French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalbaki spirtli ichimliklar yo‘q qilindi
19:40 / 2025-12-17

Spirtli ichimliklarning zarari haqida ko‘p eshitganmiz. Ayniqsa, qalbaki va sifatsiz alkogol mahsulotlaridan zaharlanish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Mazkur omillar hisobga olingan holda mamlakatimizda noqonuniy hamda qalbaki spirtli ichimliklar savdosining oldini olishga qaratilgan ishlar qat’iy nazoratga olingan.

Xorazm viloyatida ham noqonuniy spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchi yashirin sexlar, savdo do‘konlari va omborlar aniqlanib, bunga qo‘l urgan shaxslar javobgarlikka tortilmoqda. Ulardan olingan iste’molga yaroqsiz mahsulotlar esa tegishli tartibda yo‘q qilinmoqda.  

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida alkogol mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq 31 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Natijasi bo‘yicha 31 ta jinoyat va 4 ta ma’muriy ish yuritildi. Huquqbuzarlardan jami 1 milliard  954 mln so‘mlik alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.  

Ma’lumki, sud qaroridan so‘ng Majburiy ijro byurosi organlari iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini yo‘q qilishga mas’ul bo‘ladi. 

Jumladan, Urganch tumanidagi chiqindixona hududida Majburiy ijro byurosi, Soliq, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining vakillari ishtirokida katta partiyadagi sifatsiz alkogol mahsulotlari yo‘q qilindi.  

–  Aniqlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudining ijro varaqasiga asosan sudlangan A.A. va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan “Urganch media market” oilaviy korxonasiga topshirilgan 37 ming 72 dona alkogol mahsulotlarini yo‘q qilish haqidagi ijro hujjati Byuroning Urganch tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan, – deydi Byuroning Urganch tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Hamidjon Vapayev. – Ijro hujjatiga ko‘ra, Urganch tumanida yashovchi fuqaro qonunga xilof ravishda sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan va naqd pulga realizatsiya qilib, soliq

va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Oqibatda esa o‘zi javobgarlikka tortildi, mahsulotlar esa yo‘q qilindi.  

Bunday qo‘lbola mahsulotlar muomalaga kiritilishining oldini olish, yo‘q qilish borasidagi tadbirlar va ijro harakatlari aholi salomatligini asrash va iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlashda muhimdir.

Ahmadjon Shokirov,  

Behzod Saidov (surat),  

O‘zA muxbirlari