14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Andijon viloyati Marhamat tumani hokimligi hamda Mudofaa ishlari bo‘limi mas’ul xodimlari, bir guruh harbiy faxriylar xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jasorat ko‘rsatib halok bo‘lgan harbiy xizmatchi – jangovar desant guruhining mexanik haydovchisi, kichik serjant marhum Akmaljon Ko‘chkanov xonadonida bo‘ldi.
Tumandagi Qoraqo‘rg‘on mahallasida istiqomat qiluvchi qahramonning ota-onasi va yaqinlari bilan uchrashuv chog‘ida Vatan himoyasi yo‘lida jonini fido etgan, el-yurt tinchligi uchun jasorat namunasini ko‘rsatgan mard o‘g‘lonlar xotirasi xalqimiz qalbida hamisha barhayot ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘z xizmat burchini bajarish asnosida mardlarcha halok bo‘lgan harbiylar nafaqat bir oilaning, balki butun millatning g‘ururi va faxr-iftixori ekani, ularning yorqin xotirasi avlodlar qalbida abadiy saqlanishi qayd etildi.

Oila a’zolari bilan suhbat davomida marhum Akmal Ko‘chkanovning vatanparvarligi, harbiy xizmatdagi fidoyiligi, ko‘rsatgan jasorat va qahramonligi, yuksak insoniy fazilatlari yodga olindi.
– Akmal nafaqat mohir mexanik-haydovchi, balki o‘z qasamyodiga sodiq, yurt muhabbatini hamma narsadan ustun qo‘ygan haqiqiy askar edi, – deya xotirlaydi tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Abdullo Bashirov. – Uning jangovar desant guruhi safidagi dadil harakatlari, hayotining so‘nggi nafasigacha ko‘rsatgan mardligi bugungi yoshlar uchun tarbiya, ibrat maktabidir. Akmal kabi qahramonlarni xalqimiz hech qachon unutmaydi.

Suhbat yakunida mutasaddilar marhum Akmal Ko‘chkanovning ota-onasi, yaqinlariga minnatdorchilik bildirib, ularga bayram sovg‘alarini topshirdi. O‘z navbatida qahramonning ota-onasi ko‘rsatilgan e’tibor uchun Prezidentimizga, mutasaddilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari