Qalbaki pullarni yasash bilan shug‘ullangan yana bir jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
G‘ijduvon tumani IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida tumanning Soktari mahallasida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro S.A. 2023 yil may oyi o‘rtalaridan may oyi oxirlariga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida, tanishlari fuqarolar I.A. va A.I.lar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktiradi.
Natijada bir guruh bo‘lib, G‘ijduvon tumani Todon mahallasida joylashgan uyda, “EPSON L-3100” rusumli rangli printer yordamida O‘zbekiston Respublikasining 100.000 so‘mlik va 200.000 so‘mlik pul kupyuralarini kelgusida o‘tkazish maqsadida nusxa ko‘paytirish yo‘li bilan yasab kelayotganliklari aniqlanadi. Ular ijarada turgan tumanning Sharq mahallasidagi xonadondan 2 dona 200.000 so‘mlik kupyuradagi, 1 dona 100.000 so‘mlik kupyuradagi qalbaki pullar, 26 dona A4-formatdagi maxsus qog‘oz listlarning har biriga 3 donadan nusxa olish yo‘li bilan ko‘paytirilgan 100.000 so‘mlik kupyuradagi qalbaki pullar va boshqa ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olinadi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 176-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA