Poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” hududida barpo etilgan “Millat fidoyilari” xiyoboni yurtimiz mustaqilligini asrash va mustahkamlash, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimiz tinchligini saqlash yo‘lida jon fido qilgan marhum yurtdoshlarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat-ehtiromning yana bir namunasidir.
Ushbu xiyobonda yurtimizning 200 nafarga yaqin fidoyi o‘g‘lonlari nomi zarhal harflar bilan bitilgan. Ulardan biri mard va fidoyi ichki ishlar xodimi, marhum polkovnik Bahodir Hoshimovdir.
Bahodir Hoshimov 1950 yilda Andijon viloyatining Asaka shahrida tavallud topgan. 1968-1970 yillari harbiy xizmatni o‘tagan. U 1977 yili Toshkent avtomobil va yo‘llar institutini muvaffaqiyatli tamomlab, mehnat faoliyatini Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasi davlat avtomobil nazorati boshqarmasida davlat avtomobil inspektori vazifasidan boshlagan.
B.Hoshimov 16 yil davomida viloyat IIB davlat avtomobil nazorati boshqarmasida turli lavozimlarda sidqidildan xizmat qildi. 1993-1997 yillarda esa Asaka shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, 1997-2000 yillarda viloyat ichki ishlar boshqarmasi, xususan, IIB Jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi.
2000 yil 20 avgustdan 21 avgustiga o‘tar kechasi Andijon viloyati Izboskan tumani Poytug‘ shaharchasidagi chekka bir xonadonga in qurib olgan bir guruh terrorchilar bilan bo‘lgan qurolli to‘qnashuvda u mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatdi. Ming afsuski, otishmalar chog‘ida polkovnik Bahodirjon Hoshimov mardlarcha halok bo‘ldi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida yurtimiz erkini ko‘rolmay, chetdan g‘araz niyat bilan qarab, ammo ichkarisiga suqilib kirolmayotgan g‘alamislar o‘tish davrida ayrim yoshlarimiz ongida hosil bo‘lgan bo‘shliqlar o‘rniga o‘zlarining chirkin mafkurasini olib kirishga intildi. Afsuski, ba’zan bunga qisman bo‘lsa-da, erishishdi. Ulardan qurol sifatida bizga qarshi foydalanish maqsadida harakat qilishdi. Vatanfurush, nafs yo‘lida o‘zligini yo‘qotgan bir hovuch xoinlar ularning puch g‘oyalariga ishondi. Yovuz kuchlarning nog‘orasiga o‘ynab, qo‘llarida qo‘g‘irchoqqa aylanib, ularga ergashgan edi.
...Izboskan tumani Poytug‘ shahri ko‘chalarining biridagi uyga paranji yopingan noma’lum ayollar kirib-chiqib yurishibdi...
Buni ko‘rgan mahalladagi hushyor fuqarolar ichki ishlar idoralariga yetkazishdi. Ma’lumot olingach, tuman ichki ishlar bo‘limida tezkor-tergov guruhi tuzilib, aytilgan manzilga yetib kelishdi. Reja bo‘yicha ish boshlagan xodimlar “shitir” etgan sharpaga sinchkov quloq tutishdi. Yarim tunda yon tomondagi darvoza tovushsiz ochildi-da, undan ikki nafar paranji yopingan ayol chiqib, shitob bilan keta boshladi.
– Kechirasizlar, opajonlar! Qorong‘ida nima yumush bilan yuribsizlar? “Opajonlar” javob bermadi. Shu payt darvoza yana ochilib, undan chiqqan ikki paranjili “ayol”ning metin qo‘llari ichki ishlar idorasi xodimini bo‘g‘ib, ichkariga sudray boshladi. Sportning qo‘l jangi bilan muntazam shug‘ullanib yurgan militsiya xodimi to‘rt nafar paranjili “ayol”larga qarshilik ko‘rsatib, hujumga o‘tdi. Olishuv paytida ichki ishlar idorasi xodimlari ularning ayol emas, erkak kishi ekanligiga, qurollanganligiga ishonch hosil qildi. Bu haqida viloyat ichki ishlar boshqarmasiga xabar berildi...
...Tungi soat 22.30 dan boshlab tonggi 05.25 gacha bo‘lgan muzokaraga ichkaridagi terroristlar o‘q otish bilan javob berib turishdi. Iloji yo‘q, endi ularni qurolsizlantirish kerak edi. Buning uchun polkovnik Bahodirjon Hoshimov boshchiligida jangovar harakatdagi otryad devor panasidan turib, hujumga o‘tishi rejalashtirildi.

Topshiriq asosida reja bo‘yicha yorib kirgan xodimlar uyga joylashib olgan terrorchilar “jonli devor” sifatida foydalanayotgan ikki bola va bir ayolni sog‘-omon olib chiqishdi.
Shu payt uy ayvoni shiftidagi tuynukdan otilgan o‘q polkovnik Bahodirjon Hoshimovning egnidagi zirhli kamzulning yoqasidan kirib, uni yiqitdi.
O‘sha tuynukdan yana bir necha bor o‘q uzildi. Mo‘’jiza tufayli o‘qlar nishonga tegmadi. Afsuski, olgan jarohatining jiddiyligi tufayli polkovnik Bahodirjon Hoshimov vafot etdi.
Bahodirjon Hoshimovning ko‘rsatgan jasorati xaqida keyinchalik uning hamkasblari tomonidan “Jasoratning mashaqqatli yo‘llari” nomli hujjatli kitob yozildi. Shu bilan birga, uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi muzeyida Bahodir Hoshimov hayoti, faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lim, viloyatdagi qator umumta’lim maktablarida qahramon hayoti haqida hikoya qiluvchi stendlar tashkil etildi.
Hozir Bahodirjon Hoshimovning oilasi Asaka tumanidagi Arg‘in mahallasida yashab kelmoqda. Uning katta farzandi Bahtiyorjon prokuratura, kenja farzandi Botirjon Hoshimov ichki ishlar tizimida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
B.Hoshimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Asaka tumanidagi 30-umumta’lim maktabida “Jasorat” burchagi tashkil qilinib, o‘quvchilarga uning qahramonligi haqida qo‘shimcha darslar o‘tib kelinadi. Bundan tashqari, har yili tuman miqyosida sportning boks va futbol turlari bo‘yicha B.Hoshimov xotirasiga bag‘ishlangan turnirlar o‘tkaziladi.
Yurtimizda Bahodirjon Hoshimov singari fidoiy insonlarning nomi, porloq xotirasi “Millat fidoyilari” xiyoboni orqali mangulikka muhrlandi. Yurt, xalq tinchligi yo‘lida o‘z jonini tikib, g‘animga qalqon bo‘lgan ana shunday qahramonlarimiz xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari