Qalbaki valyutaning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona majmui tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida "Istanbul–Olmaota–Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan yo‘lovchilardan biri fuqaro K.U.ning yuklari belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yuk sumkalaridagi sochiqlar orasida 5 ming AQSH dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyuta borligi aniqlandi.
Ammo mazkur valyutalarning haqiqiyligi bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi. O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida kupyuralarning barchasi qalbaki bo‘lib chiqdi. Eng qizig‘i shundaki, kupyuralarning aksariyatida seriya raqamlari ham bir xil edi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, valyutalarni qabul qilmoqchi bo‘lgan shaxsning avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, avtomashinada yana soxta 5 ming AQSH dollari borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zA