Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalbaki IELTS haqidagi xabarlar rostmi?
15:24 / 2022-05-18

Xabaringiz bor, 2021 o‘quv yilidan ingliz tili o‘qituvchilari S1 daraja (IELTS 7.0)ga ega bo‘lsa, oylik maoshlariga 50 foiz ustama haq to‘lanishi boshlandi.

Bu avvalambor, pedagoglar uchun katta motivatsiya, bilimlarini yanada oshirib, darslarni sifatli va qiziqarli o‘tishlari yo‘lida eng yaxshi imkoniyat.

Ammo yuqoridagi qulayliklardan oqilona foydalanish o‘rniga, sertifikatlarni soxtalashtirib, o‘zini va tashkilotlarni aldamoqchi bo‘lganlar ham ko‘paymoqda.

Afsuski, IELTS testi juda mashhur bo‘lganligi bois ba’zi noqonuniy harakatlar ham uchramoqda.

«Bir tanishim qalbaki bo‘lsa ham, ustama olyapti, uni tekshirish qiyinmi» kabi ko‘plab savollar kelmoqda.

O‘zbekistonda IELTS, TOEFL, TESOL va boshqa ko‘plab xalqaro sertifikatlarni turli kompyuter dasturlari yordamida o‘zgartirib, yuqori ball ko‘rsatib, reklama qilayotgan o‘quv markazlari haqida ko‘pchilikning xabari bor.

Facebook, Instagram va ko‘plab internet nashrlarida reklama qilingan xizmatlar orasida ayni shunday qalbaki sertifikatlarni uchratish mumkin. Ishga kiruvchilar orasida ham soxta sertifikatlar uchrab turadi.

NEGA BU HOLAT KO‘PAYMOQDA?

Sertifikatni asli ekanligini tekshirish imkoniyatiga juda kam tashkilotlar ega. Ko‘pchilik qanday qilib tekshirishni ham bilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi bo‘yicha («Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish») jinoiy ish qo‘zg‘atilishi haqida ham ma’lumotga ega emas.

Ta’lim berish bu eng xayrli va fidoyilik talab qiladigan ishlardan biri. Ushbu sohada ayni shunday noinsof shaxslarning borligi albatta achinarli. Bunga qarshi nafaqat mutasaddi tashkilotlar, shu bilan birga, hammamiz bir jamoa bo‘lib kurashishimiz lozim.

QANDAY QILIB IELTS SERTIFIKATINI TEKSHIRISH MUMKIN?

1. Sertifikatga e’tibor bering. Undagi maxsus kod o‘chirilmagan (berkitilmagan) bo‘lishi lozim. Maxsus sonlardan iborat kod sertifikatning eng pastki o‘ng qismida yozilgan.

2. Ushbu kodni maxsus sayt orqali tekshirish mumkin. https://ielts.ucles.org.uk/ielts-trf/

3. Saytda ro‘yxatdan o‘tish uchun tashkilot haqidagi anketa to‘ldiriladi. Muassasa rahbari tomonidan mas’ul shaxs tayinlanadi va u haqidagi ma’lumot xat tarzida saytga yuklanadi. Tashkilotning rasmiy sayti va mas’ul shaxs uchun ochilgan rasmiy elektron pochta bo‘lishi lozim. (Namuna: www.lpa.gov.uz, a.khusanov@lpa.gov.uz )

4. Yuqoridagi shartlar bajarilgach, IELTS bo‘yicha mas’ul tashkilot sizga saytdan foydalanish uchun login va kirish kodini yuboradi.

Ushbu xizmatlardan oliy o‘quv yurtlari, nodavlat ta’lim muassasalari, davlat organlari va xususiy tashkilotlari bepul foydalanishi mumkin.

To‘g‘ri, hozir kimnidir aldab yoki bilib-bilmay soxta sertifikatlarni ishlatayotganlar bordir, ammo vaqti kelib mutasaddi tashkilotlar tomonidan barcha hujjatlar tekshirilganda nafaqat har bir to‘langan mablag‘, shu bilan birga, sud orqali katta jarimi va boshqa jazo turlari qo‘llaniladi.

Tadbirkorlik faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgan va o‘qituvchilar uchun katta imkoniyatlar berilayotgan bir vaqtda, vakolatlarni suiiste’mol qilmaylik. Halollik bo‘lsa, ishimizga baraka va unum beradi.

Azimjon Husanov, 

Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi  direktor o‘rinbosari