FOTOREPORTAJ
Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona dala o‘quv maydoni hududida “Xotira bog‘i” tashkil etildi.
Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasini yod etish va ular nomini abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan bog‘ga poligon hududidan yer ajratilib, ishlov berildi. Hudud keraksiz chiqindilardan tozalandi. Dastlabki bosqichda 100 tup manzarali, 500 tup mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
[gallery-20226]
Ta’kidlash joiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 21 oktyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kuz faslida Mudofaa vazirligi 200 ming tup ko‘chat ekishga mas’ul bo‘lishi belgilangan edi. Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash yuzasidan Sharqiy harbiy okrugda amaliy harakatlarga start berilgan. Xususan, okrugga qarashli harbiy qism va muassasalarga yondosh hududlar obodonlashtirilib, daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
Dala o‘quv maydonida barpo etilgan yangi bog‘ ham yaqin yillar ichida yashillikka burkangan, obod va xushmanzara joyga aylanadi. Bizga ozod Vatanni qoldirgan qahramon o‘g‘lonlar nomiga atalgan mazkur bog‘ tinch va osuda kunlarimiz shukronasi ramzi bo‘lib qoladi.
O‘zA fotomuxbiri
Muqimjon QODIROV olgan suratlar