Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalb qo‘riyu mehrini shogirdlariga baxshida etgan zahmatkashlar
17:31 / 2022-09-30

Ustozlar – sofdil, kamtarin, axloqan va ma’nan yetuk, butun kuchlarini, aql-idroklarini, bilim va zehnlarini, qalb qo‘riyu mehrini shogirdlariga baxshida etgan zahmatkashlar.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi 18- hamda 20-umumta’lim maktablarida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram kechasida o‘quvchilar tomonidan ustozlariga ana shunday ta’riflar berildi.

– Bu galgi bayram tantanasini maktab o‘quvchilarining o‘zlari olib borishdi, – deydi 18-umumta’lim maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Yulduz Ablashimova. – Hatto ssenariysini ham o‘zlari yozishdi. Maktabimizda mana shunday ijodkor o‘quvchilar ko‘pligidan nihoyatda xursand bo‘ldik. Odamlarga harf o‘rgatib, savodini chiqarish bu ularga o‘rgatilgan eng yaxshi ta’lim, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 10 ming 85 ta maktabdagi 6 milliondan ortiq o‘quvchining xat-savodini chiqarishda 502 mingta o‘qituvchi mehnat qilmoqda. 502 ming nafar o‘qituvchi orasida tumandagi 20-umumta’lim maktabidagi 65 ta pedagogning ham hissasi bor.

– Maktabimizdagi pedagoglar 1 ming 202 nafar o‘quvchiga ta’lim berib kelmoqda, – deydi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Muattar Mahmudova. – O‘qituvchilik mashaqqatli kasb, deb bejiz aytishmagan. Haqiqatan ham bu soxada ishlayotgan insonlarning sabri va bardoshi boshqalarnikidan ko‘proq. Bugungiday bayram tadbiridan so‘ng har qanday o‘qituvchining mashaqqatli mehnatlari yodidan ko‘tariladi.

Shuningdek, bayram tadbiri davomida har ikki maktab direktorlari tomonidan eng fidoyi ustozlar hamda iqtidorli o‘quvchilarga tashakkurnomalar topshirildi.

N.Rahmonova, O‘zA