Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kegayli tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan DXX bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.N. qalbaki aksiz markalar bilan yelimlangan 359 dona “Qaratao‘” alkogol mahsulotini xaridorga 4,9 million so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Uning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda To‘rtko‘l tumanida istiqomat qiluvchi sherigi B.A. o‘zining yashash uyida qo‘lbola usulda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yashirin sex tashkil qilganligi aniqlandi. Ushbu sexdan umumiy narxi 71,3 million so‘m bo‘lgan 24 turdagi alkogol mahsuloti, ishlab chiqarish uskunasi va boshqa tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA