Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, ona-tabiat va odamlar ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida to‘la namoyon qilib kelayotgan Navro‘z eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.
Mazkur qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan borliqni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik singari yuksak g‘oyalar bugungi kunda yanada teran mazmun kasb etib borayotganini alohida ta’kidlash lozim. Yurtimizda inson qadrini ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga oid keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos yuksak ma’naviy tayanchdir.
Ayniqsa, bugun, dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan hozirgi tahlikali davrda Navro‘zning buyuk insonparvarlik mohiyati, o‘lmas g‘oyalari, odamzotni tinchlik va do‘stlikni qadrlab, o‘zaro ahillik va hamjihatlikda yashashga, hayotni yanada go‘zal va obod qilishga undaydigan bunyodkorlik ruhi va falsafasi yer yuzidagi turli xalqlarning olijanob intilishlariga ham g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi.
Bvhor ayyomiga oid tantanalar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida bayram sayli bilan davom etdi.

Shodiyonada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Akademiya talabalari tomonidan “Yorim do‘qi-do‘qi”, “Kelin salom”, “Go‘zal Toshkent” kabi milliy qo‘shiqlar ijro etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda xalq o‘yinlari (kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish) o‘yinlari tashkil etildi. Bahoriy taomlar, kitoblar savdo-yarmarkasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasining Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirda bir guruh o‘qituvchi-xodimlarga tashakkurnomalar topshirildi.
Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shayxontohur tuman bo‘linmasi tomonidan yoshlarni vatanparvarlik, yurt kelajagiga daxldorlik ruhida voyaga yetishlari, Vatan farovonligi va osoyishtaligiga hissa qo‘shadigan avlod qilib tarbiyalashda alohida o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan bir guruh o‘qituvchi-xodimlar ham tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Milliy atlas va adras liboslari, turli millat xalq hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Akademiya talabalari tomonidan Navro‘z va milliy urf-odatlarga oid badiiy chiqishlar, yurtimiz turli viloyatlarining o‘ziga xos urf-odatlari aks etgan sahna ko‘rinishlari bayram tadbiriga yanada fayz ulashdi.
N.Usmonova,
O‘zA