Qalbaki ikki ming dollar bankomatda so‘mga almashtirilgan
Yashnobod tumanidagi bankomatlaridan birida fuqaro qalbaki AQSH dollarini so‘mga ayirboshlagan.
“Ipak yo‘li bank” aksiyadorlik-tijorat bankiga qarashli bankomatda yuz bergan ushbu holat bo‘yicha bank amaliyot boshqarmasi huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro S.F. va boshqalar “Ipak yo‘li bank” filialiga tegishli Parkent ko‘chasida joylashgan bankomat orqali qalbaki ikki ming AQSH dollarini so‘mga ayirboshlab olgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA