Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qalb kechinmasi
19:34 / 2023-01-26

Bugun «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida o‘tkazilgan «Vatan manzumasi» nomli adabiy-ma’rifiy kecha o‘zgacha ruhda o‘tdi. Yaqin vaqt ichida bunday formatdagi tadbirga guvoh bo‘lmagandik, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Kecha dasturidan o‘rin olgan rang-barang chiqishlar – el suygan san’atkorlarning Vatanni, onani, ayolni, do‘stni, tabiatni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari, ustoz va navqiron shoir va shoiralarning oila, elu yurt, tinchlik, sevgi muhabbatga oid, qalblarni junbishga keltiradigan she’rlari, harbiylarimiz faoliyatiga doir mazmunli, ko‘tarinkilik, faxr-iftixor baxsh etuvchi lavhalar – barcha-barchasi kishiga zavq-shavq berish barobarida chuqur o‘yga toldiradi, fikrlashga, mushohada qilishga undaydi.  

Kechada Vatan himoyachilarning harbiy-jangovar harakatlari tasvirlarini kuzatar ekanmiz, beixtiyor xayoldan ayni kunda dunyoning ayrim mamlakatlarida kechayotgan urushlar, qarama-qarshiliklar, qonli to‘qnashuvlar, noqonuniy xatti-harakatlar tufayli minglab begunoh insonlarni, ayol va bolalarning qurbon bo‘layotgani haqida internetda tarqalayotgan xabarlar birma-bir o‘tadi. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikka shukronalar keltiramiz.  

Ushbu tadbirni tomosha qilgan odam tinchlik eng bebaho ne’mat ekanini, u o‘z-o‘zidan ta’minlanmasligini, osoyishtalikni saqlash uchun shu yurtning har bir farzandi birlashishi, ahil-inoq, Vatanga sadoqatli bo‘lishi, Vatanni onani sevgandek sevishi, onani himoya qilgandek himoya qilishi lozim va shartligini yana bir bor teran anglashi shubhasiz.  

Qolaversa, yurtimiz tinchligini saqlash nafaqat harbiylarimiz, balki har bir vatandoshimizning muqaddas burchi ekani, agar barchamiz bir tanu bir jon bo‘lsak, osoyishtaligimizga hech kim raxna sololmasligini chuqurroq his qiladi. 

Aholida vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish, Vatan uchun kerak bo‘lsa, jon berishga shay turish, ota makon, ona yurtni ardoqlash va ulug‘lashga, uni ko‘z qorachig‘idek asrashga undovchi bunday adabiy-ma’rifiy kechalar viloyat va tumanlarda, chekka qishloq va ovullarda ham o‘ziga xos tarzda o‘tkazilsa, ayni muddao bo‘lardi.  

Xolmurod Salimov,  

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi o‘rinbosari