Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabida marhum jurnalist O‘rin Kamolov xotirasiga bag‘ishlangan “Qalamdan tomgan haqiqat” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Navoiy viloyati bo‘limi hamda tuman Axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi hamda marhum ustoz jurnalistning boy hayot yo‘li va ijodiy merosi haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslonov O‘rin Kamolovning matbuot sohasidagi fidokorona mehnati, ayniqsa, “Paxtakor” gazetasi (hozirgi “Xatirchi hayoti” tahririyati)da muharrir sifatidagi sermazmun faoliyati haqida to‘xtalib, ustoz jurnalistning o‘z davrida nafaqat tinimsiz ijod qilgan, balki tuman matbuoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan, yosh qalamkashlarni qo‘llab-quvvatlaganini alohida e’tirof etdi.
Marhum jurnalistning qizi, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan faxriy jurnalist Muhabbat Kamolova ham otasi boshlab bergan yo‘lni davom ettirib, uzoq yillar matbuot sohasida xizmat qilgan.
[gallery-27380]
– Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ijodkor xotirasini abadiylashtirish, shu orqali yosh avlod qalbida kitobga, so‘zga, matbuotga va tarixiy xotiraga bo‘lgan hurmatni mustahkamlashdan iborat, – deydi tuman Axborot-kutubxona markazi mutaxassisi Zilola Rustamova. – O‘rin Kamolovning boy ijodiy merosi bugun ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan, balki zamonlar osha ma’naviy yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kecha davomida ijodkorlar va yoshlar tomonidan Vatan, tinchlik, mehr-oqibat va insonparvarlik g‘oyalarini tarannum etuvchi she’rlar o‘qildi. Maktab o‘quvchilari ijrosidagi sahna ko‘rinishlari esa tadbirga alohida ruh bag‘ishlab, ishtirokchilar qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari