Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat chog‘i o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib, ko‘p qavatli uy oynasidan pastga qulagan bolani qutqarib qolgan yurtdoshimizning jasorati munosib baholandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, xalqimizga xos yuksak jasorat, qahramonlik va fidoyilik fazilatini yaqqol namoyon etgani uchun Xayrullo Ibodullayev “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Rossiya tomoni hamyurtimiz Tigran Keosayan nomidagi maxsus mukofotga loyiq ko‘rilganini e’lon qilib, uning hisob raqamiga 1 million rubl o‘tkazib berdi.
O‘zi aytishicha, Xayrullo ushbu mablag‘ni O‘zbekistondagi oilasiga yuborib, uy-joy qurish, otasining sog‘lig‘ini tiklashga sarflamoqchi. Darvoqe, Ibodullayevning to‘rt nafar qiz farzandi bor.
RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan mazkur mukofot “shunchaki yaxshi, to‘g‘ri insonlar”ni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilganiga urg‘u bergan.
Xayrullo Ibodullayev Buguruslan shahridagi ikki nafar qahramon-tarbiyachi va Anapa kollejiga uyushtirilgan hujum vaqtida halok bo‘lgan qo‘riqchidan keyin ushbu sovrinni olgan to‘rtinchi kishi bo‘ldi.
Yurtdoshimizning bu jasorati nafaqat bir bola hayotini saqlab qoldi, balki o‘zbek xalqining insonparvarlik, jasorat va fidoyilik an’analarini butun dunyoga yana bir bor namoyon etdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA