Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalbaki pul "operatsiya"si
14:37 / 2023-05-30

Qo‘qon shahrida yashovchi Dilnavoz Samijonova (ism-shariflari o‘zgartirilgan) 2 nafar farzandi bilan oilasidan ajrashgach, qiyin ahvolga tushib qoladi. Negaki, qo‘lida tayinli kasbi yoki hunari yo‘q edi. Oxir-oqibat muhtojlik joniga tekkan juvon turli yoshdagi erkak-yigitlar bilan ko‘ngilxushlik qilib kun kechirish yo‘liga o‘tib oldi.

Ana shunday kunlarning birida unga o‘zidan naq 16 yosh kichkina Solijon Ahmadaliyev ilakishib qoladi. Bir tomondan yosh, ikkinchi jihatdan uylanmagan yigit bo‘lgani bois, Dilnavoz Solijonni qo‘yib yuborgisi kelmaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, S.Ahmadaliyev o‘g‘irlik jinoyatini sodir etib, “o‘tirib” kelgandan keyin ham ularning “quyuq” munosabati davom etaveradi. Ammo yigit ma’shuqasini moddiy jihatdan ta’minlay olmaydi. Oqibatda D.Samijonova jinoyatga qo‘l uradi.

Gap shundaki, 2022 yilning oktyabr oyi boshlarida u uyali telefoniga Gruziyaning “TVS-bank”i mobil ilovasini yuklagan holda 10.000.000 so‘m miqdorida kredit oladi. Biroq kredit mablag‘ini qaytarishning “antiqa” yo‘lini o‘ylab topadi. Ya’ni Dilnavoz shaharning Istiqlol ko‘chasida joylashgan kompyuter ustaxonasidan 1 dona “LG” rusumli monitor, “Samsung” rusumli protsessor va “EPSON” rusumli rangli printerni 300 AQSH dollariga sotib oladi. So‘ng uyida o‘zida mavjud bo‘lgan 200.000  so‘mlik kupyuradagi puldan nusxa ko‘chirib ko‘radi. Qarasaki, nusxadan chiqqani aslidan deyarli farq qilmaydi. Shuning uchun rangli printerdan bir necha dona qalbaki 200.000 so‘mlik pul chiqaradi.  

– Siz mana bu pullarni savdo do‘konlaridan haqiqiysiga almashtirib keling,– deydi yigitga “sir”ni ochgach, 7 dona qalbaki 200.000 so‘mlikni 1.400.000 so‘m hisobida berib. – Albatta, o‘zingizga ham foydasi katta.

Shundan keyin, Solijon qalbaki kupyuralarning 2 tasini eski tanishi Mamitali Abdukamolovga 400.000 so‘m qarzi evaziga beradi. Lekin ertasi kuni M.Abdukamolov pullarning qalbaki ekanligini bilib qoladi. Binobarin, u qarzidan voz kechishini aytib, 1.000.000 so‘m hisobida yana 5 ta kupyura oladi. Oradan bir necha kun o‘tib, D.Samijonova S.Ahmadaliyevga yana 10 dona qalbaki kupyurani 2.000.000 so‘m miqdorida beradi.

Umuman olganda, “uddaburon” xonim yuqoridagi jami 3.400.000 so‘m qalbaki kupyura evaziga oz-ozdan qilib, 1.900.000 so‘m haqiqiy pul oladi.

Buni qarangki, Solijon Mamitalining iltimosiga binoan so‘nggi 10 dona kupyurani 700.000 so‘m evaziga almashtiradi. Chunki M.Abdukamolov allaqachon ularni haqiqiy pulga almashtirishni boshlab yuborgandi. Ya’ni u shaharning Turkiston ko‘chasida joylashgan “Raf-Raf” nomli savdo do‘konidan hamda A.Charxiy ko‘chasidagi savdo do‘koni sotuvchisi O.O‘lmasovadan 2 marotaba narxi 15.000 so‘mlik “Kent Miks” sigaretini xarid qiladi. Yana 3 kundan keyin esa tadbirkor O.Ne’matovning o‘sha manzilda joylashgan savdo do‘konidan mayda-chuyda mahsulotlarni sotib oladi. Evaziga uchchala do‘konga ham 200.000 so‘mlik qalbaki kupyurani berib, qaytimini olib ketaveradi. Lekin xaridorning yangi, buklanmagan pul bergani sotuvchi O.O‘lmasovda shubha uyg‘otadi. Shu bois u kupyurani darhol tekshirib ko‘radi. Pirovardida o‘zining qalbaki pul evaziga savdo qilganini anglab yetadi. So‘ngra Qo‘qon shahar ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qiladi.

Shahar IIB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv jarayonida qalbaki pullar ashyoviy dalil tariqasida olinadi. O‘tkazilgan texnik kriminalistika ekspertizasining 2022 yil 31 oktyabr, 4- va 7- noyabrdagi xulosalari 200.000 so‘mlik kupyuradagi pullar davlat standartlari asosida emas, balki rangli purkagichli printeri yordamida tomchi-purkash usulida tayyorlanganligini tasdiqlaydi. Oqibatda D.Samijonova, S.Ahmadaliyev va M.Abdukamolovlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi esa ularni Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “a,v” bandi bilan aybdor deb topib, qonuniy jazoga mahkum etdi.

Ma’lumki, milliy valyutamizning har bir kupyurasida “O‘zbekiston so‘mini qalbakilashtirish qonunga muvofiq ta’qib qilinadi”deya qayd etilgan. Shunday ekan, bu огоҳлaнтiрiшni unutishga hech kimning haqqi yo‘q.  

Nodirjon Kimsanov,jinoyat ishlari bo‘yicha

 Qo‘qon shahar sudining sudyasi