Botirxon Valixo‘jayev tavalludining 90 yilligiga
Rahmatlik Botirxon domlamni – ziyoli va halol insonni ko‘z o‘ngimga keltirsam, mavlono Xusrav Dehlaviyning:
“Chirog‘dek bo‘l, yoritgil keng jahonni,
Olov yanglig‘ kuydirma xonumonni”, –
degan o‘gitlari esimga keladi. Darvoqe, domla qalbida mumtoz adabiyotimizga nisbatan olov bor edi. Bu olov shunchalik kuchli bo‘lishidan qat’i nazar, domla uni jilovlab olgandilar, kamtarlik bilan «keng jahonni chirog‘dek yoritardilar», haqiqatlarni xokisorlik ila kashf etar ekanlar, mutlaq xulosa chiqarmasdilar, undan-da asosliroq boshqa xislat va qirralari bo‘lishi mumkinligiga ham ishonardilar. Zamonlar o‘zgarishi bilan voqelikni anglash, uning qadriyatlarini baholash mezonlari yangilanishini, o‘zgarishini chuqur idrok etuvchi nazarkarda olim edilar. Shu xislatlari tufayli ilmiy zukkolikni, bag‘rikenglikni voqe qilardilar…
Bunday donolikni, donishmandlikni qo‘msar ekanman, domla bilan bog‘liq turli voqealar xotiramda jonlanadi, olgan saboqlarim hamon huzur bag‘ishlaydi, siz-la baham ko‘rishga shoshiltiradi.
Ustoz «Adabiyot nazariyasi» darsligimga mas’ul muharrir bo‘lganlari uchun qo‘lyozmani sinchiklab o‘qiganlariga shohid bo‘ldim. Men sezmasdan o‘tkazib yuborgan ko‘pgina xatolar, aruzning ruknlari paradigmalarini, mumtoz adabiyotga oid arabcha asarlarning nomlarini tuzatar edi.
«O‘tgan kunlar»dan keltirilgan matndagi bir so‘zning ostiga chizilib, varaq hoshiyasiga so‘roq belgisi qo‘yilgan edi. Uni o‘qiy boshladilar: «Biz bular bilan tanishishni shu yerda qoldirib, ayvonning chap tarafidagi daricha orqali uyga kiramiz, ham uyning to‘riga solingan atlas ko‘rpa, par yostiq quchog‘ida, sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi, uyg‘oq yotgan bir qizni ko‘ramiz… Sariq rupoh atlas ko‘ylakning ustidan uning o‘rtacha ko‘kragi bir oz ko‘tarilib turmoqda edi…» Shu yerga kelganlarida «Ko‘ylakning ustidanmi yoki ostidan?» – deya murojaat qildilar. Men bunday sinchkovlikdan, inja e’tibordan, nozik kuzatishdan hayratga tushdim va shu paytgacha hech kim e’tibor bermagan bu so‘z aslida «ostidan» bo‘lishi, ana shundagina gapdagi fikr mantig‘i to‘g‘ri chiqishini («Sariq rupoh atlas ko‘ylakning ostidan uning o‘rtacha ko‘kragi bir oz ko‘tarilib turmoqda edi») tushunib yetdim… Har bir so‘zni chaqib, uning mag‘zini «shimib» o‘qish lozimligi to‘g‘risidagi saboqni tuydim.
Fan nomzodi darajasini olish uchun dissertatsiya himoyasi bo‘yicha ixtisoslashgan Ilmiy Kengash uchun rahbarlar kerakli sharoitni yaratib berishga harakat qilmayaptilar, kotiblikdan voz kechishga ariza bermoqchiman?
– Hotamjon! Bugun bo‘lmasa ertaga sharoitimiz yaxshi bo‘lishi mumkin. Yaxshi niyat bilan ishlayverish kerak, – dedi ustoz.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, Kengash uchun xona, kerakli jihozlar ajratildi. Albatta, bu ish xamirdan qil sug‘irishdek oson bitmagan edi, ustozning – Ilmiy kengash raisining betinim sa’yi harakatining ham natijasi edi.
Har qalay «Ko‘ngilni keng tutgan» kamroq iztirob tortar ekan, shunday maslahat bergan odamgina hamkor va hamkasb dardini yengillatish uchun ko‘proq mashaqqatni o‘z bo‘yniga olarkan-da! Ana insoniylik! Ana savob! Bildirmasdan qilingan saxiylik, vallomatlik!
– Nega o‘tmishimizga faqat bir xil – qora rangda qaraymiz? –deya bergan savolimga...
– Bu noto‘g‘ri. Hayotda 5 mingdan ortiqroq ranglar borligini bilasiz. Shu ranglar ichida oq va qorasi ham bor. «Qora»sini gapirganda «oq»ini esdan chiqarmagan ma’qul. Ikkalasi bir darajada aytilsayu keragini ajratib olish insonlarga havola etilsa, ma’nan to‘g‘ri bo‘ladi. Mana o‘zingizni o‘ylab ko‘ring: shu darajaga qaysi davrda erishdingiz? Sizni shu darajaga keltirgan ota-onangiz qachon yashashgan? Sizdagi xislatlaru mahorat, tajribayu ustozlik qachon yuzaga kelgan? Axir o‘z umringizning tarixini qora rang bilan chaplash, bu o‘zbek xalqining tarixini xaspo‘slash, noto‘g‘ri baholashga olib kelmaydimi?.. Axir, millionlar ham yakka birliklardan tashkil topadi-da! Shu sababdan donolar «Har kimsaning qalbida o‘z xalqining jajji qiyofasi yashaydi», – deb javob berdilar.
Domlaning shogirdlaridan Usmon Qobilov nomzodlik dissertatsiyasini yoqlashidan oldinroq akademik B.Valixo‘jayevning mas’ul muharrirligi ostida «Ilohiy timsolning badiiy talqini» monografiyasini nashr ettirdi. O‘zbek adabiyotida Iso payg‘ambar timsoli va uning badiiy talqini tarixi o‘rganilgan bu kitob ko‘pgina bahsu munozaralar uyg‘otdi.
Mustaqilligimiz arafasida ko‘pgina adabiyotshunoslar ham «Qur’oni karim»ni, payg‘ambarlar tarixini, umuman islomni ilmiy o‘rganishga bel bog‘lagan paytlar edi. Hali ko‘pchilik bu sohani chuqur egallamagan va sovet mafkurasining ta’siri sezilarli ustunlikka ega hukmronligi davom etardi. Ushbu monografiya badiiy obrazi xususida «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida taniqli olim, professor Abdurashid Abdug‘afurovning (joylari jannatda bo‘lsin) «Ilohning timsoli bo‘ladimi?» degan maqolasi e’lon qilindi. Maqolada monografiya muallifi va mas’ul muharriri noo‘rin tanqid qilindi. Hech qanday asoslarsiz, to‘g‘rirog‘i, Iso payg‘ambar va uning badiiy obrazi talqinini chuqur mushohada qilmay, mohiyatini anglamasdan bildirilgan fikrlar ko‘pchilikning e’tirozini uyg‘otdi.
Samarqandlik olimlarning haqli e’tirozlarini bildirishlariga Botirxon domla rozilik bermadilar: «Ilm faqat dalillarga asoslanadi va monografiya mazmuniga hech kim e’tiroz bildira olmaydi. Abdurashid akaga ozgina imkon berish kerak, u kishi katta olim – fikru mulohazalarida hissiyot ustunligini tushunib yetadilar. Monografiyada bildirilgan haqiqatlarga yetib keladilar va tan oladilar», – dedilar.
Darvoqe, keyinchalik Usmon Qobilovning «Iso Masih timsolining o‘zbek mumtoz adabiyotidagi badiiy talqini» dissertatsiyasiga professor Abdurashid Abdug‘afurov birinchi hakamlik qildilar. Uning dolzarbligini, ahamiyatini, ilmiy ishlanganligini e’tirof etib, yetuk tadqiqot sifatida baholadilar.
Ustoz Botirxon Valixo‘jayevning sabru toqati, hamkasb adabiyotshunosga nisbatan to‘liq ishonchi «qarshi» sanalgan olimni «yoqlovchi»ga, yoqlaganda ham butun salohiyati bilan bu ishning ijobiy yakunlanishiga tarafdor va jonboz do‘stga aylantirdi.
Domla har qanday qiyinchilikni, kamchiligu nuqsonlarni sezib, anglab tursalar-da, hech vaqt nolishni bilmasdilar. Qalblarida doimo shukronalik hukmron edi va ishonch bilan bu qiyinchiligu nuqsonlarni yengishga qodir kuchu g‘ayrat borligi haqida gapirardilar, yaxshi tomonini olqab gapirishni xush ko‘rardilar. Qirq yildan ko‘proq hamkor bo‘lganimga qaramay, ustoz og‘zidan «yomon», «bo‘lmaydi», «yaramaydi», degan so‘zlarni eshitgan emasman, allomaning leksikonida bu so‘zlar ishlatilmagani hamon hayratimni oshirdi. Vazminlikdan, sabru toqatdan, chidamli bo‘lishlikdan jonli saboq beradi.
Hotam UMUROV,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fanlari doktori, professor,
Ӯzbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.