitoblarni O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to‘lov vositasi hisoblangan milliy valyutada amalga oshirish maqsadga muvofiqligi eslatildi.
O‘zA