Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qahramonda ftiziatr va pulmonologlar ko‘rigi o‘tkazildi
15:46 / 2025-09-09

Sirdaryo viloyatidagi Ftiziatriya va pulmonologiya markazi tashabbusi bilan Xovos tumani Qahramon uchastkasida bolalar va xavf guruhidagi bemorlar orasida tuberkulyoz kasalligini erta aniqlash va davolashga qaratilgan profilaktika chora-tadbirlari doirasida skrining tekshiruvi o‘tkazildi.

Tadbirda markazning tajribali ftiziatr va pulmonolog shifokorlari hamda “O‘pka salomatligi mobil” brigadasi mutaxassislari ishtirok etdi. Ular turli yoshdagi fuqarolarni qabul qilib, nafas yo‘llari va o‘pka kasalliklarini erta aniqlash, ularning oldini olish hamda aholini sog‘lom turmush tarziga undash borasida amaliy maslahatlar berdilar.

O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijasida 80 nafar fuqaroda ko‘krak qafasi rentgen tekshiruvlari amalga oshirildi, 60 nafar bolaga esa diaskin-test sinamasi qo‘yildi. Shuningdek, 6 nafar bemorga kasallik turiga ko‘ra viloyat shifoxonalarida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

Ko‘rik davomida yuqumli kasalliklarni barvaqt aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Zamonaviy mobil uskunalar yordamida tuberkulyoz va o‘pkaning boshqa xastaliklari tashxis qilindi, zarur hollarda bemorlar viloyat markaziga yo‘naltirildi.

– Bunday skrining tadbirlari aholining salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega. Chunki kasallikni erta bosqichda aniqlash uni davolash samaradorligini oshiradi. Shu bois kelgusida ham barcha tuman va shahar mahallalarida aholi bilan yaqin hamkorlikda ish olib boramiz, – deydi markaz direktori Jonibek Po‘latov.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri