Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z! (+video)
15:58 / 2025-03-21

Mana shu bosh g‘oya asosida Qashqadaryo viloyatida ham Navro‘z bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlandi.

Qarshi shahri markazidagi amfiteatr va Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i bayramona ko‘rinish oldi. Bog‘dagi milliy taomlar ko‘rgazmasi, baxshilarning dostonlar aytishuvlari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari bayramga tashrif buyuruvchi mehmonlarga xush kayfiyat ulashdi. 

– Bayram tadbiriga markazimiz a’zolari bilan birga tashrif buyurdik, – deydi Qarshi shahridagi tojik milliy madaniy markazi a’zosi Sug‘diyona Abdurasulova. – Bayram a’lo va taassurotlarga boy tarzda o‘tmoqda. Tashrif buyurgan barcha mehmonlar xursand. Turli millat vakillari ham tashrif buyurdi, shu qatorda biz ham o‘zimizning milliy kiyimlarimiz, qo‘shiqlarimiz va mazali taomlarimiz bilan ishtirok etib, mehmonlarga taqdim etdik. O‘ylaymizki, ularga juda manzur bo‘ldi. Navro‘zi olam barchaga muborak bo‘lsin. 

O‘ziga xos milliy hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi ham ko‘zlarni quvontirdi. Ko‘ngillarda havas, hayrat, g‘urur, iftixor uyg‘otdi. Ayniqsa, ming bir mazmunni ifoda etadigan urf-odatlarimiz har qanday kishini o‘ziga jalb qiladi. Sayilda o‘zbek kelinlarining bezagi bo‘lgan kelin salomning namoyishi bayram ishtirokchilariga go‘zal taassurotlarni hadya etdi. Bir so‘z bilan aytganda istirohat bog‘ida tashkil etilgan xalq sayli odamlarning ko‘ngil chigillarini yozish uchun katta imkoniyat bo‘ldi. 

[gallery-22365]

– Bu yilgi bahor fasli va Navro‘z bayrami men uchun quvonchli voqealarga boy bo‘ldi. Boisi 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Prezidentimizning shaxsan o‘zlari “Shuhrat” medalini ko‘ksimga taqib qo‘ydi, – deydi g‘uzorlik hunarmand Mahliyo Yo‘ldosheva. – Bugungi bayram sayliga ham o‘zimiz to‘qigan hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etyapmiz. Kelajakda ustoz-shogird an’anasini davom ettirgan holda ko‘plab ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlashni maqsad qilganman. Bayram hammaning xonadoniga qut-baraka keltirsin. 

Istirohat bog‘idan amfiteatrga ko‘chgan bayram dasturi davomida viloyat rahbari Murotjon Azimov ham ishtirok etib, voha ahlini bayram bilan qutladi va viloyat hayotida erishilgan natijalar hamda kelgusi rejalarga to‘xtalib o‘tdi. 

– Viloyatimiz bo‘yicha 612 mingta xonadonda 66 ming gektar tomorqa yerlari bor. Bundan tashqari, 25 ming gektar maydon dehqon xo‘jaliklariga ajratilgan. Bu – hali to‘la ishga solinmagan ulkan imkoniyat, katta boylikdir, – dedi viloyat hokimi M.Azimov. – Barchamizga ayonki, O‘zbekiston sharoitida ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, astoydil mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. Yurtimizda joriy yilning 11 martidan tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha “Dolzarb bir oylik” safarbarligi e’lon qilindi. Fursatdan foydalanib, aziz vohadoshlarimizga murojaat qilmoqchiman! Tomorqaning har bir qarich yeridan unumli foydalanaylik. Ekin ekib, bozorlarimiz to‘kinligiga hissa qo‘shaylik.  Xonadonimiz, ko‘chamiz, mahallamizda daraxt, gul ko‘chatlari ekib, Qashqadaryoda so‘lim bog‘lar, xiyobonlar, yashil hududlar tashkil qilaylik. O‘ylaymanki, fidoyi xalqimiz, dehqon, bog‘bonlarimiz, azamat yoshlarimiz bilan birgalikda bu vazifani amalga oshirishga qodirmiz.

Ta’kidlandiki, joriy yilda viloyatda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlar bandligi masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Viloyat aholisi uchun 8 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 65 foizga yetkaziladi.

Joriy yil davomida yoshlar ta’limi, tarbiyasi asosiy masalalardan biri bo‘lib qoladi. 3-6 yoshli bolalarni bog‘chaga qamrab olish 75 foizga yetkaziladi. Prezidentimiz tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobidan viloyatda 400 ta nodavlat bog‘cha yangidan tashkil etiladi.

Kelayotgan o‘quv yilidan Qarshi, Shahrisabz shaharlaridagi to‘liq, boshqa tumanlardagi 4 tadan maktablar Prezident maktabi baholash tizimiga o‘tkaziladi. Texnikumlarda o‘qiyotgan yoshlarning 50 foizi dual ta’limga qamrab olinadi. 

O‘tgan yili viloyat darajasidagi davolash muassasalarining tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tkazilgani ijobiy samara berdi. 2025 yilda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari ham to‘liq sug‘urta tizimiga o‘tadi.

– Muhtaram Prezidentimizning viloyatimiz ahliga bo‘lgan alohida e’tibori evaziga, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Qarshi tumani tibbiyot birlashmasi qaytadan qurilib, eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlanadi. Dehqonobod tibbiyot birlashmasi mukammal ta’mirlanadi, – dedi viloyat rahbari.

Xulosa o‘rnida bayramda o‘zligimiz ifodasi bo‘lgan  ezgu an’analar va urf odatlar, ularning qadr qimmati folklor jamoalarining chiqishlarida namoyon bo‘ldi. Navro‘z yil boshi, to‘kinchilik, baraka ayyomi nomiga munosib xalq o‘yinlari, qadim navolarning jarangi bilan dillarni zavq shavqqa to‘ldirdi. Taniqli san’atkorlarning chiqishlari bayramga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EkEyIddbBI4" title="Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari