Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qahramon”lik tadbirkorlar
09:58 / 2025-12-18

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 sentyabrda “Kambag‘allikdan farovonlik sari dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bugun nafaqat hududlarda aholi daromadini oshirish, balki ularning yashash sharoitlarini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyati Romitan tumanining “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilgan ishlar qisqa fursatda yaxshigina natijalarga erishilganini ko‘rish mumkin. Misol uchun, Zulfiqor Razzoqov mahallada baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish orqali mahalla ko‘magi bilan 100 million so‘m miqdorida kredit olganiga ko‘p bo‘lmadi. Hududdagi fermer tomonidan kerakli yer ajratilib, kam daromadli oilaga yangi imkoniyat taqdim qilindi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi To‘xtamurod Niyozov doimiy ishga joylashtirilib hozirgi kunda besh million so‘m maosh olmoqda. Shuningdek, imtiyozli kredit hisobidan xonadon o‘z issiqxonasiga ega bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘i Fazolat To‘layevaga esa tikuv mashinkasi olib berildi. Bu o‘z navbatida oila daromadiga hissa qo‘shmoqda. 

[gallery-26782]

Qahramon mahallasida kambag‘allikni qisqartirish maqsadida Romitan tajribasini tatbiq qilish yaxshigina natija bermoqda. Ishsiz hamda kambag‘al oila vakillari hududdagi kichik korxonalarga biriktirilishi yakka tartibdagi tadbirkorni katta bir jamiyat egasiga aylantirdi. 

– Qahramonda shunday oila bor. Biroz muqaddam qulupnay yetishtirish hadisini olib, bugun yiliga bir yarim milliard so‘m daromad qilmoqda. Hozirda issiqxona 17 sotixga kengaytirildi. Tashabbus egasi yana 35 sotix ajratilgan yer maydonida faoliyat turini kengaytirishga bel bog‘lagan. G‘afur Islomov mahalla yettiligi, ayniqsa, hokim yordamchisining ko‘magi bilan nafaqat o‘z faoliyatini kengaytirmoqda, balki hududdagi boshqa oilalarga ham bilganlarini o‘rgatib, ularning daromadi oshishi uchun zamin hozirlamoqda, – deydi “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Zilola Soliyeva. 

Qahramonda Romitan tajribasini tatbiq qilish orqali yil oxirigacha kambag‘allik darajasini 2 foizdan tushirish reja qilingan. Albatta, bu raqamlar ham ayni paytda xorijda ishlayotgan va mehnat bozoriga kirib kelayotgan aholi hissasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, yo‘lga qo‘yilgan tizim nechog‘li samara berayotganini anglash qiyin emas. Muhimi, hududda tomorqachilik va issiqxona xo‘jaligi – barqaror daromad manbai sifatida qaralgani aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish uchun keng yo‘l ochmoqda. 

Tomorqalar nafaqat oila ehtiyojini ta’minlash, balki hosilni bozorga chiqarish orqali qo‘shimcha daromad manbaiga aylangan. Ayniqsa, issiqxona xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi aholi xonadonlari safi kengaymoqda. Shundan bo‘lsa kerak, qahramonliklarning qahramonligi inobatga olinib, mahalladagi 10,0 gektar ijara yer maydonlaridan samarali foydalanish hisobiga issiqxona sonini ko‘paytirish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.