Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bojxona organlari tomonidan qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yish va bu bilan shug‘ullanuvchi yashirin sexlarni fosh etish borasida tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi xodimlari tomonidan oldindan olingan tezkor ma’lumotga asosan viloyat Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Gurlan tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Natijada, fuqaro D.Bning yashash uyida jami 51,5 litr spirt mahsulotlari, 61 dona “QARATAW”, 480 dona “URGANCH SHAROB O`zST” yozuvli qopqoqlar, 458 dona bir xil seriya va raqamli aksiz markalar, 695 dona mahsulotlarni qadoqlashda ishlatiladigan oq va yashil rangli klyonkalar hamda 1 dona qadoqlashda foydalaniladigan uskuna daliliy ashyo sifatida olindi.
O‘tkazilgan surishtiruvlar bo‘yicha olingan xulosalarga ko‘ra, 480 dona aksiz markalar kompyuterning rangli printerida tayyorlangani aniqlandi.
Shuningdek, 51,5 litr spirt mahsulotlari iste’molga yaroqsiz, davlat standarti talablariga javob bermaydigan, iste’molchilar hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro D.Bga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA