Qahramonlarni davr yaratadi
Bu jumlani avval qayerdadir oʻqigandim.
El boshiga ish tushganda
Bugun dunyoda yuzaga kelgan vaziyat oʻzimiz, oʻzligimiz, tabiat, jamiyat va inson haqida mushohada yuritishga majbur qilayapti. Haqiqatan, nihoyatda tarang, oldindan bir narsa deyish qiyin boʻlgan davrni boshdan kechirmoqdamiz. Goʻyo insoniyat nasli xavf ostida qolgandek. Shunday tahlikali paytda ham atrofimizda tom maʼnodagi qahramonlar yashayotganini oʻylash koʻngilga iliqlik, gʻurur beradi.
...Men u odamni tanimayman. Ammo kunda boʻlmasa ham kunora unga duch kelaman, desam mubolagʻa emas. Ehtimol, bu kasbni men tugʻilmasimdan ancha avval boshlagandir. Gap erta tongda tumanimiz koʻchalarini supurib yuradigan ayol haqida borayapti.
U butun Jomboyni oʻziga tegishli, deb oʻylaydi. Vijdonan oʻylab koʻrsam, aslida ham shunday ekan. Men va menga oʻxshagan minglab yoshlardan koʻra, tumanimizga uning nafi koʻproq tegayapti...
Bola edik. Adashmasam, 4- yoki 5-sinfda oʻqib yurgan kezlarim. “Jomboy tongi” tahririyatiga ilk qoralamalarimni olib borgandim. Yozganlarim xom ekanmi, muharrir talabchanlik bilan tahrir qildi. Negadir bundan qattiq taʼsirlandim. Koʻchaga chiqdimu, endi hech qachon sheʼr yozmayman, deb qaror qildim. Daftarimni gʻijimlab, yoʻl chetiga uloqtirdim. Farrosh ayol bilan ilk bor oʻshanda tanishganman. U menga qarab qoʻydi va gʻijimlangan qogʻozni oldida axlat qutiga solib, ishini davom ettirdi.
Keyinchalik ijod mening taqdirim ekanini tushunib yetdim. Qiziq, oʻsha ayol ham kasbini shuning uchun tark etolmasa kerak. Chindan ham u eng fidoyi inson edi. Bunga koʻp yil boʻldi. Farrosh ayol yoshroq, navqironroq edi...
Karantin sabab oʻqishdan taʼtilga chiqdik. Tunov kuni doʻkonga chiqishimga toʻgʻri keldi. Oʻsha ayolga yana duch keldim. Keksayibdi...
Odamlar xastalik yuqtirib olmaslik uchun yaqinlaridan ham oʻzini tortadigan bir paytda u tumanimiz ozodaligi uchun hamon koʻchalarni ozoda tutishga urinayapti, jahl qilib yoʻl chetiga uloqtirilgan axlatlarni ogʻrinmay tozalayapti. Jomboylikman, degan nomga mendan koʻra, u haqliroq ekanini dildan tuydim.
Bugun tibbiyot xodimlarini davr qahramonlari, deyapmiz. Bunda hech qanday mubolagʻa yoʻq. Yuzlab shifokoru hamshiralar xastalik yuqtirib olgan yurtdoshlarimizni davolash uchun jonini xavfga qoʻyishayotgani rost. Shu bilan bir qatorda, obodonchilik tizimi xodimlarini ham qahramonlar qatoriga qoʻshsak, arziydi.
...Kecha onam bir gap aytib qoldi. Qoʻshnimiz ehtiyojmandlar uchun bepul tibbiy niqob tikib berayotgan ekan. Bir qarashda oddiy holdek tuyuladi. Bugun yurt boshiga sinov tushganda xayriyaga bel bogʻlagan saxovatpesha insonlar shukrki, koʻp. Ammo... Oʻsha qoʻshnimiz oʻzi nogiron. Menga yordam bering, deb kimdandir najot kutib oʻtirgani yoʻq.
Onamning aytishicha, tuman hokimligiga murojaat qilibdi. Agar xomashyo yetkazib berishsa, haq olmay niqob tikib berishini aytibdi. Negadir bu menga oʻzgacha taʼsir qildi. Kimlardir vaziyatdan foydalanib, narxni oshirishday pastkashlikka qoʻl urayotgan bir paytda imkoniyati cheklangan ayolning fidoyilik koʻrsatishi hammamizga ibrat emasmi? Davr oʻz qahramonlarini yaratgani shu aslida!
Koʻp oʻyladim. Xoʻsh, menchi?! Ayni paytda yoshmiz. Bizning qoʻlimizdan keladigan birdan bir ish – uyda qolib, dars tayyorlash, kelajak uchun yaxshi mutaxassis boʻlish. Hukumat tomonidan belgilangan qoidalarga boʻysunish eng katta qahramonlik.
Ammo koʻnglim toʻlmadi. Qoʻl qovushtirib turgim kelmadi. Hech boʻlmasa, haqiqiy fidoyilik koʻrsatayotgan yurtdoshlarim haqida nimadir yozib, ularga minnatdorligimni shu yoʻsinda bildiray dedim. Bu mening sinov paytida xalqim birdamligiga qoʻshgan hissam boʻlsin.
Nilufar OMONOVA,
talaba