Vatan uchun, milliat uchun, xalq uchun!
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Eng aziz, eng ulug‘” tanlovining Respublika bosqichi juda katta hayajonlarga boy bo‘ldi. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” bosh g‘oyasi asosida tashkil etilgan ushbu tadbirda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan O‘zbekistonimizdagi keng ko‘lamli islohotlar samaralari, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi ifodasi, uchinchi renesans poydevorini yaratish yo‘lidagi muhim qadamlarni turli janrlarda ijod qilayotgan fidoiy ijodkorlar yutuqlari e’tirof etildi.
Bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari nominatsiyasida 1 o‘rin taniqli publitsist va tarixiy mavzulardagi asarlari bilan tilga tushgan ijodkor Hakim Sattoriyga nasib etdi. Chindan-da, keyingi yillarda ijodkorning markaziy davriy nashrlarda juda ko‘plab maqolalari o‘quvchilar e’tiborini tortdi. U “Hazrat sohibqiron”, “Imzoli xatlar”, ”Vaqt manzarasi”, ”Yerda yulduz ko‘rdim“ kabi o‘nga yaqin kitoblar muallifi.
— Badiiy publitsistika jamiyatda kechayotgan ijtimoiy–siyosiy, madaniy–ma’rifiy jarayonlarga, inson ongu shuuri, dunyoqarashi, turmush tarziga, ma’naviyatiga hozirjavob ijodiy tafakkur mahsulidir, – deydi ijodkor biz bilan suhbatda. — Hakamlar hay’ati izlanishlarimizni qadrlab mukofotga loyiq ko‘rishibdi. Bu e’tirofdan mamnunman. Kelgusida esa yangi asarlarga qo‘l urish niyatidaman.
Ushbu nominatsiyada 2 o‘rin esa “Xalq so‘zi” gazetasining ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i Nurulla Ostonovga nasib etdi. Nurulla aka ko‘p yillar O‘zAning Samaraqand viloyati muxbiri, MTRK ning “Axborot” direksiyasi viloyat muxbir, Samarqand shahar hokimligi gazetasi bosh muharriri, “O‘zbekiston ovozi“ gazetasi bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Keyingi yillarda “Xalq so‘zi“ gazetasida uning turli mavzulardagi o‘qimishli maqolalari jamoatchilik tomonidan ijobiy baholandi. U kishi o‘nga yaqin lirik she’rlarni jamlagan o‘ziga xos uslubdagi lirik shoir sifatida e’tirof etilsa, bolalar uchun atalgan bir qancha kitoblar muallifi hamdir. Shuningdek, “Kesakning ta’siri” ,”Yig‘laydigan o‘lik” hajviya va pamfletlari jamlangan kitoblari, bir qator publitsistik asarlari ijodkorning qalami nechog‘lik yonib turgan behalovat qalb sohibi ekanligi bildirib turadi.
— Ijodkor hayotga teran nazar tashlashi lozim , – deydi Nurulla Ostonov. – Albatta, birinchi o‘rinda Vatanni sevish va ardoqlash, o‘z yurtining quvonchu qayg‘usiga sherik bo‘lish, zamondoshining nafasini sezib turish lozim. Keyingi paytda markaziy nashrlarda nisbatan maqolanavislik jonlana boshladi. Buni o‘zim xizmat qilayotgan “Xalq so‘zi“ gazetasi faoliyatida ham sezish mumkin. Gazetamizning mualliflari soni oshayapti. Umuman, gazetalarning umri tugadi, degan so‘zning o‘zi o‘rinsiz fikr. Gazeta o‘nlab kechani kecha, kunduzni kunduz demay, o‘z sohasining tashvishidan cho‘chimaydigan, qalam va so‘z sehrini his etadigan ijodkorlarning minbari. Gazetadagi maqolaning ruhini, iforini his etadigan millionlab o‘quvchilar kutib turgan bo‘ladi. Bugungi “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovida ishtirok etib, nominatsiya sohibi bo‘lganimdan, faxrli ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rishganidan mamnunman. Kelgusida ham yangi asarlarga qo‘l urish niyatidaman. Kelayotgan ulug‘ bayram barcha zamondoshlarimizga muborak bo‘lsin.
Yana bir munosib nomzod “Fermer” jurnali bo‘lim mudiri Ulug‘bek Jumayevga esa 3 o‘rin nasib etdi. Ulug‘bek Jumayev o‘quvchilarga mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi hayotiga oid juda ko‘plab maqolalari bilan tanish. Shuningdek, uning ma’rifiy mavzudagi materiallari “Bobur va dunyo” jurnalida, “Hurriyat”, “Bugungi O‘zbekiston” nashrlarida doimiy chop etilib boriladi.
— Tanlovda qatnashib ushbu nominatsiyada g‘oliblikni qo‘lga kiritganimdan xursandman, – deydi suhbatdoshimiz. — Aslida ijodkor mukofot uchun yozmaydi. Bu ijodkorga bir e’tibor, yana rag‘bat. ”Fermer” jurnalimiz keyingi paytda fermerlarimizning quvonchi va tashvishlarini yoritish bilan birga ma’naviy ma’rifiy badiiy asarlarga ham o‘rin bermoqda. Bugungi mukofot aslida tinib tinchimaydigan ijodiy jamoamizga berilgan mukofotdir. Kelayotgan bayram barchamizga muborak bo‘lsin.
O‘ljaboy Qarshiyev