Taniqli jurnalist Gulchehra Umarova dadil, keskirso‘zli, vijdoni uyg‘oq va ayni paytda diyonatli, oriyatli, millatparvar, yurtparvar ijodkorlardan sanaladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Gulchehra Umarova tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Adabiy anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, atoqli shoira Farida Afro‘z, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev va boshqalar Gulchehra Umarova ijodi, uning o‘ziga xos ibrat bo‘lishga arzigulik insoniy fazilatlari xususida batafsil so‘zladilar.
- Yozuvchilar uyushmasi binosida yangi kitoblar taqdimoti, ustoz adib va shoirlar, jurnalistlarning tavallud sanasiga bag‘ishlangan anjumanlar muntazam o‘tkazilib turibdi, - dedi ustoz shoira Farida Afro‘z. – Bu esa milliy adabiyotimizga bo‘lgan ehtiromning amaliy namunasidir. Ijod ham qaysidir ma’noda kurashlar maydoni sanaladi. Gulchehra opa bu ijod maydonidagi sadoqatli, ko‘ngli toza insonlardan biridir.
– Gulchehra bilan 22 yil birga tahririyatda mehnat qilganmiz, – dedi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. – Uishga biror marta kech kelmagan, biron topshiriqni bajarmay qolmagan. Gulchehraning yozgan maqolalari sal achchiqroq, lekin uning xarakteri ham shunga yarasha. Ijodkor turli sinovlarni boshdan kechirishi tabiiy. Gulchehra ham sinovlardan yanada qat’iyatli, shiddatli bo‘lib chiqqan inson.
Gulchehra Umarova 1978 yili Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Mahoratli ustoz jurnalist 1978 yildan 2024 yilgacha “O‘zbekiston adabiyotiva san’ati” gazetasida musahhih, tarjimon, muxbir¸1997 yildan bo‘lim mudiri vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelgan. Ustoz ijodkor 2024 yildan buyon “Jadid” gazetasida bo‘lim mudiri sifatida mehnat qilmoqda.
Gulchehra opa 47 yillik faoliyati davomida jurnalistika sohasida katta tajriba orttirib, o‘ziga xos ijodiy maktab yaratdi. San’at, madaniyat sohalarini rivojlantirish, muammo va yechimlarga bag‘ishlangan turkum maqolalari bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan.
G.Umarova mohir jurnalist, adabiyotshunos, essenavis bo‘lib, ijodida jurnalistik maqolalar, tahliliy chiqishlar va adabiy fikrlar muhim o‘rin tutadi. U o‘zining o‘tkir tahlillari, ayniqsa, kino asarlari va ma’naviyatga oid masalalar yuzasidan keng qamrovli maqolalari bilan jamoatchilik e’tiborini qozongan. Uning adabiyotga kirib kelishini sokinlikka yo‘yilsa, ijodiy dunyosi g‘oyat betakror, haqparvar, kengva sofdil qalamkash sifatida e’tirof etiladi.
Ustoz jurnalist milliy ma’naviyatimiz, san’at, jamiyatdagi muammolarni bosma ommaviy axborot vositalari va televideniyedagi ko‘rsatuvlar orqali dadil yoritib kelmoqda. Kino va adabiy asarlarni keng va chuqur tahlil etadi. Ma’naviy kamolot, ziyolilarning jamiyatdagi o‘rni kabi masalalarga teran tahliliy asosda, sofdillik va haqiqat mezoni bilan yondoshishi e’tiborga molikdir.
[gallery-26928]
Gulchehra Umarova “Mehnat shuhrati” ordeni, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan. Adabiy tadbirda Gulchehra Umarova ijodiy faoliyatiga oid videofilm namoyish etildi.
Ijodkor mamlakatimizda qalam ahliga ko‘rsatilayotgan ehtirom va e’tibordan mamnunligini bildirdi.
Tadbirda milliy istiqlolimiz, ona-Vatanimiz, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari,ijod ahliga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tiborni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat) O‘zA muxbirlari