Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadrsiz ne’mat qadr toparmikan?
16:30 / 2023-12-21

–Xo‘sh ayting-chi, suvda atom bormi?

– Suvda-mi?.. Suvda, atom nima qiladi? Atom, bu bomba-ku!

Mulohazalarimizni bejiz ushbu jumlalar bilan boshlamadik. Haqiqatdan suv oliy, qudratli kuchga ega bo‘lgan ne’mat sanaladi. Dasturxonning ko‘rki bo‘lgan, uni o‘rnini boshqa hech bir ne’mat bosa olmaydigan nonga azaldan bobolarimiz non ham non, ushog‘i ham non deb,  bejizga ta’rif bermagan. Hozirgi kunga kelib bu iborani suvga nisbatan ham bemalol ishlatsa bo‘ladi. Chunki nonni non bo‘lib yetilishida ham suvning o‘rni beqiyos. Aslida dunyo yaralgandan beri suv mavjud. Suvsiz biror narsani tasavvur etib bo‘lmasligi hammaga kundek ravshan.

– Suvning ulug‘ ne’mat ekanligini bobomdan ko‘p bora eshitganman. Bobom mirob bo‘lganlar. Toshkent viloyati Zangiota tumani Chirchiq daryosi qirg‘oqlari atrofidagi aholi asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Hovlimiz va dehqonchilik qiladigan yerlar xonobodliklar uchun mashhur Barotxo‘ja nomi bilan ataluvchi anhor orqali keladigan oqar suvdan sug‘orilardi. Anhordan oqib kelgan suv kichik ariqlarga bo‘linib xonadonlar tomorqalarigacha yetib borardi. Bobomni aytgan mana bu gaplari doim yodimda. Suvni ko‘zi ko‘r. Agar uni yo‘lini ochib yetaklasang qirlarga ham olib borsa bo‘ladi. Bobomning bu gaplarini yillar o‘tib tushundim. Suv bahosi yo‘q ne’mat. 

O‘sha yuqorida aytib o‘tilgan ariqlardagi oqar suvlar haqida yana bir xotira. Yoshligimizdagi ariqlardagi sharqirab oqadigan suvlar hali ham ko‘z oldimda. Onam tandirga non yopardilar. Tandirdan uzilgan qaynoq kulcha nonlarni talashib-tortishib oqar suvga tashlab yeyishga oshiqardik. Oiladagi keksalar suvga axlat, behuda iflos narsalarni tashlash, hatto tuflash ham katta gunoh bo‘lishini ko‘p aytishgan. Suvni qadri menimcha o‘sha paytlarda ancha baland ekan. Hozirdachi... Suvni qadriga yetish kerak degan tushunchalar bizga endi yetib kelgandek. Nazarimda hali ham buni shunchaki gap deb qarayotganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. 

Hozirda bozorlarda, maktablarda, ko‘cha yoqalarida, ayrim xonadonlarda yana qancha shu kabi manzillarda kranlardan tunu-kun oqib yotgan suvlarni kuzatish mumkin. Odamlar bunchalik bee’tibor, hafsalasiz bo‘lib ketganmi degan savollar tinchlik bermaydi. Xizmat safari bilan ko‘plab viloyatlarda bo‘lganman. Misol uchun Buxoroga birinchi bor bo‘lganimda ichimlik suvni sotib olishlarini ko‘rib hayron qolganman. Mashinalarda ichimlik suvi xonadonlarga yetib kelar va aholi uni faqat ichish uchun sotib olarkan. Samarqand, Qashqadaryo va Namanganda ko‘p bor bo‘ldim. Qishloq joylarda suvga bo‘lgan ehtiyoj juda katta. Menimcha ko‘plab viloyatlarda bu kabi holatni kuzatish mumkin. Ammo, Toshkentdek azim shaharda suv muammosiga duch kelinmasa kerak. Chunki tinimsiz oqib turgan, isrof bo‘layotgan suvlarni har qadamda uchratish mumkin. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q deb shunga aytilsa, kerak. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirda suvga bo‘lgan talab o‘tgan asrning oltmishinchi yillariga nisbatan ikki baravar ko‘paygan. Sababi aholi soni ortib, qishloq xo‘jaligi va sanoat yildan yilga rivojlanmoqda. 

Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimizdagi suv resurslarining yigirma foizi o‘zimizda, asosiysi esa, qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Kuzatuvlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, 2030 yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kubometrga yetishi taxmin qilinmoqda. Bu shunchaki oddiy gaplar emas. Buni ortida inson hayoti turibdi.

Inson hayoti. Shu gap aytilganda bir do‘stimdan eshitgan voqeani aytishni lozim topdim. Do‘stim xorijga katta mashina bilan yuk tashir edi. Ancha ilgari bo‘lgan bir voqeani aytib berdi. Bir tanishi Qozog‘iston cho‘llari orqali o‘sha paytda katta narxda baholangan GAZ-24 “Volga” mashinasini olib kelishda katta qiyinchilikka duch kelgan ekan. Yo‘lda noma’lum tomonga ketib qolgan, yegulik ham, ichishga suv ham tugagan. Quyosh nurlaridan panoh topolmay katta narxda baholanadigan mashinani bir qultum suv va bir tishlam nonga berib yuborishga tayyor bo‘lgan ekan. Tasavvur qiling, agar siz ham shu holga tushganingizda boshqa chorani qidirmagan bo‘lar edingiz, albatta. Ularning baxtiga bir yo‘lovchi mashina o‘tib qolib omon qolgan ekan. 

Suv bilan bog‘liq bunday voqealarni ko‘plab keltirish mumkin. Bunday holda Yaratgandan o‘zgasidan najot kutish mumkin ham emas. Shular haqida o‘ylab, nimaga suvga bee’tibor bo‘layotganimizga achinaman. Suv haqida uning isrofiga yo‘l qo‘ymaslik uchun targ‘ibot ishlari bizda deyarli yo‘q. Har bir tashviqot oiladan boshlanadi. Bu ayni haqiqat. Shuning uchun har bir oila boshi farzandlariga suvning isrofi nima oqibatlarga olib kelishini qayta-qayta uqtirib borishi lozim.

Nabiralarim maktabda tahsil oladi. Bir kuni ularni maktabga olib bordim. Kiraverishda krandan suv oqib, yo‘lakni ko‘lmak holga olib kelibdi. Asta borib suvni oqishdan to‘xtatdim va nabiralarimga ham bu kabi holatlarga e’tiborli bo‘lishni tayinladim. Shu kichkina tarbiya bolaga ta’sir qilganini ertasiga ko‘rdim. Yana maktabda o‘sha holat. Nabiram chopib bordi va suvni berkitdi. O‘zimcha bergan tarbiyamdan ko‘nglim ko‘tarildi.

Yana bir narsa. teleekranlar orqali berilayotgan reklamalarni kuzatdim. Ketma-ket, aylanayotgan reklama roliklarida suvni tejash haqida lavha yo‘q. Bordir lekin juda ham kam. Turli ichimliklar, yeguliklar, dori vositalari yana shu kabi kishi g‘ashiga tegadigan roliklar. 

Odatda yaxshi mahsulot reklamaga muhtoj emas deyishadi. Bu bor gap. Ammo shunday narsalar bor-ki, uni reklama qilish insonlar ongiga kuchli ta’sir etishi ham isbotlangan. Misol uchun bozor va savdo rastalari orqali ro‘zg‘orni butlash uchun yurgan xaridor bo‘lmaganda reklamadagi bir mahsulotni olishdan oldin o‘sha rolikni ko‘z oldiga keltirishi tabiiy hol. Yana bir misol spirtli va tamaki mahsulotlarida kishini o‘limga olib keluvchi suratlar va so‘zlardan foydalanilmoqda. Ijtimoiy roliklarda suvning foydasi, shu bilan birga uni isrof qilinishi katta fojialarga olib kelishini keng targ‘ib qilish lozim. Reklamada ijtimoiy yukni kuchaytirish kerak va boshqa roliklar kabi qayta-qayta ko‘rsatib borish kerak.

E’tiborsizlik oqibatida suvni qadri kun sayin tushib bormoqda. Uning qadri ko‘tarilarmikan, degan savolni har birimiz o‘zimizga berib turmog‘imiz shart. Dunyo olimlari, shoirlari, yozuvchilari suv tanqislanib borayotgani haqida asarlar yaratmoqda. Bu yaxshi, albatta. Ammo amaliy ishga o‘tilmas ekan suv qadrsizlanishda davom etaveradi. 

Shoir shunday misralar bitibdi:

Xo‘p, paxtamni beraman, suv bering, 

Xo‘p, shaxtamni beraman, suv bering, 

Suv ichmasam, tez o‘laman, suv bering! 

Endi bilsam, suv tekinmas ekan!

Suv bugun bizda tekin. Sababi, savdo shoxobchalariga kirsangiz arzimagan pulga olish mumkin. Yer osti suv zaxiralari kamayib borayotgani esa bor haqiqat. Gaz, elektr energiya yana ko‘plab mahsulotlarning narxi oshgudek bo‘lsa, dunyoga jar solishga tayyormiz. Ularsiz yashashning ham chorasi bordir. Ammo suvsiz yashashga imkon yo‘qligi oddiy haqiqatligini tushunishni istamaymiz. 

Yuqorida sahna ko‘rinishidan kichkina lavhani yodga olganimiz bejiz emas. Fikrlarimizni yana o‘sha kichik lavhani yodga olish bilan yakunlash niyatidamiz.

–Xo‘sh mulla Sunnatulla, ayting-chi, suv necha darajada parchalanadi?

–Suv, domlajon, lyuboy darajada parchalanadi. Misol uchun mana shu grafindagi suvni stakanga quyamiz va sepib yuboramiz. Parcha-parcha bo‘lib ketadi. 

Ushbu sahna ko‘rinishi sizning ko‘z oldingizga keldi. Stakandagi suvni domla sepishga yo‘l qo‘ymaydi. Kichkinagina epizod. Ammo olam ma’no yashiringan. Iste’moldagi suv kundan kunga parchalanib bormoqda. Uning yaxlit holda saqlanishiga, kelajak avlodga ham mo‘l holda yetkazishda bugun biz mas’ulmiz. Buni har birimiz tushunishimiz va birgalikda amaliy ishlarga qo‘l urishimiz lozim.

Asror Sulaymonov, O‘zA