Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalb musiqasi
10:12 / 2022-03-28

Poytaxtimizdagi “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasi 27 mart – Xalqaro teatr kuni arafasida o‘z muxlislarini “Qalb musiqasi” nomli spektakl namoyishi bilan mamnun etdi.

 “Qalb musiqasi” spektakli – pantomima yo‘nalishidagi sahna asari bo‘lib, unda insoniylik, mehr-oqibat, ezgulik, xayr va saxovat, yaxshilikka xayrixohlik kabi azaliy tushunchalar bugungi kun talqinida gavdalantirilgan. 



So‘z o‘rnini plastik xatti-harakatlar, ishora, turli raqslar egallagan ushbu spektaklda jamiyatning texnologik jihatdan jadal taraqqiyoti odamlardagi o‘zlik, ruhiyat, eng toza va samimiy tushunchalarga raxna solayotganligi qiziqarli tarzda ochib berilgan. 

Tomosha asnosida inson faqat o‘tmish yoki xotira girdobida qolib  ham, umrini texnikaning eng so‘nggi yutuqlari bo‘lmish smartfonu, planshetlarga boy berib ham yashamaslik kerakligi haqida xulosaga kelish mumkin. So‘qir qalb yoki manqurtlikdan esa odamlarni faqatgina haqiqiy go‘zallik saqlab qolishi mumkin. 

Aytish joizki, bugungi kunda “Diydor” teatr-studiyasida ijodkor yoshlarni izlanish sari undovchi, san’atga bo‘lgan qiziqishi va e’tiborini orttirishga xizmat qiluvchi asarlarni sahnalashtirishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda. 

Iste’dodli rejissyor Bobur Yo‘ldoshev badiiy rahbar bo‘lgan ushbu spektaklni Ulug‘bek Abdurahimov hamda Afsona Azimova sahnalashtirgan. Liboslar va dekoratsiya bo‘yicha rassom – Dono G‘aniyeva. Pantomima spektaklda Ulug‘bek Abdurahimov, Husanboy Mamasharipov, Munisa Magametibragimova, Elmira Ibrohimova, va boshqa yosh ijrochilar ishtirok etgan. Spektakl tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. 

N.Usmonova, O‘zA