Ajdodlarimiz azal-azaldan dunyoga ma’naviyat va ma’rifat ulashib kelgan. Hattoki, yurt egalari hisoblanmish shohlar ham o‘z navbatida yuksak ilm sohiblari bo‘lishgan. Bunga ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin. Xususan, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ bobokalonlarimiz fikrimizning dalili.
Quvonarlisi, davlatchiligimizning yaqin tarixida ham bunday ilmli va ma’rifatparvar shohlar an’anasi buzilmay keldi. Shulardan biri Xiva xoni Abulg‘ozi Bahodirxondir. Barcha shohlar kabi uning ham qismati mashaqqatli kechgan. Qarindoshlari bilan nizolar, bir qancha tutqunlik va o‘zga yurtlardan panoh izlab borishlar Abulg‘ozi Bahodirxonning irodasini sindirolmadi.
Uzoq davom etgan hokimiyat uchun olib borilgan mashaqqatli kurashlardan so‘ng 1644 yil u taxtga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng markaziy hokimiyatni mustahkamlash yo‘lida bir qancha islohotlarga boshchilik qildi.
E’tiborlisi shuki, hamisha serg‘alva o‘tgan umriga qaramay, Abulg‘ozi Bahodirxon o‘zidan yetarlicha ilmiy meros qoldirishni ham uddalay oldi. U tarixchi olim sifatida "Shajarayi tarokima" va "Shajarayi turk" asarlarini yozishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, tibbiyot ilmiga oid "Manofi’ul inson" ("Insonga foydali narsalar") nomli asar ham yozishga erishdi. Ta’kidlash joizki, uning "Shajarayi tarokima" va "Shajarayi turk" asarlari O‘zbekiston va Markaziy osiyo tarixiga doir eng qimmatli manbalar sarasiga kiradi.
Mazkur asarlar nafaqat Markaziy osiyo xalqlari tarixi, balki madaniyati, tili va davlatchilik siyosati haqida ham muhim ma’lumotlar olish imkonini beradi. Bundan tashqari, bugungi kunda ham ushbu asarlarning qiymati yuqori sanaladi. Negaki, mazkur manbalar boshqa sohalar rivojiga ham sezilarli hissa qo‘shmoqda. Xususan, tilshunoslik va adabiyotshunoslik shular jumlasidan. Zotan, muallif ham o‘z asarida tarix va adabiyot ilmini puxta o‘zlashtirganini, masnaviy, g‘azal va ruboiy kabi lirik janrlarni mukammal o‘rganganini ta’kidlagan.
Xulosa qilib aytganda bunday ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganar ekanmiz, albatta, qalbimizda cheksiz iftixor tuyamiz. Ammo faxrlanishning o‘zigina kifoya qilmaydi. Balki o‘zimizda ulkam mas’uliyat his etmog‘imiz, muhabbatimiz va mehnatimiz evaziga vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga intilishimiz talab etiladi.
Shundagina yurtboshimiz ilgari surayotgan ulkan tashabbuslar va yangi O‘zbekistonning taraqqiyot bosqichida tomoshabin emas, ishtirokchi bo‘lishga erishamiz. Bu yo‘lda esa ulug‘ ajdodlar hayoti bizga ibrat maktabi vazifasini o‘taydi.
Sherbek Islomov,
O‘zA